Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2026   |   10 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:05
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:22
Bismillah
24 Iyul, 2026, 10 Safar, 1448

Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida

01.07.2022   1384   2 min.
Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Halqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo'lgan muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo'lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an'ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ'ib etish, ushbu ulug' bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:

1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul' – shanba kuniga to'g'ri kelishi to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2022 yil 9 iyul' kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risida”gi PF–35-son Farmoni bilan 2022 yil 11-12 iyul' kunlari dam olish kunlari  sifatida belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo'yicha qo'mita, Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy an'analariga mos ravishda o'tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

3. Turizm va madaniy meros vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo''tabar yodgorlik va qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

4. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

 

O'zbekiston Respublikasi 

         Prezidenti                                                                                                     Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 1 iyul'

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Misr matbuotida Samarqandning turizm va ma’naviy imkoniyatlari keng yoritilmoqda

22.07.2026   11652   2 min.
Misr matbuotida Samarqandning turizm va ma’naviy imkoniyatlari keng yoritilmoqda

Misrning “See News” va “Al-Ahram” nashrlarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birodar shaharlar xalqaro forumi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

“See News” portali ma’lum qilishicha, joriy yilning 24–25 iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan Birodar shaharlar xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum davomida shaharlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, panel sessiyalari va davra suhbatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari, xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlik taqdimotlari, xorijiy delegatsiyalar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar, investitsiya, turizm va madaniyat sohalariga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.

“Al-Ahram” gazetasi muxbiri Muhammad Abdulsalom Sabrin Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida reportaj tayyorladi. Jurnalistning yozishicha, u ushbu muhtasham majmuani “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida borib ko‘rgan.

Maqolada Imom Buxoriy majmuasi qariyb 450 ming kvadrat metr maydonni egallagan yaxlit ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy markaz sifatida tasvirlangan. Unda to‘rtta 75 metrli minoraga ega masjid, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan noyob qo‘lyozmalar hamda xaritalar jamlangan to‘qqiz pavilondan iborat interaktiv muzey mavjud.

Muallifning qayd etishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan qariyb 65 ming nafar ziyoratchigacha oshgan. U ushbu majmuani nafaqat betakror me’moriy yodgorlik, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ma’naviy maskan sifatida ta’riflagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari