O'zbekiston elchixonasi Putrajayya shahrida o'tkazilgan Malayziya Islom turizmi haftaligining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirni mamlakat turizm, san'at va madaniyat vaziri Nensi Shukri hamda vazirlik huzuridagi Islom turizmi markazi Bosh direktori Mohmed Razip Hasan ochib berdi.
Nensi Shukri tomonidan turizm va mehmondo'stlik sohalari hamda ularga bevosita bog'liq bo'lgan iqtisodiyot tarmoqlarining to'liq tiklanishini ta'minlash maqsadida Malayziya hukumati xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor berayotganini ma'lum qildi. Shu o'rinda Malayziya tomoni xorijiy sheriklar, xususan birodar O'zbekiston bilan birgalikda o'zaro turizm salohiyatini keng targ'ib qilishga tayyorligini bildirdi.
Vazir Malayziya turizm salohiyatini keng va tizimli targ'ib qilish strategiyasiga to'xtalib, mamlakatning dunyodagi etakchi 10 ta sayyohlik yo'nalishlari sifatida o'rnini tiklash rejalari bilan o'rtoqlashdi. Mamlakat chegaralari joriy yil 1 aprelidan ochilganidan so'ng tashrif buyuruvchilar oqimi iyun' oyi holatiga ko'ra 2 milliondan oshgani sababli, yilning oxirigacha kamida 4,5 million sayyohni qabul qilish rejasi e'lon qilindi. Bugungi kunda sayyohlar oqimi asosan to'g'ridan-to'g'ri va muntazam reyslar amalga oshiriladigan mamlakatlar va qo'shni Singapur bilan tiklanib bormoqda.
Mohmed Hasan “Jahon musulmon turizmi indeksi” reytingida Malayziyaning joriy yilda ham birinchi o'rinni egallaganini ta'kidlab, mazkur yo'nalishdagi ilg'or tajribasi bilan o'rtoqlashdi.
Tadbir doirasida Malayziya mutasaddilari bilan muzokaralar o'tkazildi. Hususan, Islom turizmi markazi bosh direktori bu yil O'zbekiston xalqaro reytingda yana 7 pog'ona yuqorilab, 138 mamlakat orasida 9-o'rinni egallaganini alohida e'tirof etdi. Shu o'rinda, respublika turizm infratuzilmasining jadal rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar, jumladan Samarqand shahridagi zamonaviy aeroport ishga tushirilishi hamda barpo etilayotgan Samarqand xalqaro turizm markazi loyihasini Malayziya tomoni yuqori baholadi.
Turizm sohasida ikki mamlakat o'rtasida hamkorlik loyihalarining muhokamasi natijasida respublika Turizm va madaniy meros vazirligi bilan tuzilgan ishchi guruh faoliyatini jadallashtirish hamda Malayziya Islom turizmi markazi rahbariyatining O'zbekistonga tashrifini tashkil qilish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Bo'lajak tashrif doirasida O'zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi xodimlari, viloyat va shahar hokimlarining turizm masalalari bo'yicha o'rinbosarlari, turizm sohasi boshqa vakillarining malakasini oshirish va ilg'or tajriba almashish maqsadida o'quv seminari tashkil etish ko'zda tutilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati