Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Fevral, 2026   |   26 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:20
Peshin
12:42
Asr
16:13
Shom
17:59
Xufton
19:12
Bismillah
14 Fevral, 2026, 26 Sha`bon, 1447

Qadri ulug' oyning fazilatlari ham bebaho

05.07.2022   3375   13 min.
Qadri ulug' oyning fazilatlari ham bebaho

Zulhijja oyi - Alloh taolo urush, qon to'kishni harom qilgan to'rt oyning biri, hijriy-qamariy taqvimning oxirgi oyi.

Zulhijja oyi - Haj ibodati ado etiladigan, qurbonlik qilinadigan, Arafa va Qurbon hayiti nishonlanadigan oy. Bu oyda, ayniqsa uning dastlabki o'n kunida qilingan ibodatlar Alloh taolo uchun eng sevimli amallardan sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh dargohida Zulhijjaning o'n kunidan afzal kun yo'q”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Ho'sh, bu oyning yana qanday fazilatlari bor? Hayit kuni qurbonlik so'yish kimlar uchun vojib? Arafa kunining ro'zasi haqida nimalarni bilishimiz lozim?

Mana shu savollar bilan Namangan shahar bosh imom-xatibi Musoxon ABBASIDDINOVga yuzlandik.

- Muhtaram domla, suhbatimiz avvalida Zulhijja oyining fazilatlari haqida batafsil so'zlab bersangiz?

- Bismillahir rohmanir rohiym. Zulhijja oyi hijriy-qamariy sananing oxirgi, o'n ikkinchi oyi hisoblanadi. Dinimizda 4 oy harom qilingan. Bular - Muharram, Rajab, Zulqa'da va Zulhijja oylaridir. Mo'min-musulmonlar ushbu oylarni qadrlashi, e'zozlashi va albatta, ularning haqqini halollashi kerak. Ya'ni, bu oylarda imkon qadar nafl ibodatlarni ko'paytirish orqali Allohga qurbat hosil qilishlik bilan bo'ladi. Hususan, Zulhijja oyining avvalgi o'n kuni – Ashri Zulhijja deyiladi, ushbu 10 kunda qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulug'.

Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Ogoh bo'lingiz, kunlaringizning eng hurmatlisi ushbu kuningizdir. Yana ogoh bo'lingizki, oylaringizning eng hurmatlisi ushbu oyingizdir. Yana ogoh bo'ling, yurtlaringizning eng hurmatlisi ushbu yurtingizdir”.

Ushbu hadisi sharifdan Zulhijja hurmatli oylarning eng hurmatlisi ekani ma'lum bo'ladi. Qolaversa, Alloh taolo ushbu oyning o'n kechasi bilan qasam ichgan. Alloh taoloning biror narsa bilan qasam ichishi ushbu narsaning ulug'ligiga dalolat qiladi.

Parvardigori olam “Fajr” surasida marhamat qiladi: “Va o'n kecha bilan qasam” (2-oyat). Ko'plab mufassirlarning fikriga ko'ra, oyatdagi o'n kechadan murod Zulhijja oyining dastlabki o'n kechasidir. Ushbu o'n kunlikda butun dunyo ahli ushbu kunlarning yaxshiligiga musharraf bo'ladi. Haj qiluvchilar esa ham ushbu kunlarning, ham Baytullohning xayriga musharraf bo'ladi.

Ushbu o'n kunlik Alloh taologa tasbeh, hamd va takbir aytishni ko'paytirish ila xoslangan. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh uchun ushbu o'n kunlikda qilinadigan solih amallardan ko'ra sevimliroq amal yo'qdir. Bas, u kunlarda tahlil, takbir va hamd aytishni ko'paytiringlar”, deb marhamat qilganlar.

