Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Mart, 2026   |   11 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:08
Peshin
12:32
Asr
16:55
Shom
18:51
Xufton
20:04
Bismillah
31 Mart, 2026, 11 Shavvol, 1447

Soxta mujohidlar

06.08.2022   4338   7 min.
Soxta mujohidlar

“Albatta, haqiqiy mo'minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, so'ngra shubha qilmagan va Allohning yo'lida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana o'shalar, o'shalargina (iymonida) sodiqlardir” (Hujurot surasi, 15-oyat).

  Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la rosulillah, va ba'd. Olamlarning Robbi va maqtovlarning eng yaxshisi Unga xos bo'lgan Alloh subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin. Shafoatchimiz payg'ambarlar sayyidi Muhammad Mustafo solollohu a'layhi va sallamga salotu salomlar bo'lsin. Bizgacha ilmni omonat bilan etkazgan barcha ulamolardan Alloh rozi bo'lsin. Dunyoning bugungi holati hech kimga sir emas. O'zini haqiqiy musulmon deb qolganlarni adashganga chiqarayotgan fitnachi bemazhablar dunyoni buzib yuborishgani inkor etib bo'lmaydigan haqiqat sanaladi. Bunday adashgan toifalarga ergashganlarga e'tibor berilsa, ularning aksarining aqllari noqis, ilmdan uzoq va ko'r-ko'rona mutaassiblik qiluvchi odamlar ekanligi ko'rinadi.

Ba'zilari esa qandaydir obro' yoki mol-mulk orqasidan quvgan gumroh kimsalardir. Yana ba'zilari esa alamzada hayotda maqsadlariga erisholmagan odamlardir. Ular umuman ilm ham olishmaydi, olimni ham tinglashmaydi. Shunday ekstremistik oqimlar Allohning hukmi bilan hukm qilmagan musulmonlarni kufrda, johillikda va ko'pxudolikda ayblaydilar. Ularning fikricha islom er yuzidan bundan necha yuzlab yillar ilgari yo'q bo'lib ketgan va hozirgi qonunlar, konstitutsiyalar va hokimlar barchasi kufr hisoblanadi. Bularni to'g'rilash uchun esa barcha “adashgan” musulmonlarga qarshi jihod qilishimiz shart deb bilishadi. Haqiqat esa tamoman boshqachadir.

Alloh taolo jihodni aynan urushga bog'lab qo'ymagan va bu so'zning asli islom manfaatlari yo'lidagi urinishlarni ifoda etadi. Endi qachonki jihod farz bo'lib qolsa ham unda daraxtlar kesilmasligi, chorvalar o'ldirilmasligi va boshqa din vakillari o'z ibodatxonalarida qatl qilinmasligi kabi bir qancha shartlarni qo'yadiki bundan islomning faqatgina oliy manfaatlarni ko'zlagani tushuniladi. Uni Alloh insonlar uchun rahmat, adolat va o'zaro hurmat qilib joriy qilgan. Bundan boshqasi jihod emas zolimlik va nohaq urushlardan boshqa narsa emas. Endi bugungi kunga kelib bu razil maqsadli adashgan ekstremistlarning qilmishlari tufayli islomni dunyo bosqinchilik, zulm, nohaqlik va mutaassiblik sifatida ko'rmoqda. Ular esa “namoz o'qishni bilmaydimi demak kofir”, “konstitutsiyaga amal qiladimi demak kofir” hatto “soqoli yo'qmi demak adashgan” deb iddao qilishdan charchashmayaptilar. Bularning islomga keltirayotgan zararlarining chegarasi yo'q, afsuski. Bir hadis misolida ularning yo'llari naqadar xato va naqadar sunnatdan uzoqligini isbotlab beramiz insha Alloh.

Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o'zlarining mashhur saxixlarida Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan quyidagi saxix hadisni rivoyat qilganlar: “Bir kuni kechki payt bir kishi tuyada masjidga keldi va Muoz roziallohu anhuning orqalarida turib u kishiga ergashgan holda namoz o'qishni boshladi. O'shanda Muoz roziallohu anhu jamoat bilan namozda Baqara yoki Niso surasini o'qib turgandilar. Shunda haligi kishi jamoat namozidan chiqib yolg'iz o'zi namoz o'qib oldi va ketib qoldi. Unga bu ishini Muoz roziallohu anhu ma'qullamaganligini aytishganda u payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Muoz roziallohu anhuning namozni uzun o'qishlaridan shikoyat qildi. Shunda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz roziallohu anhuga uch bora: “Ey Muoz, fitna qilyapsanmi?” deb turib yana shunday dedilar: “Nega namozingda “Sabbihisma Robbikal A'la”, “Vashshamsi va duhaha”, “Vallayli iza yag'sha” kabi kichik suralarni o'qimading?” – dedilar. “Sening orqangdan qari odamlar, kam quvvatlar va ishi borlar namoz o'qishini unutma” – dedilar.”

Yuqoridagi nabaviy hadisdan ko'rinib turibdiki kimki islomni insonlar o'rtasida yoymoqchi, joriy qilmoqchi bo'lsa bu ishida ularning qiyinchiligiga sabab bo'ladigan ishlardan uzoq bo'lishi uqdirilmoqda. Bu ishning fitnaga, norozichilikka olib kelishi va xavfli ekani tushuntirilmoqda. Bunday ishni qiladigan hatto islomdagi eng yaxshi amal bo'lmish namoz o'qiyatganligiga qaramay uni fitnachi deb atamoqdalar. Aslida payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning namozni qanchalar yaxshi ko'rishlari va ko'p o'qiganliklari ma'lum va mashhur. Shunday bo'lsada jamoat namozlarini orqadagi ergashuvchilarning hollarini inobatga olib doim qisqa qilishga harakat qilganlar. Ushbu hadisda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kimki islom qonunlarini insonlarga singdirishni xoxlasa aslo ularga qo'pollik yoki qiyinchilik etkazmasligi lozimligi va agar shunday qiladigan bo'lsa bu ishi bilan u fitnaning yoyilishiga sabab bo'lishi va islomdan odamlarni nafratlantirib qo'yishi aytilmoqda.

Ekstremistik oqimlar hozirda butun dunyo musulmonlariga jihod farzi ayn bo'lgan deb hisoblab barcha musulmonlarni ularning nazdidagi kofirlarga qarshi jangga chorlamoqdalar va bu ishda qatnashmaganlarga hech qanday uzr yo'q deb hisoblamoqdalar. Bu bilan ular haqiqiy olimlarning jihodga bergan ta'rifiga teskari ish qilmoqdalar. Islom ulamolari jihodga Allohning yo'lida turli xil foydali maqsadlarda harakat qilish deb ta'rif berganlar va nafs jihodi, ilm bilan jihod qilish kabi ma'nolar berganlar. Shuningdek ba'zida holatdan kelib chiqib kuch ishlatish yo'li bilan ham jihod qilinadi deganlar. (Bunday holatni ulamolar kengashlari hal qiladi)

 Adashgan toifalarning jihod borasidagi katta adashuvlaridan biri ular jihodni islomning maqsadlaridan biri sifatida bilishidadir. Toxir ibn Ashur rohimahulloh o'zlarining “Maqasidush Shari'a” kitoblarida jihod islomning maqsadi bo'lmay balki asosiy maqsad uchun bir vosita deb aytganlar. Ya'ni ba'zida ekstremistik toifalar singari jihodni faqat urush deb bilib urush qilgandan teskari natija chiqadi va buni bugun hammamiz ko'rib turibmiz.

Bir ovozdan aytilgan gap shuki islomda jihodning asosi odamlarni to'g'ri yo'lga boshlashdir. Zalolatdan hidoyatga, johiliyatdan ilmga va qorong'ulikdan nurga olib chiqishdir. Bunga misol payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Haybar g'azotiga Ali roziallohu anhuni yubora turib shunday degan edilar: “Alloh sen tufayli bir kishini to'g'ri yo'lga hidoyat qilishi sen uchun eng qimmat tuyalardan ko'ra yaxshiroqdir.” Mana shu hadisdan ham ko'rinib turibdiki g'azotning asl maqsadi yo'lda uchraganlarni qirishmas balki odamlar hidoyatiga sabab bo'lish ekanligi. Haqiqiy din ularni Allohga, to'g'ri yo'lga chaqirishda ekanligi ma'lum bo'lmoqda.

