Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2025   |   19 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:12
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2025, 19 Jumadul avval, 1447

Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

28.06.2022   1105   20 min.
Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish maqsadida:

1. Belgilab qo'yilsinki:

a) 2022 yil 1 iyuldan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar:

ommaviy axborot vositalari foyda solig'ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo'yicha to'laydi, reklama xususiyatiga ega bo'lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;

O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxat bo'yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog'oz bojxona bojidan ozod etiladi;

b) 2023 yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun Davlat byudjetidan mablag' ajratiladi;

v) byudjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo'lish uchun mablag' yo'naltirishga ruxsat beriladi.

2. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab bolalar uchun mo'ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo'yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo'lgan tanlov e'lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot
va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qo'shimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi.

3. Faol jurnalistlarni muntazam rag'batlantirish va ular o'rtasida ijodiy sog'lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:

ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a'zolari) quyidan yuqoriga o'sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo'lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo'yicha tanlov e'lon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Hodjayev) eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushirsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlar O'zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

4. 2023 yildan boshlab jurnalistlar o'rtasida har yili an'anaviy o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o'tkazishga e'tibor qaratilsin, shuningdek, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari:

bosh milliy mukofot uchun – avtomobil';

birinchi o'rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;

ikkinchi o'rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;

uchinchi o'rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;

12 ta rag'batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlansin.

Belgilansinki, “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o'tkazish bilan bog'liq xarajatlar “Ilhom” jamoat fondi mablag'lari hisobidan qoplanadi.

5. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:

a) barcha davlat organlari va tashkilotlari o'z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil' ilovalari tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 2022–2024 yilda ajratilgan Davlat byudjeti hamda ularning byudjetdan tashqari mablag'lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishini tashkil etadi, keyingi yillarda ularni modernizatsiya qilish uchun mablag' ajratib boradi;

b) 2023 yil yanvardan boshlab:

davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo'lmagan hamda davlat ro'yxatidan o'tkazilganiga kamida ikki yil bo'lgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil' ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha bo'yicha tanlov e'lon qilinadi. Bunda, har bir tanlov uchun O'zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo'lgan miqdorda mablag' ajratiladi;

davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo'lish va ularning buyurtmachigacha o'z vaqtida etkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil' ilovasi yaratiladi;

2026 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo'ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”), reklama xususiyatiga ega bo'lgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno. Bunda, ushbu xarajatlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qo'shimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.H. Shermatov) hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Hodjayev) 2022 yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil' ilovasini yaratsin va elektron to'lov tizimlari bilan integratsiya qilsin hamda uning doimiy ravishda modernizatsiya qilinishi, texnik qo'llab-quvvatlanishi va faoliyat yuritishini ta'minlasin.

6. Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni o'rganishini rag'batlantirish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) oliy ta'lim muassasalarida jurnalistika yo'nalishi bo'yicha ta'lim beradigan professor-o'qituvchilarning mualliflik ko'rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag'batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;

b) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo'nalishlar bo'yicha oliy ta'lim muassasalarida dars berayotgan, O'zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega bo'lgan shaxslar mehnatga haq to'lash va moddiy rag'batlantirish shartlariga ko'ra 1-ilovaga muvofiq professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo'lgan shaxslarga tenglashtiriladi;

v) oliy ta'lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo'yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning etuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta'lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan qo'shimcha rag'batlantirish huquqi beriladi;

g) jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo'limlari 2-ilovaga muvofiq tashkil etiladi;

d) ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining:

xorijiy tillarga o'qitish bo'yicha o'quv kurslarida o'qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar bo'yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lishi hamda nodavlat ta'lim tashkilotida o'qish bilan bog'liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim;

xorijiy tillar bo'yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to'liq kompensatsiya qilinadi.

Bunda, ushbu “d” kichik bandda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlar O'zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplanadi.

7. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oliy organi qarori bilan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb qayta nomlangani ma'lumot uchun qabul qilinsin.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko'chasi, 16-uy manzildagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Belgilansinki, 2023–2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o'rganish, stajirovka o'tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o'quv kurslar tashkil etiladi. Bu boradagi tegishli xarajatlar O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tegishli hududiy bo'limlari faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mahalliy byudjetning qo'shimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablag' ajratib borish choralarini ko'rsin.

8. Jurnalistlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining quyidagilarni uyushma tomonidan amalga oshirish to'g'risidagi takliflari ma'qullansin:

jurnalistlar va davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar o'rtasida yuzaga kelgan nizolarning sudgacha hal etilishiga ko'maklashish;

jurnalistlarning professional faoliyatiga taalluqli jinoyat ishlari bo'yicha ish yuritishda ularning jamoatchilik himoyachilari sifatida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etish;

tele- va radiokanallarning badiiy kengashlari faoliyatiga jalb qilingan malakali ekspertlarni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag'lar hisobidan doimiy ravishda rag'batlantirib borish.

9. O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi oliy organi qarori bilan O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi O'zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb qayta nomlangani ma'lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, O'zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tomonidan tavsiya etilgan media loyihalarni amalga oshirish rejalariga muvofiq vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklarga ularning byudjetdan tashqari mablag'lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shartnoma asosida media mahsulotlar yaratish, ularni realizatsiya qilish hamda boshqa media loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

10. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasiga ommaviy axborot vositalari uchun grantlar, ijtimoiy buyurtmalarning soni va miqdorini oshirib borish hamda bu borada alohida tanlovlar o'tkazish tavsiya etilsin.

11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.H. Shermatov) Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Hodjayev) bilan birgalikda uch oy muddatda teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish, teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko'rsatish uchun belgilangan davlat boji miqdorini 50 foizgacha kamaytirish hamda uni yil davomida bo'lib-bo'lib to'lashni joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar uchun davlat bojining alohida miqdorlari nazarda tutiladi:

teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish;

mamlakat miqyosida teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) yoki hududiy teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish);

radioeshittirishlarni tarqatish.

12. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko'chasi, 32-uy manzilida joylashgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari O'zbekiston Milliy axborot agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.

Belgilansinki, ushbu binoga davriy bosma nashrlarning tahririyatlari ijara haqi to'lamasdan (kommunal to'lovlar va ko'rsatiladigan boshqa xizmatlar bundan mustasno) joylashtirilishi mumkin.

13. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda:

ushbu qarorning 12-bandida keltirilgan bino va inshootlar hamda ularga tutash hududda zamonaviy media shaharcha tashkil etish bilan bog'liq xarajatlarni 2023–2024 yillarda O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin;

ushbu loyiha bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun 2022–2024 yillarda O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan va o'zlashtirilmagan mablag'lar hisobidan etarli miqdorda mablag' ajratish choralarini ko'rsin.

Zamonaviy media shaharcha loyihasi yakuniga etkazilguniga qadar O'zbekiston Milliy axborot agentligi o'z faoliyatini Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko'chasi, 42-uy manzilida joylashgan binoda davom ettirsin.

14. 2022–2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari dasturda belgilangan vazifalarning o'z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas'ul ekanliklari ko'rsatib o'tilsin.

15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Hodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “O'zbekiston ijodkorlarini qo'llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi PQ–3184-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidagi, 5-bandining ikkinchi xatboshisidagi, 10-bandidagi hamda qarorga 1-ilovaning o'n beshinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar ijodiy uyushmasi” so'zlari tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar uyushmasi” so'zlari bilan almashtirilsin.

17. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3195-son qarori o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas'ul va shaxsiy javobgar etib O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A. Abduxakimov hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.A. Hodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas'ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sh.I. Asadov zimmasiga yuklansin.

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                     Sh. Mirziyoev

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

07.11.2025   16762   13 min.
Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

Qur’oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o‘ziga xos o‘rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo‘ilishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e’tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Qur’onga bandalar so‘zi aralashib qolmasligi uchun Qur’ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mus'haf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo‘lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og‘zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og‘zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig‘ini topsa, Mus'hafga qo‘shardilar. Bu holat ham Mus'haf tarixida yozishni nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mus'haflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mus'haflar ko‘chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo‘lib xizmat qildi. O‘sha zamonlarda Mus'haflar qo‘l mehnati bilan ko‘chirilgan

Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning nabiralari Aliy Zaynulobidin aytadilar: “Mus'haflar varag‘i ketma-ket (bir-biriga bog‘langan, ulangan) bo‘lmas edi, kimda Mus'haf bo‘lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko‘chirib olsin” der edi. Xohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mus'hafni oxirigacha ko‘chirib olishar edi”[1].

Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mus'hafni ko‘chirar edim. Kunlardan birida Aliy roziyallohu anhu biz ko‘chirgan nusxalardan birini ko‘rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mus'hafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mus'hafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar[2]”.

Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo‘lgan. O‘sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo‘lmagani uchun kimga Mus'haf kerak bo‘lsa, xat savodi borlar o‘zi ko‘chirib olardi, xat savodi bo‘lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba’zan haq to‘lash evaziga ko‘chirtirib olar edi. Xattotlar imon-e’tiqodining mustahkamligi, Qur’oni karimga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas’uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o‘z kasbiga yondashuvi natijasida Mus'haflar bexato ko‘chirilar, kamdan-kam hollarda yo‘l quyilgan kamchiliklar Qur’onni yod olgan hofizlar tarafidan o‘z vaqtida to‘g‘rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko‘chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.

Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko‘rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunlarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so‘ngra Fransiya davlatlarida ishlatiladigan bo‘ldi. Keyinchalik dunyoning boshqa ilg‘or musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi.  Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga Fransiyalik harbiy qo‘mondon Bonapart 1798 yilda o‘zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo‘lgan.  Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o‘sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug‘atiga oid kitoblar nashr qilingan.

Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mus'haf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Xinkelman (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa’y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan[3]. Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo‘lib, oyatlar boshlanishi tartib raqm bilan belgilangan.

Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o‘sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o‘rnida yo‘qotib tashlangan[4].

Shunga ko‘ra hozirgacha saqlanib qolgan Mus'haflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mus'hafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo‘lsada, ko‘plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o‘rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko‘payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo‘lgan ikki kalimaning orasi bog‘lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.   

Ana shundan keyin Mus'haflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.

Dastlabki nashr qilingan Mus'haflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mus'hafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mus'hafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mus'haflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mus'hafga deyarli o‘xshab ketsada, unda yo‘l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilan edi. Biroq harflar ustiga qo‘yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo‘lib, Mus'haf so‘ngidagi maxsus jadvalda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib o‘tilgan[5]. Keyinchalik, Mus'hafning ko‘plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy  boshchiligida nashr qilingan.

Sanab o‘tilgan Mus'haflarning barchasida harflar Usmoniy Mus'haf asosida, harakatlar esa Xalil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo‘nalishda bo‘lgan. 

Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko‘payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas’uliyatsizligi, bee’tiborlik  bilan nashr qilingan bir qancha Mus'haflarda texnik xatolar ko‘payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mus'hafni ko‘paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko‘zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mus'haf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o‘n besh kishilik qo‘mita tashkil qilingan. Qo‘mita hay’at a’zolari Qur’oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to‘xtash belgi va ko‘rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mus'hafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to‘ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay’at azolari Mus'hafni ikki yuz martadan oshiqroq o‘qib chishlariga to‘g‘ri kelgan.[6] Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mus'hafning ko‘rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mus'haf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o‘rganib chiqildi va ber necha qo‘lyozma Mus'haflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya’ni tartibga, tabvib ya’ni juzlarga ajratishni ham yo‘lga qo‘ygan edi. Qur’oni karimni 30 juzga bo‘lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko‘p bo‘lgani uchun yana ikki bet qo‘shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo‘lgan[7]. Sanab o‘tilgan jihatlari bilan boshqa qo‘lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mus'hafni yangi nashr qilinmoqchi bo‘lgan “Madina Mus'hafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mus'haflar orasida eng mukammal shaklga ega bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405-1425-hijriy yillar oralig‘ida “Madina Mus'hafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi[8] va bu dunyodagi eng ko‘p tiraj qilingan bosma deb baholanmoqda.

Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko‘rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.

Keyingi yillirda yurtimizda ham har sohada bo‘lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mus'hafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo‘min-musulmonlarining Qur’oni karimga bo‘lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi. 

Alloh taoloning muborak kalomi — Musxafi sharif O‘zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to‘ldirgan sharafli voqealardan biri bo‘ldi. Yurtimizning ko‘zga kuringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

Nashriyotning ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mus'hafi sharifni nashr qilish loyihasi bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mus'hafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50 000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10 000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Zero, Qur’oni Karim kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.

Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz ham yangi nashr etilgan Mus'hafi sharifni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

 

Abdulboqiy Tursunov

 

 

[1] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182 sahifa.
[2] Kanzul ummol 10/536 sahifa.
[3] Tarixul Qur’on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur’on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahfalar. Hozirda Misrning “Dorul  kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi.
[4] Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[5] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339 sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[6] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 505-sahifa.
[7] Hoshimov Nuriddin “Qur’oni karim yozuvchisi – Xattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi.
[8] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 506-sahifa.