Haj safari ziyoratchilari uchun “Haj qo'llanmasi” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Unda haj ziyorati odoblari, uning farz amallarini bajarish tartib-qoidalari, duolar, Saudiya Arabistonida joriy etilgan yangi tartib-qoidalar, aeroport, mehmonxonalarda nimalarga e'tiborli bo'lish kerakligi kabi masalalar batafsil bayon etilganki, u barcha yoshdagi kishilar uchun qulaydir.
Shuningdek, ilovada muborak safar davomida o'qiladigan duolar audio shaklida berilgani ziyoratni mukammal ado etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga Haj ziyoratida qayerlarga borilishi, ziyoratgohlarning tarixi haqida ham ma'lumotlar berilgan.
Ilova quyidagi bo'limlardan tashkil topgan:
“Haj qo'llanmasi”
“Haj duolari”
“Safarga tayyorgarlik”
“Islom tarixiga oid joylar”Ilovani quyidagi linklar orqali yuklab olish mumkin:
GooglePlay:
https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.devteam.hajguideAppStore:
https://apps.apple.com/uz/app/haj-qollanmasi/id1629805267
“Haj qo'llanmasi” bo'limida Haj ibodatiga oid barcha masalalar keltirilgan: “haj” so'zining ma'nosidan to uning amallari-yu farzlarigacha. Shu bilan birga, ziyorat qilish odoblari, muborak shahar va masjidlarning fazilatlari, safar tartib-qoidalari kabi bir qator ruknlarda zarur ma'lumotlar taqdim etilgan.
“Haj duolari” bobida muborak shaharga kirishdagi duolar, tavof asnosida, zam-zam suvi ichganda, tabarruk joylarda, vatanga qaytishda o'qiladigan duolar kabi ellikdan oshiq duolar berilgan. Yana bir muhim jihat, bu bo'limda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan bir qatorda Abu Bakr va Hazrati Umar roziyallohu anhumoga salom berish odob va tartiblari bayon etilgan.
Islom tarixiga oid qismda,muqaddas joylar haqida qiziq va tarixiy manbalar berilgan. Ularni o'qigan kishi muqaddas qadamjolarga oid keng tushunchaga ega bo'ladi.
Safarga tayyorgarlik bo'limida muborak safarga chiqmoqchi bo'lgan har bir kishiga muhim tavsiyalar, man etilgan tartib-qoidalar, ziyoratchilar e'tibor qaratish lozim bo'lgan masalalar bayon etilgan.
Shuningdek, ilovada bir qator eslatma va xizmatlar bor. Jumladan, pandemiya sharoitida Saudiya Arabistonidagi tartiblar, qaysi vaktsinalar olish zarurligi hamda ob-havo ma'lumotlari ham berib borilmoqda.
Alloh taolo ushbu mobil ilovani xalqimizga manfaatli qilsin!







O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan diniy soha vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish va o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Shu doirada Qashqadaryo viloyatida voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalarning final bosqichi o‘tkazilib, shahar va tumanlardan saralangan g‘oliblar faol ishtirok etdilar. Qizg‘in bahslar yakunlanib, har bir sport turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, keyingi bosqich musobaqalarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Musobaqada O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov ishtirok etib, qatnashchilarga ezgu tilaklar bildirdi va respublika bosqichida omad tiladi.
Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat sport boshqarmasi rahbariyati hamda xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati