Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Halol go'sht Alloh taoloning ulug' ne'matidir

14.06.2022   1954   14 min.
Halol go'sht Alloh taoloning ulug' ne'matidir

Alloh subhanahu va taolo juda ham mehribon va hakim bo'lgan zotdir. U zot butun olamlarni yaratdi. Barcha narsani yaratgandan so'ng insonni xalq qilib, uni erda o'z xalifasi etib sayladi. Insonga barcha narsalarning nomlarini o'rgatdi. Insonni yaratibgina qolmasdan, bu dunyoda qanday yashashgi ham ta'limini berdi. Ularga payg'ambarlar yuborib, qaysi ishlarni bajarish mumkin-u, qay ishlarni bajarish mumkin emas, qay narsalarni tanovul qilish halol-u, qaysi narsalrani eyish haromligini bildirdi. U zot er yuzidagi barcha ne'matlarni insonlar va ulrning manfaati uchun yaratib, ularning xizmatida qoim qilib qo'ygandir.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَاوَاتٍ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ

“U (Alloh) er yuzidagi barcha narsalarni sizlar uchun yaratdi”  (Baqara surasi 29-oyat).

Jumhur mufassirlar bu oyatni "er va undagi narsalarni insonlarning moddiy va ma'naviy manfaatlari uchun yaratilgan" deb tafsir qilganlar. Bu o'rinda eng e'tiborli jihat bu barcha mavjudotlarning yaratilganligidir. Zero, Islom aqidasida Alloh taolodan boshqa borliqdagi barcha mavjudotlar yaratilganligi qat'iy belgilab qo'yilgan. 

Bizga yaxshi ma'lumki, Islom shariati kishilarning joni, moli, obro'-e'tibori va nasl-nasabini saqlashga katta e'tibor qaratadi. Shu manoda kishilarning pokiza va halol taomlarni tanovul qilib, nopok va zavqi salim tabiatli kishining ko'ngli tortmaydigan mahsulotlarni iste'mol qilishdan qaytarishi ularning salomatliklari garovi ekani hech kimga sir emas. Bu borada musulmonlarning dasturul amali bo'lgan Qur'oni karim va hadisi shariflarda ijmoliy va tafsiliy ko'rsatmalar talaygina. Misol tariqasida quyidagilarni zikr qilish mumkin:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ وَاشْكُرُوا لِلَّهِ إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَ إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةَ وَالدَّمَ وَلَحْمَ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ بِهِ لِغَيْرِ اللَّهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلَا عَادٍ فَلَا إِثْمَ عَلَيْهِ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Ey imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan eb, Unga shukr qilingiz. U sizlarga o'limtik, qon, cho'chqa go'shti va Allohdan o'zgaga atab so'yilgan narsalarni (iste'mol qilishni qat'iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovvuzkor bo'lmagan holda, zaruratan, majbur bo'lsa (ochlik tangligi yuzasidan tanovul qilsa) unga gunoh yo'qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Baqara surasi, 172-173-oyatlar).

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ أُحِلَّتْ لَكُمْ بَهِيمَةُ الْأَنْعَامِ إِلَّا مَا يُتْلَى عَلَيْكُمْ غَيْرَ مُحِلِّي الصَّيْدِ وَأَنْتُمْ حُرُمٌ إِنَّ اللَّهَ يَحْكُمُ مَا يُرِيدُ

“Ey imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz! Sizlar uchun chorva (xonaki) hayvonlar (go'shti) halol qilindi. Sizlarga (nomlari) o'qilajak (hayvonlar) bundan mustasno. Ehrom (haj ibodati)da bo'lganlaringizda ov qilishni halol deb sanamagaysiz. Albatta, Alloh iroda qilgan narsaga hukm qilur” (Moida surasi, 1-oyat).

حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللَّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلَّا مَا ذَكَّيْتُمْ

“O'limtik, qon, cho'chqa go'shti, Allohdan o'zganing nomi aytib so'yilgan, bo'g'ib o'ldirilgan, urib o'ldirilgan, yiqilib o'lgan, suzishdan o'lgan va yirtqich hayvon (qisman) egan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (shar'an) so'yganingiz (haloldir)” (Moida surasi, 3-oyat).

Jobir roziyallohu anhudan rivoat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Haybar kuni xonaki eshaklarning go'shtidan nahy qildilar, yilqiga esa izn berdilar”.

Yuqoridagi ko'rsatmalar asosida ulamolar oziq-ovqat mahsulotlarini, xususan go'sht mahsulotlarini halol bo'lishining asosiy qoida va mezonlarini ishlab chiqqanlar. Bu borada ham to'rt mazhab imomlari aksar hayvonlarning halolligida ittifoq qilsalarda ba'zi jonivorlarning halol yoki makruhligida ixtilof qilganlar.

Hayvonlarning go'shti halol bo'lishidagi mezon.

Alloh taolo:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ أُحِلَّتْ لَكُمْ بَهِيمَةُ الْأَنْعَامِ

“Ey imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz! Sizlar uchun chorva (xonaki) hayvonlar (go'shti) halol qilindi”, degan (Moida surasi, 1-oyat).   

Oyati karimadagi “ahdnomalar” so'zidan ikki tomon o'zaro kelishib tuzadigan va imzolab tasdiqlaydigan hozirgi urfdagi ahdnomalarni tushunmaslik kerak. Bu erda keng ma'nodagi ahdnomalar nazarda tutilgan.

Avvalo, bu ahdnomalar insonning banda sifatida Alloh taolo huzuridagi ahdnomalaridir. Allohga berilgan imon ahdida halol va haromning hukmini faqat Alloh taoloning O'zidan olish sharti ham mavjud. O'sha ahdga muvofiq, Alloh taolo nima halol-u nima haromligini O'zi belgilamoqda:

أُحِلَّتْ لَكُمْ بَهِيمَةُ الْأَنْعَامِ إِلَّا مَا يُتْلَى عَلَيْكُمْ

“Sizga, keyin tilovat qilinadiganlardan boshqa, chorva hayvonlari halol qilindi”.

“Chorva hayvonlari” deb tarjima qilinayotgan so'z Qur'oni karim matnida “al-An'om” deb kelgan. Bu so'z arab tilida tuya, qoramol va qo'y-echkilarga nisbatan ishlatiladi. Bunda xonakilari ham, yovvoyilari ham barobardir.

Demak, mazkur hayvonlar aslida haloldir. Ammo ba'zi mustasno hollarda harom bo'lishi ham mumkin. Unday hollar oz bo'lgani uchun ularni alohida, boshqa oyatlarda ko'rsatiladi.

Moida surasining uchinchi oyatida aslida go'shti halol jonivorlarning go'shtlari haromga aylanib qoladigan o'rinlari bayon qilingan. U oyatdan quyidagilarni harom ekanligini bilib olsak bo'ladi:

- O'limtik;

- Qon; (Qonning jonliqni bo'g'izlagan payt otilib chiqqani harom. Ammo jonivorni shar'iy qoidalar asosida so'ygandan keyin go'sht ichida qolgan qonning zarari yo'q)

- Cho'chqa go'shti;

- Allohdan o'zganing nomi aytib so'yilgan hayvonlar go'shti;

- Bo'g'ib o'ldirilgan hayvonlar go'shti;

- Urib o'ldirilgan hayvonlar go'shti;

- Balandlikdan yiqilib o'lgan hayvonlar go'shti;

- Boshqa jonivorlarning suzishidan o'lgan hayvonlar go'shti;

- Yirtqich hayvonlar qisman egan hayvonlar go'shti.

Oyati karimada zikr qilingan bu holatdagi barcha hayvonlarning go'shti haromligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Ammo yuqoridagi hollarda jonivorning hali joni chiqmagan bo'lsa-yu, uni shar'iy yo'l bilan so'yganda halol bo'lishi shartlari borasida kichik ixtilof mavjud. Alloma Muhammad Ali Sobuniy o'zlarining “Rovaiul bayan tafsiru ayatil ahkam minal Qur'an” nomli tafsirlarida mazkur holatlar haqida ulamolarning fikrlarini quydagicha bayon qiladilar:

- Hanafiy va shofe'iy mazhablariga ko'ra jonivor (yuqoridagi hollarda) tirik holda topilsa, ya'ni uning dumi harakatlanib turgan yoki depsinib tursa va shu kabi hayot alomatlari bor holatda uni so'yilsa u haloldir.

- Bazi ulamolarning fikricha (bu hollarda go'shti halol bo'lishi uchun) chorva mollarining hayoti mustahkam bo'lishi shart. Hayoti mustahkamligi esa uni so'yib (bo'g'izlab) bo'lgach harakatlanishi lozim. Bo'g'ilayotgan paytdagi harakati ahamiyatsizdir.

Bu borada Imom Molik rohimahullohdan ikki xil rivoat keltirilgan bo'lib, ular:

- Agar so'yuvchining gumonida jonivor o'lgan degan fikr g'olib kelsa, uning go'shti halol bo'lmaydi;

- Hanafiy va shofe'iy mazhabiga ko'ra jonivorda hayotning eng kichik alomatlari bor holatda so'yilsa ham halol bo'ladi.

Alloma Sobuniy bu ixtiloflarning sababini quydagicha izohlaydilar:

“Ulamolarning ixtiloflarining sababi oyatdagi “illo so'yganingiz” iborasidagi istisnodir. Ya'ni bu istisno muttasil yoki munqote' ekanidir. Kimki bu istisnoni muttasil desa, u istisno (mazkur holda so'yilgan jonivorni) xaromlik hukmidan chiqaradi, deb hukm qiladi. Shunda oyatning ma'nosi: “Illo unda hayot qoldig'i bor holda topib, uni so'ysangiz ana shuni eyish sizlarga halol”, degani bo'ladi.

Ammo kimki istisnoni munqote' desa, shar'iy so'yish bunday holatdagi jonliqni hallol qilmasligiga hukm qilgan. Chunki bu o'rinda harom qilinganlardan emas, balki harom qilishdan istisno bo'lyapti. Shunda oyatning ma'nosi: “Sizlarga nomlari zikr qilinganlardan boshqa jonivorlar harom qilindi. Lekin Alloh taolo so'yish bilan halol qilgan jonivorlardan so'yganlaringiz sizlarga haloldir”, degani bo'ladi.

