Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2025   |   26 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:06
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2025, 26 Jumadul avval, 1447

Internetga asir tushmang!

01.07.2022   1216   3 min.
Internetga asir tushmang!

Musulmon odam har doim shariatga muvofiq ish ko'radi, hayot kechiradi. Agar o'zi ­(nafsi) istaganidek yashash tarziga o'tadigan bo'lsa, albatta, muvozanat buziladi, ruhi bo'g'iladi, mo'minligiga putur etadi.

Tahorat buzilganidek, axloq ham buziladi. Tahoratni buzadigan amallar bo'lganidek, xulqni buzuvchi illatlar ham bor. Bugun ularning koni internet atalmish ko'rinmas, ammo imkoni juda keng bo'lgan olamdir. Alloh saqlasin, loqayd bo'lsak, undan tarqalayotgan illatlar na­faqat o'zimiz, ahlimiz, balki farzandlarimizga ham zarar berishi mumkin.

Musulmon kishi birodarining joni va moli qatorida, uning sirini ham himoya qiladi. Bugun internet tarmoqlariga “mish-mish”larsiz kirish to'yga to'yonasiz borishday gap bo'lib bormoqda. Birovning sirini fosh qilish go'yo qahramonlikday, birga o'n qo'shib olib chiqishlar urf bo'l­moqda. Bular musulmon uchun o'ta xatarlidir. Biz tilimizni, ko'zimizni, farjimizni, oyog'imizni, qo'llarimizni asrashga mas'ulmiz. Axir Alloh taolo qiyomat kuni a'zolarimizni gapirtiradi. Ular bizga qarshi guvohlik beradi...

«Bugun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'ygaymiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur» (Yosin surasi, 65-oyat).

Shirk va kufrda bo'lgan bandalar qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto'g'ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan. Qo'shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo'lgani haqida guvohlik berishsa ham, tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og'izlarini muhrlab qo'yishga buyurgach, qolgan a'zolari uning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.

Shunday ekan, kishi tahorati singanda qayta olgani, Ramazonda eb-ichishdan tiyilgani, doimo gunoh ishlardan uzoq turgani kabi internetdagi zararlardan ham saqlanish lozim. Ayni paytda, sahar yo iftor qilgani, jufti haloli bilan o'ynab-kulgani kabi, internetdan foydalanish joiz bo'lgan o'rinlarda foydalanadi.

Mo'min “zamon bilan hamnafas bo'lish” tushunchasini yanglish anglab, aldanmaydi. Qo'l telefoni, internet va media olami o'z domiga tortishi, taqvo, hilm, xushudan uzoqlashtirishi kabi ko'zga ko'rinmas illatlardan o'zini ehtiyot qiladi. “In­ternetni yosh bolalar ham ishlatib yurib­di-ku”, deb e'tiborsiz bo'lish yaramaydi. Biz qayerda, qaysi yoshda bo'lmaylik, Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam tarbiya qilgan ummat bo'lib qolishimiz kerak.

Internet va qo'l telefoni bizni o'zgar­tirmasligi, aksincha, biz Allohning izni bilan, internetni, qo'l telefonini ham o'zgartirishimiz lozim. Ta'bir joiz bo'lsa, telefonimizni “tarbiya” qilishimiz, bu orqali o'zimizni isloh etishimiz kerak. Ho'sh, hozir telefoningizni bir “sinab” ko'ringchi, unda qancha keraksiz narsalar bor ekan?! Te­le­foningiz (ya'ni o'zingiz) nechog'lik tar­biyali, musulmonga xos axloqdan nasibador ekaningizni bilib olasiz!..

Muxtorxon JALOLOV,

Shahrisabz tumanidagi “Bobo Salim”

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sun’iy intellekt orqali vafot etganlarni gapirtirish

17.11.2025   220   3 min.
Sun’iy intellekt orqali vafot etganlarni gapirtirish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Bugungi kunda ba’zilar sun’iy intellektdan foydalanib vafot etgan odamlarni rasmini gapirtirib, video yasashmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bunday narsalardan chetda bo‘lish tavsiya etiladi. Chunki bu kabi ishlar ko‘p tomonlama xato sanaladi.

Birinchidan, insonning, ayniqsa, ota-onaning hurmati ularning vafotidan keyin ham davom etadi. Uning suratidan video yasab, gapirtirish ularning hurmatiga ma’lum ma’noda zid hisoblanadi. Chunki ular videodagi gaplarni haqiqatda gapirgani yo‘q. Demak, bu ish ularning tilidan yolg‘on axborot tarqatish, ularning nomidan yolg‘on ma’lumot berish hisoblanadi.

Ikkinchidan, bunday ishning xatarli joyi bandalar uchun g‘ayb ishlaridan biri bo‘lgan qabrdagi hayotga oid holatlarga jur’at bilan aralashish bo‘ladi. Bu inson e’tiqodi va iymoni uchun xavfli sanaladi. Chunki ayrim videolarda ota-onalarning “biz yaxshimiz, sizlarni ko‘rib turibmiz, kuzatib turibmiz”, degan joylari bor. Ularning qabrdagi ahvoli qanday ekanini SI yoki shu videoni yasayotganlar qayerdan bilmoqdalar?!

Uchinchidan, mazkur texnologiya shaxslarning harakatsiz suratlarini qisqa videoroliklarga aylantirish orqali surat egasining tabassum qilishi, ko‘zini qisishi va boshini qimirlatishi kabi harakatlarni bajartirishi mumkin. Buni har qanday tirik yoki vafot etgan insonning surati bilan ham amalga oshirish mumkin.

Bu ba’zi kompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgan bir turdagi o‘yin-kulgidir, ammo kelajakda ko‘z va bosh harakatidan ham o‘tib ketishi, kinoya va masxara qilish, haqiqatlarni soxtalashtirish va buzishda ishlatilishi mumkin.

Yangi texnologiya “Deepfakes” (chuqur soxtalar) deb nomlanuvchi turkumga mansub bo‘lib, mutaxassislar tomonidan “nomaqbul texnologiyalar” qatoriga kiritilgan. Ushbu texnologiya ayrim shaxslar tomonidan jinoiy maqsadlarda va begunoh odamlarning suratlarini birlashtirib, soxta videolar yaratish orqali shantaj qilishda qo‘llanilmoqda. Ular ushbu zararli texnologiyaning qurboniga aylanmoqdalar.

Mazkur (texnologiyaning) zararlaridan biri shuki, oilaviy suratlar va ma’lumotlar ana shu kompaniyalarning qo‘liga o‘tib qoladi va ularning maxsus ilovasi qurilmalariga o‘rnatiladi!

Qolaversa, asli g‘oyaning zararlaridan biri: suratlarga va o‘tganlarga bog‘lanib qolish hamda g‘am-qayg‘ularni yangilashdir.

Agar surat qurilmada mavjud bo‘lsa va bu texnologiya soxtalashtirish, qalbakilashtirish yoki masxara qilishda ishlatilmasa ham, bu ilovadan ehtiyot bo‘lish va u bilan muomala qilmaslik kerak.

Shu bois mo‘min-musulmon inson odamlar qilayotgan ishlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermasdan, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini aniqlashi va shunga qarab ish tutmog‘i lozim bo‘ladi.

Qolaversa, dinimiz ota onani dunyo hayotida roziligini olish, vafotidan keyin solih amallar qilib, ularning ruhlarini shod etishga targ‘ib qiladi. Rasm yoki videosiga qarab, yig‘i-sig‘i qilish bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi, balki ularning qilayotgan gunohlari tufayli ular mahzun bo‘ladilar. Zero, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan:

“Nabiy sollalohu alayhi vasallam: «Albatta sizlarning amallaringiz vafot qilgan qarindosh-urug‘laringizga ko‘rsatiladi. U(amal)lar yaxshi bo‘lsa, xursand bo‘ladilar. Agar unday bo‘lmasa: Alloh, ularni bizni hidoyat qilganingdek hidoyat qilmaguningcha vafot ettirmagin, deyishadi», dedilar” (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar