Qur'on kitob shaklidagi darvoza loyihasi muallifi bu ishini faoliyatidagi asosiy yutug'i deb biladi va faxrlanadi.
Jidda — Makka avtomobil' yo'lida Qur'on stendiga o'xshab ko'ringan «Makka darvozasi» musulmon bo'lmaganlar kirishi taqiqlangan chegarani belgilab beradi.
«Makka darvozasi» qariyb 40 yildan buyon Jidda — Makka avtomobil' yo'li bo'ylab muqaddas shaharga kiruvchi sayohatchilarni kutib oladi. Shahardan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan katta arkli inshootning balandligi 152 metr, eni esa 31 metrni tashkil qiladi. Turli naqshlar bilan bezatilgan, kechalari esa chiroqlar bilan yoritilgan. Yodgorlik 1979 yilda taniqli saudiyalik rassom, haykaltarosh va fotograf Dia Aziz Dia tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, u zamonaviy arab san'atiga qo'shgan hissasi bilan tanilgan.
Arkning yaratilishi haqida rassom shunday deydi:
«Darvozaning dizayni ishonib topshirilgan kompaniya ular qanday ko'rinishga ega bo'lishi kerakligini bilmas edi. Menga aytilgan yagona istak shu ediki, darvoza shaharga olib boruvchi asosiy magistralda bo'lsin... Men o'yladim: Nima Makkani o'ziga xos qiladi? Bu payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning tug'ilgan joylari, Ka'ba shu erda joylashgan... Lekin, eng muhimi, Makka – Qur'on shahri degan fikr meni hayratga soldi. Hammasi Qur'onning erga nozil bo'lishi bilan boshlandi va men bu fikrni qanday ifodalash haqida o'ylay boshladim... Bir necha kunlik mulohazalardan so'ng menga strendda Qur'on ko'rinishidagi darvoza yaratish g'oyasi keldi".
Rassomning g'oyasi kompaniya tomonidan ma'qullanadi va Dia Aziz Dia arxitektorlar, qurilish muhandislari va xattotlar bilan yakuniy eskizni amalga oshirish hamda darvozaning kichik modelini yaratish uchun ishga kirishadi.
“Men Makka shahrining o'sha paytdagi hokimi Abdulqodir Kushakning ishxonasiga borib, unga loyihani taqdim qildim. Taxminan ikki oy o'tgach, qirol Fahd darvoza va uning atrofidagi bog'ning yaratilishini ma'qullagani e'lon qilindi, — deydi rassom.
Darvoza 1985 yilda qurib bitkazildi.
Dia loyihaga qo'shmoqchi bo'lgan bitta reja bor edi — darvoza tepasidagi katta chiroq (projektor). Ammo bu fikr amalga oshmadi:
“Makka nafaqat musulmonlar, balki butun er yuzi uchun mayoq bo'lganidek, Qur'oni Karim ham umid va tinchlik chirog'i ekanini ko'rsatmoqchi edim”, — deydi u.
Dia Aziz Dia uning g'oyasi qachondir hayotga tatbiq etilishi va darvoza dizayni tugallanishiga umid qilmoqda.
Rassom Makka darvozalari faqat Saudiya Arabistoni loyihasi ekanini ta'kidlaydi:
“Ko'pchilik buni asosan saudiyaliklar amalga oshirganini bilmaydi. Chet elliklar unga jalb qilingan, degan fikr keng tarqalgan. Aslida, bu darvozalar Saudiya me'morlari, xattotlari va muhandislarining ishi”.
Dia Saudiya Arabistonidagi eng keksa va eng muvaffaqiyatli rassomlardan biri bo'lib, ko'plab mukofotlarga sazovor bo'lgan. Shuningdek, u Jidda shahridagi Tahliya ko'chasidagi “Al-Ahli” futbol klubi yodgorligi, samolyot qismlaridan yasalgan “Odam orzusi” yodgorligi, 2006 yilda Saudiya Arabistonidan Meksikaga sovg'a qilingan haykal va boshqa muhim loyihalarga ham mualliflik qilgan.
Ammo rassom faoliyatidagi eng muhim asar "Makka darvozalari"ni o'z merosi deb biladi:
“Bu faoliyatimning boshidan to o'limgacha bo'lgan hayotimdagi asosiy yutug'im. Undan muhimroq narsa yo'q. Makka dunyodagi har bir musulmonning qalbidagi shahar. Men uning darvozalarining loyihachisi bo'lishimni Alloh taolo menga berganiga ishonaman”, — deydi faxr bilan u.
Bahriniso To'xtasin qizi tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.