Yuqorida zikr qilingan holdagi jonliqlarning go'shtlari haromlik sabablarini shariat va tib ulamolari quyidagicha izohlashadi:

O'limtik. U Alloh taolo halol qilgan jonivorlardan o'zi o'lib qolganidir. Sof insoniy tabiat o'limtikni xohlamasligi hammaga ma'lum. O'limtikni bilib turib eyish uchun insonlik tabiatidan chiqish kerak. Buning ustiga hayvonga og'ir kasallik etmasa, o'zidan-o'zi o'lib qolmaydi. Kasallik bilan o'lgan hayvondagi turli illatlar va mikrioblar butun go'shtiga tarqalib ketadi. Tib ilmi bunga o'xshash hikmatlarni ko'plab kashf etgan. Biz bilmagan yana qancha hikmatlari bor.

Qon. Ya'ni hayvonni so'yganda oqqan qonni to'plab olib istemol qilish ham haromdir. So'yilgan hayvonning tomirlarida qolgan qon harom emas. So'yilgan hayvonlarning bo'g'zidan oqqan qonni ham sof insoniy tabiat inkor etadi. Tibbiy nuqtai nazardan qaraganda ham, hayvon so'yilganda undagi mavjud barcha mikroblar, kasalliklar va boshqa zararli illatlar qon bilan chiqib ketadi, ularni to'plab, tanovul qilish koni ziyon. Alloh taolo insonlarga zarar keltiradigan narsalarning barchasini harom qiladi.

Cho'chqa go'shti. Oyatda faqatgina go'shti zikr qilingan bo'lsada uning barcha a'zolari haromdir. Hattoki u musulmonlar uchun mol hisoblanmaydi. Uni sotish yoki sotib olish musulmon kishiga mutloq joiz emas. Unig haromlik hikmatlariga kelsak, “Tafsirul munir” va “Rovaiul bayan fi tafsi ayatil ahkam” asarlarida quydagi illatlar bayon qilinadi:

- Uning go'shti zararlidir. Sog'lom tabiat undan nafratlanadi. Chunki u iflos hayvon. Odatda chiqindi va najosatlar bilan ozuqalanadi. Shu sababli o'zi ham najosatdir;

- U o'zida o'limga sabab bo'luvchi kuchli bakterya va mikroblarni olib yuradi. Shu sababli unda katta zararlar mavjud;

 - Unda dayuslikka o'xshash ko'plab iflos tabiatlar mavjud. Hech qachon o'zining urg'ochisini qizg'onmaydi. Unin go'shti bilan ozuqlangan shaxs bulardan ta'sirlanadi. Zero inson tanasi barcha ozuqalardan shu ozuqaning tarkibida mavjud moddalardan tasirlanadi. Ba'zi taomlar insonni issig'ini oshirsa, ba'zilari sovug'ini oshiradi;

- Uni go'shtini istemol qilgan kishiga, qanchalik toza joyda boqilsa ham, cho'chqaning mushaklari orasida bo'ladigan sipiralsimon gijja tuhumlari ko'chib o'tadi.

Alloh taolodan o'zganing nomi aytib so'yilgan jonliqning go'shti. Uning haromligi biror-bir moddiy najosat va zararlar tufayli emas, balki ma'naviy zarar tufaylidir. Insonlarni yaratib jon ato qilgan Alloh taolo hayvonlarni ham yaratib, ularga ham jon ato etdi. Insonlarga, xususan musulmonlarga go'sht mahsulotlaridan boshqa ozuqalarda uni tayyorlayotgan kishining etiqodi ahamiyatsizdir. Ammo yuqorida aytilganidek jon va ruh egasi bo'lganlar bundan mustasno. Zero ularning ruhi bo'lganligi tufayli aslida go'shtlarini tanavvul qilishimiz joiz emas. Lekin Alloh azza va jalla bizlarga ularni maxsus shartlarga rioya qilgan holda ulardan ozuqa sifatida foydalanishimizga ruhsat berdi. Agar Uning ko'rsatmalariga amal qilmasak jonivorlarning go'shtidan tanovvul qilishimiz durust emas.U shartlardan biri ruhni chiqarayotgan paytda shu ruhni yaratgan Zotni eslab, zikr qilishdir.Agar bu shart bajarilmay, qolgan barcha shartlar shar'iy asosda amalga oshirilsa ham hayvonning go'shti halol bo'lmaydi.

Alloh subhanahu va taolo barchamizga harom narsalardan saqlanib, o'zining halol qilib qo'ygan ne'matlaridan tanovul qilishimizni nasib va muvaffaq aylasin!

 

Manbalar asosida 405-guruh talabasi

Kobulov Oyatilloh tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Osoyishtalik siri

17.06.2025   4481   1 min.
Osoyishtalik siri

Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga: 
 

– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi. 
 

Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan  oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi. 
 

Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.


Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati). 
 

Mana, osoyishtalik siri nimada ekan! 

Akbarshoh Rasulov

 

Ibratli hikoyalar