Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir Nabiyning hamrohi bor, mening jannatdagi hamrohim Usmondir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
Nubuvvat so'ng mushriklarning musulmonlarga zulmi ortib bordi. Hazrati Usmon o'n to'rt kishilik guruh bilan Habashistonga hijrat qildi. O'n uch kishining qo'lida hassasidan bo'lak hech narsasi yo'q edi. Ularning barcha xarajatlarini ko'tardi.
Muhojirlar Madinaga ko'chib o'tganlaridan keyin aholining suvga ehtiyoji kuchaydi. O'sha vaqtda eng katta quduqlardan biri Rumo bo'lib, u bir yahudiyga tegishli edi. Yahudiy quduqning qatra suvini ham sotardi. Suv tanqisligidan foydalanib narxini qimmatlatdi.
Buni ko'rib Rasululloh alayhissalom: “Bu quduqni sotib olib, xalq bilan birga foydalangan kishiga jannatda xayrliroq mukofot bor”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati). Usmon roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, men sotib olaman”, dedi.
* * *
Tabuk g'azotida musulmonlar qo'shinini to'liq jihozlantirgan inson Usmon roziyallohu anhudir. Ibn Ishoq: “Usmon roziyallohu anhu Tabuk jangchilariga shunchalik ko'p pul sarfladiki, hech bir kishi u zotchalik sarflagan emas”, degan. Usmon roziyallohu anhu ming dinor, 950 ta tuya va 50 ta ot hadya qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Usmon bu ishi bilan aslo zarar qilgani yo'q”, deganlar. Keyin: “Kim nochor askarni qurollantirsa, unga jannat nasib bo'ladi”, deb bashorat qilganlar.
* * *
Abu Bakr roziyallohu anhu davrida qurg'oqchilikdan odamlar qattiq iztirobga tushdi. Shu vaqtda Madinaga etib kelgan hazrati Usmon karvoni ko'pchilikning erkin nafas olishiga sabab bo'ldi. Hazrati Usmon imkoniyatdan foydalanib mollarini yuqori bahoda sotishni xayoliga ham keltirmasdi. Madina savdogarlari yuklarni katta foyda evaziga ko'tarasiga sotib olish uchun bir necha bor kelishdi. U zot har gal: “Sizdan ko'proq foyda beruvchi Zot bor”, degan javobni berdi. Oxiri savdogarlar xalifa Abu Bakr roziyallohu anhuga shikoyat qilishdi. Halifa: “Ey Usmon, bulardan ham ko'proq foyda taklif etgan zot kimligini men ham bilmoqchiman?” deb so'radi. Usmon roziyallohu anhu: “Ey Halifa, o'sha yuksak zot – Allohdir. Allohning bir yaxshilik evaziga o'n barobar foyda berish va'dasi bor. Odamlar ham guvoh bo'lsin, karvonni Alloh rizosi uchun sadaqa qildim. Uni xohlaganingizdek tarqatishingiz mumkin”, dedi. Bunday voqealar hazrati Usmon hayotida ko'p bo'lgan.
Hijratning 26-yili Makka aholisi Eson dengiz portini yangidan Jidda yaqinidagi sohilga ko'chirish to'g'risida maslahatlashishdi. Chunki shunday qilsa, port Makkaga yaqinroq joylashardi. Hazrati Usmon sahobai kiromlar bilan birga Jidda sohiliga bordi. U erni sinchiklab o'rganib, port quriladigan joyni ko'rsatib berdi va: “Bu er muborak sohil bo'lsin”, deb duo qildi. O'sha davrda barpo etishga asos solingan Jidda porti hanuzgacha Makkai mukarramaga xizmat qilmoqda.
Yana o'sha yili Ka'ba atrofidagi hovlilarni sotib olib Baytullohga qo'shdi. Katta koshonali xonalarni barpo ettirdi. Allohning Baytul Haramini birinchi bo'lib kengaytirgan shaxsga aylandi. Shuningdek, johiliyatda teridan qilingan Ka'bapo'shni oldirib, o'rniga Misr ipak paxtasidan to'qilgan oq mato yoptirdi.
Hijratning 24-yilida Madina aholisi Usmon roziyallohu anhu bilan Masjidi Nabaviyni kengaytirish xususida maslahat qildilar. Hammalari eski masjidni buzib, o'rniga keng va kattaroq masjid bino qilishga ittifoq etishdi. So'ng hazrati Usmon peshin namozini xalq bilan o'qidi. Namoz tugagach xutba qildi, so'ng: «Ey xaloyiq! Men ushbu masjidni buzib, o'rniga yangi, keng, katta masjid qurmoqchiman. Guvohlik berib aytamanki, Rasululloh alayhissalomning: «Kimki bir masjidni bino qilsa, unga jannatda bir uy bino qilinadi», deganlarini juda ko'p bor o'z qulog'im bilan eshitganman. Mendan avvalroq o'tgan Umar ibn Hattob ham masjidni kengaytirdi. Bu ishim bilan men o'shalarga ergashgan bo'laman», dedi. Qurilish hijriy 29 yilning Rabiul avval oyida boshlanib, bir yilga bormay nihoyasiga etkazildi.
Alloh barchalaridan rozi bo'lsin.
“Hadichai Kubro” ayol-qizlar o'rta
maxsus islom ta'lim muassasasi
o'quvchisi Sarviniso
ShAMSUDDINOVA tayyorladi.
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.