Alloh barchamizni O'zining mustaqim yo'lida sobitqadam qilsin. Amin.

 

Haybatullo RAShIDOV - Sho'rchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qanday buyuk din!

30.03.2026   1861   3 min.
Qanday buyuk din!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ja’farning kimligini bilasizmi?! Unga Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sen menga yaratilish jihatidan ham, xulqing jihatidan ham o‘xshaysan», deganlar.

Bu baho uning uchun ikki tomondan buyuklikdir. U chiroyli, xushbichim inson edi. Ja’far Habashistonga hijrat qilgan muhojirlarga bosh bo‘lgan fasohatli va aqlli inson. Ja’far Najoshiyning huzurida Qurayshning dohiysi (aqlli kishisi) va elchisi bo‘lmish Amr ibn Osni mot qilgan!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edilar. Uning Habashistondan qaytishi Xaybarning fath qilinishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Nabiy alayhissalom: «Qay biriga xursand bo‘lay: Xaybarning fathigami yoki Ja’farning qaytishigami?!» degan edilar.

Ja’far buyuk va qo‘rqmas bahodir, Muta jangida Zayd ibn Horisa roziyallohu anhudan keyin musulmonlar qo‘shiniga qo‘mondon bo‘ldi. Unda uchta muhojirlik, sahobalik, shahidlik buyuklik jamlangan edi. Alloh taolo uning Muta jangida kesilgan ikki qo‘li o‘rniga jannatda parvoz qiladigan ikki qanot berdi!

Madinada esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam vahiy orqali kishilarga Muta jangi tafsilotilarini aytib, shahid bo‘lgan as'hoblariga bir-bir marsiya o‘qiyotgan edilar. Nihoyat, Nabyimiz sollallohu alayhi vasallam Allohning yalang‘ochlangan qilichi tug‘ilgani, musulmonlarni bu qiyin vaziyatdan osonlik bilan sug‘urib olgani xabarini berdilar. Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning harbiy taktikasi bugungi kungacha harbiy fakultetlarda dars sifatida o‘rgatiladi!

O‘sha kuni insonlar suyukli insonlarini yo‘qotganlari uchun yig‘lashdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar. Ularning boshiga mashg‘ul qiladigan narsa keldi», dedilar.

Qanday buyuk payg‘ambar!

Qanday buyuk din!

«Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar».

Bu dunyo yo‘qotadigan dunyodir. Bugun kim bilandir vidolashsak, ertaga biz bilan vidolashishadi. Bugun birovlarning tobutini ko‘tarsak, ertaga bizning tobutimizni ko‘tarishadi.

Ammo bu din qiyinchilikda ham, kengchilikda ham rahmat dinidir.

Bu din yelkadosh bo‘ladigan, hamdard bo‘ladigan dindir. Insonlar yaqinlarini yo‘qotganida boshqalar ularning yonida turishi, bir-birlariga rahm qilishi jarohatlariga malham bo‘ladi!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam mayyitning oilasiga taom qilib berishni bizga ta’lim beryaptilar. Chunki ularning boshiga tushgan musibat taom pishirish kabi eng zarur ishlardan ham chalg‘itib qo‘ydi.

Hayot qarz oldi-berdilaridan iborat! Kimlardir bizning boshimizga musibat tushganida taom qilib berishadi. Biz ham ularning boshiga musibat tushganida taom yetkazamiz. Aslida, ish oshqozonga ovqat tushirishdan oliyroqdir. Bu yaralangan qalbning yelkasini silashdir. Bu mahzun ko‘ngilning boshini silashdir!

Musibatzadalarning og‘irini yengil qiladigan barcha ishlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Ja’farning oilasiga taom qilib beringlar», degan so‘zlari ostiga kiradi!

Aza ahlining gohida marosim o‘tkazish uchun uyi torlik qilib qoladi. Qani endi ularga keng uyingizni bo‘shatib bersangiz!

Aza ahlining gohida ta’ziya marosimini o‘tkazish uchun mablag‘i bo‘lmay qoladi. Qani endi ularning yonida pulingiz bilan tura olsangiz!

Gohida azadorlar qarzdor bo‘ladi yoki dafn tufayli xarajatlari ko‘payib qoladi. Qani endi ularning yonida turib, tirikka ham, o‘likka ham yordam bersangiz!

 «Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar