Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Aprel, 2026   |   29 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:39
Peshin
12:27
Asr
17:08
Shom
19:10
Xufton
20:28
Bismillah
18 Aprel, 2026, 29 Shavvol, 1447

Kumushni oltin deb ko'rsatmang!

16.06.2022   1907   5 min.
Kumushni oltin deb ko'rsatmang!

 

Mazkur asar muqaddimasida hazrat Navoiy: “Har ko'y va ko'chalarda yuguribmen va olam ahlidin har nav' elga o'zumni etkuribmen va yaxshi-yamonning af'olin bilibmen va yamonu yaxshi xislatlarin tajriba qilibmen”, deb ta'kidlaganlar.

Asar Navoiy bobomiz hayotining oxirgi davri, ya'ni keksalik davrida muayyan hayotiy tajribaga ega bo'lganidan keyin yozilgani e'tiboridan, uni donishmandona kuzatishlar mahsuli deyilsa, xato bo'lmas. “Mahbub ul-qulub”da biror-bir munosabat va holat taqozosiga ko'ra, ham­masi bo'lib 127 ta tanbeh keltiriladi.

“Tanbeh” so'zi “uyg'otish”, “ishora qilish”, “ogohlantirish”, “izohlash” kabi bir qan­cha ma'nolarni anglatadi. Shundan kelib chiqqan holda aytadigan bo'lsak, har bir tanbeh bejiz keltirilmay, ko'proq buy­ruq va amr ohangida aytiladi. Biror ish­­ni qilish-qilmaslik, uning oqibati tu­shun­tirilgandan keyin o'quvchi bu haqda o'y­lanib, o'ziga tegishli xulosani chiqaradi.

Agar bir tanbehda bir amal yaxshi deyil­gan bo'lsa, o'quvchida uni qilishga ishtiyoq uyg'otiladi, aksincha, agar bir amal yomon deyilgan bo'lsa, o'quvchida o'ziga etadigan ziyon-zarar haqida o'ylab ko'rishga imkon beriladi. Tanbeh ko'proq o'quvchini ogohlikka, biror yomon xislat yo illatdan xalos bo'lish, unga yaqin bo'lmaslikka chaqiradi.

Alisher Navoiy bobomizning xalqona tilda aytilgan sodda va purma'no tanbeh­larining ayrimlari xalqimiz orasida hikmatli so'z yoki maqol tusini olgan: “Bil­maganni so'rab o'rgangan olim, orlanib so'­ramagan o'ziga zolim”, “Oz-oz o'rganib dono bo'lur, qatra-qatra yig'ilib daryo bo'lur”, “Har kimki so'zi yolg'on, yolg'oni zohir bo'lg'och uyolg'on”, “Tilga e'tiborsiz – elga e'tiborsiz”, “Sabr bila ko'p bog'lig' ish ochilur, ishda oshuqqon ko'p toyilur, ko'p toyilg'on ko'p yiqilur”.

Navoiy bobomiz “Ko'ngul mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalidin so'z bil” deganida, ko'ngilni bir xazinaga o'xshatsa, qulfini til va uni ochadigan kalitni so'z deb keltiradi. Teranroq o'ylab ko'rilsa, insonga yaxshilik ham, yomonlik ham aslida tilidan etadi.

Hususan, mazkur asarning 50-tanbehida:

“Har kimki so'zi yolg'on, yolg'oni zohir bo'lg'och uyolg'on. Yolg'onni chindek aytquvchi suxanvar – kumushni oltun ro'kach qiluvchi zargar. Yolg'on afsonalarda uyqu keltirguvchi, yolg'onchi uyquda takallum surguvchi. Yolg'on aytquvchi g'aflatdadur. So'zning asnofi bag'oyat cho'qdur (ko'pdur), yolg'on yamonroq sinfi yo'qtur”,

deyiladi.

Bu tanbehda yolg'on yomon illatlar qa­torida ta'kidlanib, yolg'onchi xuddi kumushni oltin deb ko'rsatadigan kishiga o'xshatiladi. Shuningdek, yolg'on so'zlaguvchi kishi aytayotgan rivoyat yoki naql ham ensani qotirishi va unda hech qanday qadr-qiymat bo'lmasligi ma'lum qilinadi. Bunga sabab esa yolg'onchi har doim g'ofilligi tufayli aytayotgan so'ziga javobgarlik va mas'uliyatni his etmaydi.

Yana bir tanbehda: “Chin so'z yolg'ong'a chul­g'ama, chin ayta olur tilni yolg'ong'a bulg'ama. Yol­g'onchi kishi emas. Yolg'on aytmoq eran (mard)lar ishi emas”, deyilgan. Bu tanbehda ham yolg'on so'zlaguvchini inson emas, yolg'on so'zlash mardlar ishi emas deyilmoqda. Yolg'on xususida aytilgan tanbeh haqida jiddiyroq o'ylab ko'rilsa, dastlab yolg'on so'z yoqimli, foydali va jozibalidek o'ziga maftun etadi. Chunki muomala qilinayotgan kishini g'aflatda qoldirib, yolg'on bois o'z ishini bitirib olishi mumkin. Biroq bunga odatlanib qolinsa, el nazaridan qolib, unga hech kim ishonmay qo'yadi. Chunki u oltin deb aytayotgan narsa aslida kumush, shu bois bu yolg'oni fosh bo'lgandan keyin faqat o'zi zarar ko'radi, ammo bu yolg'onga inson qanday odatlanadi desak, bu har bir bolaning o'z oilasida oladigan ta'lim-tarbiyasi bilan bog'liq. Agar ota-ona o'zi yolg'ondan qochib, bolasini ham undan qaytarsa, farzand voya­ga etganda aslo yolg'on gap-so'zni tiliga olmaydi. Misol uchun, hozirda internet va telefon orqali qancha kishilar yolg'on va uydirmalarni eshitadi, unga ishonadi va bir-biriga xabar berib, qimmatli vaqtini behuda va gunoh ishlarga zoye ketkizadi. Ayrimlar tanishlari qo'ng'iroq qilib qolsa, agar u bilan gaplashishni xohlamasa, bolaga “uyda yo'q” deb aytishni buyuradi. O'zi ham yolg'onchi bo'ladi va bolasini ham yolg'onga o'rgatib, gunohkor qiladi. Mana shu holat bolalar ruhiyati va ma'naviy holatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bora-bora bu yolg'on kattalashib, butun jamiyatga tarqalishi mumkin.

Bobomurod ERALIYeV,

Alisher Navoiy nomidagi

Adabiyot muzeyi tadqiqotchisi

Alisher Navoiyning she'riy va ilmiy-ma'naviy durdonalarida keltirilgan har bir so'z va ibora hikmatli bo'lib, uning mag'zini chaqish va ma'no-mohiyatiga etish oson emas. Axloqiy-ta'limiy qarashlarga bag'ishlangan “Mahbub ul-qulub” asarida ta'lim-tarbiya, odob-axloq va go'zal fe'l-atvorlar qatori insonda uchraydigan yomon xislat va illatlar haqida so'z yuritiladi hamda uning oqibatida hushyor va ogoh bo'lishga da'vat etiladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dajjol - moddiyat fitnasi

16.04.2026   5265   3 min.
Dajjol - moddiyat fitnasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Doktor Mustafo Mahmudning «Shubhadan imon sari sayohatim» kitobidagi «Masih Dajjol» (المسيح الدجال) bobi an’aniy diniy qarashlardan farqli o‘laroq, ushbu tushunchaga ramziy va falsafiy ma’no yuklaydi. Muallif Dajjolni shunchaki bir shaxs emas, balki ma’lum bir dunyoqarash va davr ruhi sifatida tahlil qiladi.

Masih Dajjol
Biz Dajjol haqida gapirganda, ko‘z oldimizga afsonaviy bir mahluq keladi. Biroq, agar biz uning sifatlariga teranroq nazar solsak, Dajjol bu - "Material dunyoning ilohiylashtirilishi" ekanini anglaymiz.
Dajjolning bir ko‘zi ko‘r, deb tasvirlanadi. Bu juda ramziy ma’noga ega: u borliqqa faqat bir ko‘z bilan — moddiyat ko‘zi bilan qaraydi. U faqat ko‘rinadigan, ushlanadigan va o‘lchanadigan narsalarga ishonadi. Uning ruhiy dunyoni ko‘radigan "ikkinchi ko‘zi" ko‘rdir.

Dajjol bu - moddiyat fitnasi
Dajjol zamonida u odamlarga jannat va do‘zaxni taklif qiladi, deyiladi. Uning "jannati" — bu cheksiz iste’mol, moddiy rohatlar va shahvatlardir. Uning "do‘zaxi" esa — moddiy mahrumiyat va qashshoqlikdir. Bugungi kunning reklama va iste’mol madaniyati xuddi shu ishni qilayotgan yo‘qmi? Insonni faqat moddiy yetishmovchilik bilan qo‘rqitib, uni ma’naviyatdan uzib qo‘yish — Dajjolning asosiy qurolidir.

Fan va sehr
Dajjol o‘liklarni tiriltiradi, yerdan xazinalarni chiqaradi va bulutlarga buyruq beradi, deb aytilgan. Agar bugungi ilmiy taraqqiyotga nazar solsak, fan xuddi shu "mo‘jizalarni" ko‘rsatmoqda. Lekin bu fan agar imonsiz va axloqsiz bo‘lsa, u Dajjolga xizmat qiladigan sehrga aylanadi. U insonni Yer yuzining "xudosi" deb e’lon qiladi va uni Oxiratdan chalg‘itadi.

Dajjolning peshonasidagi yozuv
Rivoyatlarda uning peshonasiga "Kofir" deb yozilgan bo‘lishi va uni faqat mo‘minlar o‘qiy olishi aytiladi. Bu degani, Dajjol o‘zini juda jozibali, madaniyatli va ilg‘or qilib ko‘rsatadi. Uni til bilan emas, balki qalb bilan tanish kerak. Kimning qalbida imon nuri bo‘lsa, u material dunyoning bu aldamchi yaltiroqligi ortidagi ma’naviy halokatni ko‘ra oladi.

Dajjolga qarshi najot
Dajjol fitnasidan najot topish — bu borliqqa ikki ko‘z bilan qarashdir. Ham ilm (moddiyat), ham imon (ruhiyat) ko‘zi bilan. Faqat moddiyatga berilish insonni "bir ko‘zli" Dajjolga aylantiradi. Haqiqiy mo‘min esa dunyoni isloh qiladi, lekin unga qalbini bermaydi.

Xulosa
Mustafo Mahmud uchun Dajjol — bu ruhiyatdan mosuvo bo‘lgan, faqat yerga, qoringa va nafsga bog‘langan "Material Sivilizatsiya"ning timsolidir. Unga qarshi kurash — qurol bilan emas, balki qalbni imon va ma’rifat bilan to‘ldirish orqali bo‘ladi.

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Maqolalar