Farg'ona viloyatidan Haj amallarini ado etish uchun muqaddas Harami sharifga tashrif buyurgan ziyoratchilar ayni vaqtda "Abroj al-Hidoya" mehmonxonasida istiqomat qilmoqdalar.
Ziyoratchilarimiz hozirgacha umra ibodatini amalga oshirib, kunlik ibodatlarini Harami sharifda ado etmoqdalar. Qolaversa, malakali guruh rahbarlari, imom-xatiblar ishtirokida ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etilib, unda Haj amallarini ado etish tartibi haqida tushunchalar berilmoqda.
Shuningdek, ziyoratchilar uchun uch mahal — nonushta, tushlik va kechki ovqatlar tashkil etilgan.
— Men bu muqaddas joylarga kelishni intizorlik bilan kutdim. Hozir haj amallari boshlanishini ham intiqlik bilan kutyapman. Bu ibodat bandani Robbisiga yaqinlashtiradigan, sabr va toqatdan ta'lim beradigan, bir so'z bilan aytganda insonni ham ruhan, ham jismonan chiriqtiradigan amaldir. Bu erda kerak bo'lsa har qadamimiz, har so'zimiz bilan imtihon qilinamiz. Ilohim, ushbu amallarni osonlik ado qilishimizni nasib qilsin. Alloh bizga oson qilsin, — deydi Hikmatxon Abdullayeva.
Biz ham butun dunyo musulmonlari qatori bu yil Haj ibodatini ado etishga taraddud ko'rayotgan barcha yurtdoshlarimizning ibodatlari qabul, duolari ijobat bo'lishini tilaymiz!
Rahmatulloh Jalilov,
Saudiya Arabistoni, Makka shahridan









O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati