O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov, OAV xodimlari hamda Akademiya o'qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarni keng jamoatchilikka etkazish, axborot shaffofligi hamda so'z erkinligini ta'minlashdagi faolligi uchun Akademiya rektori Muzaffar Komilov, Matbuot kotibi Bahodir Jovliyev hamda “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zoligiga qabul qilindi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov yangi a'zolarning kelgusi ijodiy faoliyatiga ham muvaffaqiyat tilagan holda, tantanali ravishda O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolik guvohnomasi topshirdi.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.