Ushbu oyda Arafa kuni bordir. Ushbu kun Allohning rahmati ko'p nozil bo'ladigan, bandalarning ko'plab gunohlari kechiriladigan va duolari qabul bo'ladigan kundir. Arafa kuni tutilgan ro'za ikki yillik gunohlarning mag'firat qilinishiga sabab bo'ladi. Bu oyda tutilgan ro'za ulug' ajrlarga musharraf etadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

- Bu o'n kunlikda Qurbon hayiti va qurbonlik qilishdek ulug' amal ham bor. Hayit kuni qurbonlik so'yish kimlar uchun vojib? Qurbonlikka oid hukmlar qanday?

- Darhaqiqat. Ushbu muborak oyda qilinadigan amali solihlarning eng afzali – Zulhijja oyining o'ninchi kuni Hayit namozi o'qilganidan so'ng, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, ya'ni 3 kun ichida, musulmon, oqil, balog'at yoshiga etgan, muqim va zakot berishga qodir bo'lgan kishilarga bir jonlik so'yish vojib hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu kunda eng birinchi qiladigan ishimiz qurbonlik so'yishdir», deydilar. Qur'oni karimning eng kichik «Kavsar» surasida: «Biz sizga, ey Rasululloh, Kavsarni ato etdik. Shunday ekan, Robbingizga namoz o'qing va qurbonlik qiling», deyiladi. Mufassirlar ushbu oyatlar tafsirida, namozdan murod – Qurbon hayiti namozi, qurbonlikdan murod qurbonlik so'yish ekanini aytishadi. Bundan ko'rinadiki, qurbonlik qilishlik musulmon, oqil, solih, muqim va zakot berishga qurbi etgan insonga vojib bo'ladi.

Qurbonlik qilishning tarixi ko'pchilikka yaxshi ma'lum. Shunday bo'lsa-da, yana bir karra e'tirof etib o'tishimiz o'rinli bo'lsa kerak.

Ma'lumki, Ibrohim alayhissalom payg'ambarlarning otalari sanaladi. Chunki Ibrohim alayhissalomdan qolgan payg'ambarlar tarqalgan. Sora onamizdan tug'ilgan farzandlari Ishoq alayhissalomdan ming-minglab payg'ambarlar, Hojar onamizdan tug'ilgan katta o'g'illari Ismoil alayhissalomdan payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom dunyoga kelganlar.

Ibrohim alayhissalom yolg'on arafa kuni, ya'ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuni bir tush ko'radi. Unda katta o'g'li Ismoil alyhissalomni bo'g'izlab qurbonlik keltirayotgan bo'ladi. Shunda Ibrohim alayhissalom bu tushni shaytoniy bo'lsa kerak deb, e'tibor qilmaydi. Lekin uch marta ko'rganidan keyin bu Alloh tomonidan buyruq ekani aniq bo'ladi va o'g'lining oldiga borib: «Ey o'g'lim, sizni tushimda qurbonlik qilayotgan ekanman», deydi. Shunda o'g'li: «Ey otajon, siz Allohning aytganini qiling, meni sabr qilguvchilardan topasiz, inshaalloh», deya javob qaytaradi.

Shu bilan Ibrohim alayhissalom o'g'lini etaklab Mino vodiysida ketayotganlarida, Ismoil alayhissalomning ortidan uch marta shayton chiqib: «Otang seni so'yishga olib ketyapti», deb vasvasa qiladi. Lekin Ismoil alayhissalom uning shayton ekanini bilib, tosh otadi. Haj ibodatini ado etishda Mino vodiysida tosh otish shundan qolgan.

Ibrohim alayhissalom o'g'lini qurbonlik qilishlikka yotqizganida o'g'li: «Ey otajon,  meni bo'g'izlayotgan paytingizda yuzimni erga qaratib qurbonlik qiling. Men sizga yomon nazar bilan qarab qo'ymayin», deydi. Shu bois, qurbonlik qilishda qurbonlik hayvonining qulog'ini bir qo'l bilan ushlab, uning ko'zi to'silib, so'ngra so'yish qurbonlik qilish odobi hisoblanadi.

Ibrohim alayhissalom tig'ni tortgan vaqtlarida mo''jiza yuz berib, tig' Ismoil alayhissalom bo'yinlarni kesmaydi. Shunda Alloh tomonidan: «Ey Ibrohim, sizning tushingiz vojib bo'ldi, siz va o'g'lingiz imtihondan o'tdingiz, sizga jannatdan bir qo'y ato etdik, o'shani qurbonlik qilasiz», degan nido kelgan va shu paytgacha shunday bo'lib qolgan.

Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Banda Allohni qancha ulug'lasa, shuncha oz. Birgina hidoyatga boshlab qo'ygani uchun qancha takbir aytsa, oz. Qurbonlik qilish ham, Allohning yo'lida har qanday qurbonlik berishga tayyor ekanini ko'rsatish ham o'sha hidoyat uchun Alloh taoloni ulug'lashdir.

Demak, Alloh taolo tuya, qo'y, echkilarni so'yishni dinning shiorlaridan qildi. Bu amallarni bajarishda Alloh taoloning azamati va dinining ulug'ligi zohir bo'ladi.Undan tashqari, bu jonivorlarni so'yishda biz uchun boshqa foydalar ham bor. Dunyoviy foyda masalan, eyish, ichish bo'lsa, uxroviy foyda esa savobdir. Qurbonlikdagi ixlos, xossatan Alloh taolo uchun va undan savob olish maqsadi bilan qilishdir.

- Qanday hayvonlardan qurbonlik qilinadi?

- Qo'y, echki, qora mol, qo'tos va tuya kabi hayvonlardan qurbonlik qilinadi. Bizning Hanafiy mazhabimizda qo'y bir kishi uchun, qora mol va tuya bir nafardan etti nafargacha kishining nomidan so'yilsa ham bo'ladi.

Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning yoshlari ham kitoblarimizda bayon qilingan. Qo'y – 1 yoshli, qora mol – 2 yoshli va tuya – 3 yoshli bo'lishi kerak. Echki-qo'ylarni bir kishi, qoramol va tuyani bir necha kishi qo'shilib, qurbonlik qilishi mumkin.

Qurbonlikda niyat muhim. Alohida uqtirish kerakki, qurbonlik qilayotganlar qurbonlik niyatini qilishi kerak. Masalan, deylik, 5-6 kishi qoramol qurbonlik qilishga niyat qildi, ammo ularning biri: «O'zi uyga go'sht olishim kerak edi, arzonga tushadi», deb oddiy go'shtli bo'lish niyatini qildi. Bu holda boshqalarning qurbonligi ham qabul bo'lmaydi, soqit bo'lmaydi.

Yuqorida aytib o'tilgan jonliqlarning eng chiroylisi va sog'lomi qurbonlik qilinadi. Insonga doimo mana shunday chiroyli va sifatli narsalar yoqadi. Endi Alloh uchun, ibodat uchun ham, albatta har tomonlama mukammalining harakatini qilish kerak. Buning sababi nimada? Buning sababi – xolislik va uning go'shti taqdim qilinadigan miskin va kambag'al insonlarning ko'nglini to'ldirish. Oladigan odam ham shu go'shtning tozaligiga va sifatligiga ishonadi va ko'ngli xotirjam bo'ladi.

Husayn ibn Alidan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir kishi qurbonlik qilayotganidan dili xursand bo'lsa va shu qurbonligidan savobni niyat qilsa, ushbu qurbonligi o'z sohibi uchun do'zaxdan parda bo'ladi”, dedilar (Tabaroniy Kabir). 

Shuningdek, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kuni odamning hech bir amali Alloh taoloning nazdida qurbonligidan ziyoda savobli bo'lolmaydi. Qurbonlikka so'yilgan jonivor qiyomat kuni o'z shoxlari, go'shtlari va tuklari bilan qo'shilib keladi va u narsalarning barchasi evaziga sohibiga savob etadi. Qurbonlik qoni erga tushmasdan oldin o'sha banda Alloh taoloning huzurida xos bir darajaga ko'tariladi. Qurbonlik vaqtida qalbingiz xursand holda qilinglar, ko'p xarajat qilganingiz uchun qalbingiz og'rimasin”, dedilar (Ibni Moja, Termiziy rivoyati).

- Demak, mo'min inson bu ulug' kunlar va kechalarni g'animat bilib, toat-ibodat, solih amallar va savobli ishlarni hamda duo, istig'for va zikrlarni ko'paytirishi, shukronalik bilan yashashi lozim. Shunday emasmi?

- Albatta. Imom Buxoriy va Imom Muslimdan keltirilgan hadisi-sharifda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Allohning nazdida Zulhijjaning avvalgi 10 kunida qilingan solih amallarga beriladigan savobli amallarni topmadim”, dedilar. Biz: «Yo Rasululloh, Alloh yo'lida jihod qiluvchi hammi?”, dedik. “Ha, magar u moli va joni bilan chiqsa-yu, undan hech narsasi qaytmasa, mustasno”, degan ekanlar.

Shu o'rinda aytib o'tishni istardimki, kuni kecha Qoraqalpog'iston respublikasida bo'lib o'tgan noxushliklar barchamizni xavotirga soldi. Ayrim fuqarolarning yot g'oya va kuchlar ta'siriga tushib, el tinchligiga rahna solishi nafaqat qoraqalpoq, balki butun xalqimizni tashvishlantirdi. Shukrki, qisqa vaqt ichida vaziyat barqarorlashdi.

Mening ishonchim komilki, dini, maqsadi, orzu-o'ylari bir bo'lgan qoraqalpoq va o'zbek eli biron-bir maqsadga ur-sur qilish, qon to'kish bilan erishishni istamaydi. Bu ellar doim tinchlik istaydi. Bu taloto'plardan kimlardir manfaatdor bo'lgani kundek ravshan bo'ldi. Hukumatimiz tomonidan fuqarolar va xalq tinchligi va xavfsizligini ta'minlash maqsadida zarur choralar ko'rilmoqda.

Mana shunday ulug' kunlarda bu kabi ko'ngilsizliklar yuz bermasligi kerak, aksincha, barchamiz hamjihatlikda, ahillikda va birdamlikda qutlug' ayyomlarni birgalikda nishonlashimiz lozim. Bugungi osuda, tinch va farovon kunlarga shukronalar keltirsak, o'zimizni ezgu ishlarga chog'lasak, Yaratgan barcha pok niyat-maqsadlarimizga etkazadi, inshaalloh.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga yaqinlashib kelayotgan Qurbon Hayiti muborak bo'lsin. Alloh taolo mana shunday kunlarda savoblarni ko'proq qilib, nomayu amallarimizni savoblarga to'ldirishda O'zi himmat bersin. Yurtimiz tinchligi bardavom bo'lsin, xonadonlarimizga fayzu baraka ato etsin!

Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning borligiga aqliy dalillar - 6 qism

13.02.2026   4067   4 min.
Allohning borligiga aqliy dalillar - 6 qism

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Allohning qudrati erkin ekanligi insonning dunyoga kelishidan boshqa holatlarda ham namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri inson erkak va ayoldan paydo bo‘ladi. Lekin Alloh erkak va ayolsiz ham insonni yarata oladi. Masalan: Odam alayhissalomni yo‘qdan bor qilgan.

Shuningdek, Alloh taolo faqat erkakning o‘zidan ham inson yarata oladi. Bunga misol: Havo onamiz. Qolaversa, faqat ayolning o‘zidan ham yarata oladi. Iso alayhissalomni faqatgina Maryam onamizdan yaratgan. Bunday noodatiy holatlar esa ilohiy qudratning erkinligini isbotlash uchun faqatgina bir martadan yuz bergan, boshqa takrorlanmaydi. Chunki biz bu holatlardan o‘zimizga yetarli xulosa chiqardik va Allohning qudrati cheksiz ekanini bildik.

Allohning qudrati cheklanmagan. Sababiyat olamidagi sabablarni ham Alloh yaratadi. Ilohiy qudrat esa sabablardan ham ustundir. Endi ilohiy qudratning erkin ekaniga boshqa misollar keltirsak.

Har birimiz ko‘zimiz bilan ko‘rgan yomg‘irga nazar solaylik. Yomg‘ir yog‘ishi uchun o‘ziga yarasha muhit shakllanishi kerak. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘sa, boshqa joylarda yog‘maydi. Dunyo olimlari Allohning yordami ila yomg‘ir yog‘adigan va yog‘maydigan hududlarning xaritalarini ham tuzib chiqishgan.

Lekin Alloh xohlagani bo‘ladi. Ba’zan yomg‘ir yog‘ishi belgilangan joylarga umuman yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Qurg‘oqchilik bo‘lib, odamlar hatto ocharchilikdan vafot etishi ham mumkin.

Shuningdek, qurg‘oqchil yerlarda yog‘ingarchiliklar serob bo‘lishi hech gap emas. Amerika va Yevropa qit’alarida shunday holatlar kuzatiladiki, yog‘ingarchilik hududi sanalsa-da, yillab osmondan hech narsa yog‘masligi mumkin.

Demak, bu holatlarda ham Alloh O‘zining qudrati erkin ekanligini ko‘rsatmoqda. Ha, shak-shubhasiz Alloh taolo xohlagan ish bo‘ladi. Sabablar dunyosida yashasak ham asl sababchi bu Allohning irodasidir.

Ekin-tekinlarga ham bir nazar solaylik. Dehqon unga kerakli barcha o‘g‘itlarni beradi, sharoitlarni yaratadi. Vaqtida suv beradi, ob-havoning hisobini oladi. Biroq ba’zida shunday holatlarda ham ekilgan ekin ko‘zlangan hosilni bermaydi. Ba’zida butkul nobud bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo quyidagicha marhamat qilgan:

﴿وَأُحِيطَ بِثَمَرِهِ فَأَصْبَحَ يُقَلِّبُ كَفَّيْهِ عَلَى مَا أَنْفَقَ فِيهَا وَهِيَ خَاوِيَةٌ عَلَى عُرُوشِهَا وَيَقُولُ يَا لَيْتَنِي لَمْ أُشْرِكْ بِرَبِّي أَحَدًا﴾

(Darhaqiqat), uning mevasi (bog‘i) ihota (halok) qilindi. O‘zi esa huvillab qolgan ishkomlarni (ko‘rib) va ularga sarflangan narsalarni (o‘ylab), chapak chalganicha (pushaymon bo‘lib): «Qani edi, men ham Robbimga hech kimni sherik qilmaganimda!» deb qoladi” (Kahf surasi, 42-oyat).

Ilm-fan qancha rivojlanmasin yer yuzida doimo tabiiy ofatlar yuz berib turadi. Demak, yer parvarish tufayli emas, aksincha Allohning qudrati ila hosil berar ekan. Alloh bizni faqat sabablarga bog‘lanib qolmasligimiz uchun ba’zida haqiqiy sababchi O‘zi ekanini ko‘rsatib turadi.

Alloh taoloning qudrati erkin ekanligini jonzotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yer yuzida insondan bir necha barobar kuchli jonzotlar ko‘p. Biroq ba’zida shunday jonzotlarni yosh bola ham boshqara oladi. Chunki Alloh o‘sha jonzotni insonga bo‘ysundirib qo‘ygan. Tuyani olib ko‘ring. Birgina tepkisi yosh bolani o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin. Lekin tuya unday qilmaydi.

Itlar ham o‘z egalarini himoya qiladi, dushmanlardan qo‘riqlaydi. Biroq xuddi shu itga o‘xshash bo‘rilar esa odamlarga hujum qiladi. Agar hayvonlarni boshqarish insonning qo‘lida bo‘lganida bo‘rilarni ham qo‘lga o‘rgatib olar edi. Hatto kichkina zaharli ilon insondan ancha kuchsiz bo‘lsa ham bir chaqishda uni o‘ldirishi mumkin.

Demak, bu yerda hamma narsani boshqaruvchi kuch bu Allohning irodasi ekan. Jonzotlarni hajmiga, kuchiga qarab bu yomon, u yaxshi deb bo‘lmas ekan. Mittigina jonzot ham insonni o‘ldira olishi mumkin ekan.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar