Imom Zufar ibn Huzayl rohimahulloh yirik faqih, muhaddis, Imom A'zam rahmatullohi alayhi shogirdlarining eng peshvolaridan biri edi. U zot hijriy 110-yilda Isfahonning Bozaon nomli qishlog'ida tavallud topganlar.
Ulamolar Imom Zufar rohimahullohni dunyoda o'tgan insonlarning eng buyuk aql sohiblaridan biri ekanliklarini ta'kidlaganlar. Masalalarni o'zaro qiyoslash, ulardan hukm olish bo'yicha u zotga tenglashadigan odam deyarli bo'lmagan. Shuningdek, u zotda munozara quvvati ham juda kuchli edi. Bu borada Hasan ibn Ziyod aytadilar: “Kim Imom Zufar bilan munozara qilsa, o'sha odamga rahmim keladi”. Imom Zufarning o'zlari aytadilar: “Men biror kim bilan munozara qilsam, u:“Men xato qildim”, degunicha munozara qilmayman, balki jinni bo'lib qolgunicha munozara qilaman”“Qanday jinni bo'ladi ?”, deyishdi. “Hech kim naql qilmagan gaplarni aytishgacha boradi”, dedi”. Ya'ni, avvalgi ulug'lar – sahobalar, tobeinlar va boshqa ulug'lar aytmagan gaplarni aytdi, deb hammaga kulgi bo'ladi. Imom Zufar rohimahulloh shu darajada munozara qilgani uchun o'zi bilan munozara qilmasliklarini ta'kidlar ekan.
Ta'kidlash lozimki, Imom Zufar rohimahulloh ustozining boshqa shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad kabi mashhur bo'lmagan bo'lsalar-da, biroq ilmda, taqvoda ulardan hech ham qolishmaydigan zot bo'lganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi shogirdlariga bir mas'alani tashlab, ular o'rtasida munozaralar o'tkazar edi. Hususan, Imom Zufar va Imom Abu Yusuf o'rtalaridagi munozara juda ham qizg'in bo'lib, ba'zida Imom Zufar, ba'zida Imom Abu Yusuf yutib chiqar edi. Imom Zufar rohimahulloh gapga usta bo'lib, Abu Yusuf mag'lub bo'lib, iztirobga tushib turganida: “Qayoqqa qochasiz ?! Bu – ochiq eshiklar, xohlaganingizni tanlang”, der ekan.
Imom Abu Yusuf va Imom Zufar Abu Hanifa rohimahulloh shogirdlarining peshqadamlari edilar. Bu haqda Abu Hanifa rahmatullohi alayhi aytadilar: “Shogirdlarimdan o'ttiz olti nafari haqida aytaman: ulardan yigirma sakkiz nafari qozi bo'lishga haqli, yana olti nafari fatvo berish darajasiga etgan. Ularning orasida Abu Yusuf bilan Zufar qozilarga va muftiylarga adab berishi mumkin”.
Ismoil ibn Hammoddan qilingan boshqa bir rivoyatda aytiladiki: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhining eng katta o'n nafar shogirdi bor edi. Ular: Abu Yusuf, Zufar, Asad ibn Umar, Ofiya Avdiy, Dovud Toiy, Abu Abdulloh Qosim al-Mas'udiy, Ali ibn Musahhar, Yahyo ibn Zakariyyo hamda Ali Anziyning ikki o'g'li – Hibbon va Mandaldir. Lekin, ular orasida Abu Yusuf va Zufar kabisi yo'q edi”.
Imom Abu Yusuf va Imom Zufar rohimahullohlar mana shunday etuk zot bo'lganlar. Kitoblarda ulardan qaysi biri fazilatliroq, olimroq ekani borasida turli fikr-mulohazalar kelgan.
Muhammad ibn Hasan aytadi: “Abu Yusuf va Imom Zufar munozara qilayotganlariga guvoh bo'ldim. Abu Yusuf Abu Hanifadan va boshqa xabarlardanko'p rivoyat keltirib Imom Zufardan g'olib kelar, navbat qiyosga kelganida esa Imom Zufar u zotni yutib chiqar edi”.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi vafotidan so'ng, Imom Zufar rohimahulloh u zotning ilm majlisini davom ettiradilar. Ana shu yillari Ko'fadagi deyarli barcha tolibi ilmlar Imom Zufarning halqasiga to'planadi. Holid ibn Sabih imom Zufar rohimahullohning ilm halqasini sifatlab aytadi: “Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining oldiga ko'chmoqchi bo'ldim. Yo'lda u zotning vafotlarini eshitdim. Ko'fa shahriga etgach, ilm majlislariga kirdim. Ko'p insonlar Imom Zufar rohimahullohning ilm majlisida edi, Abu Yusuf rohimahullohning huzurida esa ikki yoki uch kishi bor edi xolos”. Keyinchalik esa, Allohning rahmati bilan Imom Abu Yusuf rohimahullohning sha'ni ulug' bo'lib, u zotning halqasiga ham ko'plab insonlar yig'iladi.
Hammod ibn Abu Hanifa aytadilar: “Bir kuni Abu Hanifa rahmatullohi alayhining o'ng tarafida Abu Yusuf, chap tarafida Imom Zufar bir mas'ala borasida munozara qilayotganlarini ko'rdim. Abu Yusuf biror gap aytsa, Zufar uni yo'qqa chiqarardi, Aksincha, Zufar biror gap aytsa, Abu Yusuf yo'qqa chiqarar edi. Bu holat peshin vaqtigacha davom etdi. Peshin namozi uchun muazzin azon aytgan payt Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qo'llarini ko'tardilar va Zufarning sonlariga urib dedilar: “Sen unda Abu Yusuf bo'lgan shaharning raisligidan umid qilmagin!” va Abu Yusuf foydasiga hukm qildilar”.
Shaddod ibn Hakim aytdi: “Asad ibn Amrdan so'radim: “Abu Yusuf faqihroqmi yoki Zufarmi?”, “Zufar taqvodorroq”, dedi. “Men sizdan fiqhni so'radim”, deganimda aytdiki: “Ey Shaddod ! Inson taqvo bilan kamolotga erishadi”.
Shuningdek, ko'p ulamolar bu ikkala imomni “chopib ketayotgan ikki chopqir tulpor”ga o'xshatganlar. Bu bilan ikkalalari teng, barobar ekanliklarini ifoda etganlar.
Yuqoridagi kabi fikrlar juda ko'p bildirilgan, biroq ikki imomning bir-biriga bo'lgan hurmat-ehtiromi cheksiz bo'lgan. Imom Zufar Basraga borganlarida odamlar u zotning huzuriga kelib, turli savollar beradilar. Imom Zufar ularning barcha savollariga go'zal javob berganida ular bundan juda ajablanib: “Biz Zufar kabi faqihni ko'rmaganmiz, u eng olim inson ekan”, deganlarida u zot aytdi: “Meni ko'rib shu darajada ajablanyapsiz, agar Abu Yusufni ko'rsanggiz nima bo'larkin?!”
Imom Zufardagi insofga, hurmat-ehtiromga qarang! Ahli ilm-ulamolar bir-biri bilan qanday munosobatda bo'lish kerakligini Imom Zufar mukammal holatda ko'rsatib berdilar. Ayniqsa, bugungi kunda faoliyat olib borayotgan ahli ilmlar o'rtasida ham aynan shunday ahillik, o'zaro qo'llab quvvatlash, e'tirof va ustunlikni tan olishni yanada taraqqiy ettirish muhim bo'lib turibdi. Shuningdek, ular imom Zufar, Imom Abu Yusuf rohimahullohlarning bu kabi samimiyatlaridan o'rnak olsalar yanada manfaatli va maqsadga muvofiq bo'lardi. Boisi, u zotlar ilm, taqvoda har qanday yuqori darajaga chiqmasinlar, bir-birlariga bo'lgan hurmat-ehtiromi bag'oyat yuksak darajada bo'lgan. Agar bir mas'alada munozara qilsalar, xolis, insof ila munozara qilganlar, xato qilgan bo'lsalar, xatolariga iqror bo'lishga qodir bo'lganlar. Chunki, ularning asl maqsadi ilmni yuzaga chiqarish edi. Alloh taolo ulardan rozi bo'lsin!
TII 4- kurs talabasi Muhammadrizo Tojiboyev
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.