Ayni kunlarda haj ibodatiga tayyorgarlik ko'rayotgan ziyoratchilarimiz Makka shahrining “Aziziya” dahasidagi ko'rkam, 25 qavatli, hashamatli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Hojilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxona toza va ozoda holga keltirilib, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan.
O'zbekistonlik ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida, O'zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan mazkur mehmonxonadan barcha hojilarimizga yaxlit joy hozirlangan.
Mehmonxonaning kirish foyesiga ilingan “O'zbekiston” yozuvi va davlatimiz bayrog'i bu binoga o'zbekistonlik ziyoratchilar joylashishidan dalolat berib turibdi
Ta'kidlash joizki, mehmonxona tomonidan taqdim etilgan xizmatlardan yurtimiz hojilari mamnun bo'lishmoqda. Ushbu mehmonxona qulayliklari haqida gapirganda, avvalo, har bir xona shinam qilib hozirlangan, unda yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta'kidlash kerak.
Yana shuni aytish kerakki, mehmonxona oshxonasida bir paytda 4000 kishi taomlanishi uchun mo'ljallangan o'rinlar hozirlangan.
Shuningdek, tibbiyot markazi, ishchi guruhi shtabi, majlislar zali hamda erkak va ayollar namozxonasiga alohida joylar ajratilgan. Qolaversa, mehmonxonada ko'p sig'imli bir necha liftlar ham muntazam ishlaydi.
Mehmonxonaning yana bir qulayligi shuki, bitta asosiy yo'l bo'ylab “Harami sharif”ga borish mumkin. Shuningdek, mehmonxona Mino vodiysiga qulay hududda joylashganligi sababli asosiy haj ibodatlari davrida ziyoratchilarni u erga olib chiqish va qaytarib olib kelishda ko'p engilliklar bo'ladi. Mehmonxona atrofidan serqatnov, katta yo'l trassasi bo'lmagani ham hojilar erkin harakat qilish imkonini beradi.
Haj ibodatiga kirishayotgan yurtdoshlarimizni Alloh taolo ibodat va duolarini qabul qilib, safarlarini bexatar aylasin!








O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi