Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimiz ta’limotida umummanfaatiga xizmat qiladigan ishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Islom tarixida qurg‘oqchilik kuzatilgan paytlarda istisqo namozi o‘qilgani va uning samarasi ko‘rilgani keltirilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘may, suvsizlik bo‘lgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin o‘zlari imom bo‘lib namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomg‘ir so‘raladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan.
Joriy yilda kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani, kelgusi kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani, yomg‘ir esa rizqu ro‘z, mo‘l-ko‘lchilik omili ekani e’tiboridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan 2025 yil 28 noyabr kuni juma namozidan keyin yurtimizdagi barcha masjidlarda Alloh taolodan tavba-tazarru, istig‘for ila yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi.
Shuningdek, viloyatlar, tuman-shaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar, boquvchisini yo‘qotgan keksalarga tarqatiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” asari shu yil 28 noyabr kuni juma namoziga qadar xatmi kutub qilinadi. Zero, Imom Buxoriyning “Sahih”lari qurg‘oqchilikda o‘qilganda, Alloh taoloning irodasi ila yomg‘ir yoqqani tarix kitoblarida yozilgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvarada umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalarimiz Harami shariflarda o‘z guruhlari ishtirokida istisqo namozini o‘qishlari tavsiya etiladi.
Alloh taolo qilinajak toat-ibodatlar, duoyu tazarrularni dargohi ilohiysida qabul aylab, diyorimizda obihayot ne’matini mo‘l-ko‘l etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati