Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Halol ochiq-oydindir, harom ham ochiq-oydindir. Ular orasida ko'p odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va sha'ni uchun o'zini pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qo'riqxona atrofida cho'ponlik qilib, unga o'tib ketay degan cho'ponga o'xshaydi. Ogoh bo'ling! Albatta, har bir podshohning qo'riqxonasi bordir. Ogoh bo'ling! Albatta, Allohning erdagi qo'riqxonasi – harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo'ling! Tanada bir parcha go'sht bor, u sog'lom bo'lsa, butun tana sog'lom bo'ladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo'ling! O'sha narsa qalbdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Shariatda halol va harom nozik, murakkab masala hisoblanadi. Qilni qirq yorgan faqihlar ushbu masalani ham eng nozik nuqtalarigacha o'rgandilar. Ular bu masalaga bag'ishlangan mashhur fiqhiy qoida:الضرورات تبيح المحظورات – “Zaruratlar man etilganlarni ham joiz qiladi”ni ishlab chiqdilar.
“Zaruratlar man etilganlarni ham joiz qiladi” – hojat, ehtiyoj va mashaqqatlarni qamrab olib, odamlarga engillik va osonlik tug'dirilishi uchun shariatga kiritilgan ahamiyatli fiqhiy qoidalardan biridir. Ushbu qoida bugungi kunda ham dolzarbligini yo'qotgan emas. Chunki hozir hojatlar har qachongidan ko'ra ko'paygan, tabiiy ehtiyojlar ortgan davrdir. Ana shu qoidaning mohiyatini to'liq anglamasdan, uni noto'g'ri talqin qilish hollari kuzatilmoqda. Masalan, zamonaviy fotosuratlar va videolavhalar ommalashib ketdi. Lekin aksariyat insonlar ulardan to'g'ri foydalanish o'rniga, fahsh ishlarni tarqatish bilan ovora.
Behuda suratga tushib, tarqatishning oqibatlari haqida to'xtalmoqchimiz.
Nazarlanish. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga xitob qiladi: «Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko'zlari bilan toydirmoqchi bo'ldilar va, albatta, u jinnidur, derlar» (Qalam surasi, 51-oyat). Oyatdagi “Ko'z bilan toydirish”ning ikki xil ma'nosi bor. Biri – adovat va dushmanlik nazari bilan haq yo'ldan toydirish, adashtirish. Ikkinchisi, nazar orqali jismoniy zarar etkazish, yiqitish, halok qilish.
Oyatning nozil bo'lish sababi haqidagi rivoyatlarda mushriklar Quraysh qabilasidan “ko'zi” bor bir kishini olib kelib, Payg'ambarimiz alayhissalomga yomon nazar bilan qaratib, zarar etkazmoqchi bo'lishgani aytiladi.
“Ko'zli” odamlar Bani Asad qabilasida ko'p bo'lar ekan. Agar ulardan biri semiz tuyani ko'rganda yomon ko'z bilan qarab: “Hoy qiz, idishni olib borib, manavining go'shtidan olib kel” desa, tuya tezda kasal bo'lib yiqilar, egasi uni so'yib yuborishga majbur bo'lar ekan.
Demak, tarmoqlarga joylashtirilgan suratdagi shaxslarga ko'z tegishi, sehr qilinishi, undan ba'zi kishilar zararlanib, xasta bo'lishi mumkin.
Maqtanchoqlik. Qur'oni karimda Alloh taolo maqtanchoq va mutakabbir kimsani yoqtirmasligini bunday bayon qiladi: «Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas» (Luqmon surasi, 18-oyat). Kibr – ulkan gunoh. Mo'min-musulmon kibrlanishga mutlaqo yo'l qo'ymasligi, o'zini hamisha xokisor, kamtar tutishi lozim. Hayotni Allohga chin bandalik qilish bilan bezashi kerak. Maqtanchoqlik hamda kibr bir-biriga juda yaqin, ta'bir joiz bo'lsa, egizak tushunchalar hisoblanadi. Agar biror kishi maqtanchoq bo'lsa, demak, unda kibr bor, shuningdek, kibrli kimsa, albatta, maqtanchoq bo'ladi.
Ko'ngil sindirish. Halqimizda “Besh qo'l barobar emas” degan ibora bor. Sinovli dunyoda Alloh taolo kimnidir mol-dunyo, kimnidir faqirlik, kimnidir farzandsizlik va yana kimnidir betoblik bilan sinaydi. Umri qiyinchilikda o'tayotganlar ham yo'q emas.
Alloh taolo barchamizga farosat, insofi tavfiq bersin!
Mirodil MIRJALILOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari
"Hidoyat" jurnali 2022 yil 1-sonidan
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.