Zamon globallashgani sari uning foydalari bilan birga zararlari ham tobora namoyon bo'lmoqda. Shulardan biri kiyinish masalasidir. Yoshlarimiz taqlidga o'ch bo'lgani bois internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda ko'rgan modalari ortidan ergashishga harakat qilyaptilar.
Natijani esa ko'rib turibmiz: yigitlar kaltaishton kiyishib, burni va quloqlarini teshtirib olmoqda. Qizlardan esa hayo pardasi ko'tarilgan. Eng yomoni, bular oddiy hol sifatida qabul qilinmoqda.
Muqaddas dinimizda har bir narsaning odobi bo'lgani kabi, kiyinishning ham go'zal tartib-qoidalari bor. Kiyim – inson ziynati. U kishi ma'naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko'zgusidir. U insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo'lib xizmat qiladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo''jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko'rsalar!” (A'rof surasi, 26-oyat).
Bugungi globallashuv davri liboslarga ham ma'lum ma'noda o'z ta'sirini o'tkazayotgani achinarlidir. G'arbdan kirib kelayotgan ajnabiy suratlar va turli yozuvlar aks etgan kiyimlarni ko'rib, yoqa ushlaysan kishi. Ayniqsa, ayrim o'smir yigitlar ustidagi liboslar har qanday insonni taajjubga solishi shubhasiz.
Abu Homid G'azzoliy «Qalb ajoyibotlari» nomli kitobida ko'rkam va qimmatbaho kiyimlarga o'chlik shaytonning inson qalbini zabt etish uchun kiradigan eshiklaridan biri ekani haqida yozgan. Darhaqiqat, shayton insonni umr bo'yi oliy nav va faxrli kiyimlar bilan ziynatlanishga chorlab, shu yo'l bilan ham o'ziga bo'ysundirishga, nafsining quliga aylantirishga harakat qiladi.
Shayx Sha'biy aytadi: «Ahmoqlar ustingdan kulmaydigan va faqihlar (shariat bilimdonlari) ayblamaydigan kiyimni kiy». Muhammad ibn Siriyn: «Shuhrat oldin kiyimni uzun kiyishda edi, so'ng uni yangilashga o'tdi», degan. Umar ibn Hattob: «Kiyimning dag'al va eskirganini kiyinglar», deganlar. Bu zot masjid minbarida xutba o'qiyotganlarida, ustilarida ettita yamoq solingan ko'ylak bor edi.
Odobimizda ayniqsa ayollarning kiyinishiga katta e'tibor bilan qaralgan. Ularning yuzi, ikki qo'l kaftidan boshqa hamma joyi uyatli (avrat) bo'lgani uchun, u begona nazarlardan yashirilishi va kiyinish ham shunga munosib bo'lishi lozim. Hozirgi paytda ayrim qiz-juvonlar o'rtasida urf bo'lganiday, engi va etagi kalta, ko'ksi ochiq kiyimlar, gavda va a'zolarini «ko'z-ko'z» qilib turuvchi tor va yupqa-harir ko'ylaklar, eng achinarlisi, ko'krak, kindik va boldirlarini ochib, hammaga namoyish qilib yurishlar odobimizga mutlaqo ziddir.
Amerika teri kasalliklari mutaxassislari o'tkazgan tadqiqotlar natijasida g'arblik ayollar yosh bo'la turib husn va jozibalarini tez yo'qotayotganlari, barvaqt ajin tushayotgani va uning tez ko'payib ketayotgani, aksincha, muslima ayollarning etmish-sakson yoshda ham yuzlari chiroyli, ajinsiz va nurli ekani, ularda g'arb ayollarida ko'p uchraydigan teri saratoni (raki) xastaligi deyarli kuzatilmayotgani ayon bo'ldi.
Boshqa sohalarda bo'lgani kabi, kiyinish borasida ham musulmon inson avvalo halol-haromga e'tibor berishi lozim. Uning kiyadigan kiyimi halol kasb bilan topilgan bo'lishi va uni kiyish shar'an harom bo'lmasligi kerak.
Bugun ayrim kishilar hatto davralarga ham pala-partish, kir-chir kiyimlarda kelib qoladi. Kiyim kir bo'lsa, yuvadi, yirtilsa, tikadi, bujmaysa, dazmollaydi, tugmasi uzilsa, qadaydi va hokazo.
Sahl ibn Hanzaliyadan rivoyat qilinadi: «Bizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, sizlar birodarlaringiz huzuriga borursizlar. Bas, libosingizni tuzating, egar-yuklaringizni tuzating, odamlar ichida xuddi xoldek bo'ling», dedilar» (Imom Ahmad, Abu Dovud, Tobaroniy va Hokim rivoyati).
Hullas, yoshlarimizga aytar so'zimiz shuki, g'arbga taqlid qilishimiz bilan hech narsani yo'qotmaymiz, deb o'ylashingiz mumkin. Bu juda katta xato. Chunki o'zligidan mosuva insonning yo'qotadigan boshqa narsasi yo'q.
Tavfiq Allohdan!
Mansur O'ROLOV,
Sergeli tumanidagi “No'g'ayqo'g'on” jome masjidi imom noibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy ko‘makka oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy idora rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati