Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2025   |   21 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:25
Bismillah
12 Noyabr, 2025, 21 Jumadul avval, 1447

Haj safari atrofidagi gap-so'zlarga munosabat

05.06.2022   6218   8 min.
Haj safari atrofidagi gap-so'zlarga munosabat

Aziz yurtdoshlar! Yaratganga beadad shukrlar bo'lsinki, mana, 2 yildan beri intiqlik bilan kutganimiz haj safariga ham yo'llar ochildi. 2022 yilgi mavsumda o'zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar miqdori 7200 kishidan 10 ming 865 nafarga oshirildi. Bu, shubhasiz, millionlab insonlarning qalbiga xursandchilik olib kirdi. Keksalar tilida duo: etkazganiga shukr, kimlar etdi kimlar etmadi, Alloh qodir qilsin, hammani O'zining baytiga etkazsin...

Taassufki, yurtimiz bo'ylab ana shunday xursandchilik shukuhi kezib yurgan bir mahalda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari internet tarmoqlaridagi to'liq asosga ega bo'lmagan ma'lumotlarni tarqatib, odamlarda norozilik kayfiyatini uyg'otishga harakat qilayotgani achinarli hol, albatta.

Ushbu maqolada yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi turli asossiz va tagi yo'q ma'lumotlarga chalg'ib qolmasliklari uchun quyidagi ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etamiz:

 

Birinchidan, “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to'lov miqdori 62 million 900 ming so'm so'm etib belgilangani va ushbu to'lovga nimalar kirishi haqida to'xtalib o'tsak.

Avvalo, Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta'sir qiluvchi qo'shimcha soliq va majburiy to'lovlar joriy qilinganini, shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to'lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshganini aytib o'tish lozim.

Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to'lovlar joriy etilgan.  Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o'rtacha 40-45 foizga ko'tarilgan.

O'rganishlar natijasida ayrim davlatlarda haj safari uchun “Iqtisodiy”, “Lyuks” va “VIP” paketlarda xizmat ko'rsatilmoqda.

Eng e'tiborli jihati – O'zbekiston tomoni Saudiya bilan olib borilgan uzoq muzokaralar natijasida ziyoratchilarimiz uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat ko'rsatishga erishdi va to'lov uchun o'rta narxni belgiladi.

Eslatib o'tamiz, ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming AQSh dollarigacha etib belgilangan.

 Ikkinchidan, yurtdoshlarimiz joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Aslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat ko'rsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydilar.

Ushbu mehmonxonalar yuqori sig'imli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qo'shni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga o'z ta'sirini ko'rsatadi.

To'rtinchidan, yana bir muhim jihat – joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha to'lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining “Haj elektronportali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirildi. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo'lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu erning o'zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.

Beshinchidan, joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko'tarildi. Shunday bo'lsada, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko'rsatishga erishildi.

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo'lsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to'shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko'rsatiladi.

Oltinchidan, haj uchun to'langan mablag' ichiga quyidagiar kiradi:

  • Haj vizasi;
  • Aviabilet;
  • Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
  • Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
  • Madina shahrida Uhud tog'i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
  • Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
  • Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
  • 24 soat tibbiy xizmat;
  • Hojilarning tibbiy sug'urtasi;
  • 24 soat transport xizmati;
  • 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
  • Haj qo'llanmasi;
  • Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
  • «Zamzam» suvi (5 litr);
  • Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
  • Madinai munavvaraga to'g'ridan-to'g'ri aviareys;
  • Qurbonlik.

Yuqoridagilardan ham anglagan bo'lsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko'rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.

Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal bo'lishini ta'minlash!

 

Aziz yurtdoshlar!

Ushbu muborak safarni tashkil etish ishlari mo'min-musulmon yurtdoshlarimizni rozi qilish tamoyili asosida olib borilayotganini eslatib o'tamiz hamda vaziyatni to'liq va  puxta o'rganmasdan tarqatilayotgan bir yoqlama ma'lumotlarga aldanib qolmasligingizni so'rab qolamiz.

So'zimiz yakunida, ikki yillik tanaffusdan so'ng, haj safariga yo'l ochilgani uchun Alloh taologa shukronalar aytib, ziyoratchilarimizning hajlari mabrur, gunohlari mag'fur, sa'ylari mashkur bo'lishini Yaratgandan so'rab qolamiz.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zingga ishon | Chumchuqning motivatsion hikoyasi

11.11.2025   1134   4 min.
O‘zingga ishon | Chumchuqning motivatsion hikoyasi

Ba’zan inson maqsadlari sari qanchalik harakat qilmasin, nafsi baribir uning qulog‘iga: “Sen kuchsizsan, qanchalik urinmagin, baribir maqsadingga yeta olmaysan” deb pichirlayotgandek bo‘ladi go‘yo.
Keling, sizni kichik chumchuq misolida bir o‘rmonga olib ketay. Bu sokin o‘rmon ichida yashagan kichkina chumchuqning hikoyasi. Bir gala qushlar shamolga minib, qanotlarini yoyib uchib ketishdi. Ammo bir chumchuq uyasida qimir etmay o‘tirar, ko‘zlari sog‘inchga to‘la, faqat bir narsani, ular kabi uchishni orzu qilar edi.

Har kuni ertalab quyosh nuri shoxlar orasidan ko‘tarilib chiqarkan, u o‘ziga-o‘zi pichirlardi: “Balki bugun men uddalarman, balki bugun ucharman”. Ammo u mitti qanotlarini yoyib, sakrab inidan chiqar, biroq qo‘rquv uni yana ortga qaytarardi. Uning tanasi titrab ketardi va yana erga yiqilardi. Boshqa qushlar uning ustidan kulib: “Seni qara, sen hech qachon ucha olmaysan. Chunki juda zaifsan” deb mazah qilishardi.
Ularning ovozi o‘rmon bo‘ylab mitti qushuning yuragiga urilgan o‘qlardek aks-sado berardi. Chumchuq uyalganidan boshini pastga tushirar, ko‘kragi titrar, ko‘zlari ko‘z yoshlaridaye yaltirab turardi. U javob bermoqchi bo‘lardi, lekin hech qanday so‘z tiliga kelmasdi.
O‘sha kecha u bepoyon osmon ostida yulduzlarga tikilib o‘tirdi. Ko‘z yoshlari yuzlarini yuvardi. O‘ziga-o‘zi pichirlab: “Balki men kichkinaman, kuchsizdirman, lekin orzularim, orzularim qo‘rquvlarimdan kuchliroqdir”, dedi.

Ertasi kuni ertalab u hayotini o‘zgartiradigan tanlov qildi. "Men yana urinib ko‘raman. Yiqilib qolsam ham ortga chekinmayman". Qaltirayotgan qanotlarini qoqib, uchmoqchi bo‘ldi... Ammo u yana yiqildi. Uni masxara qiluvchilarning ovozi har qachongidan ham kuchaydi.
O‘sha oqshom uning yoniga dono qari boyo‘g‘li uchib kelib: “Yiqilish muvaffaqiyatsizlikka uchraganni anglatmaydi, uchish uchun qanot kifoya emas, jasorat kerak. Senda esa shunday jur’at bor”, dedi.
Jajji chumchuq birinchi marta ko‘z yoshlari ortidan tabassum qildi. “Ertaga yana urinib ko‘raman”, dedi o‘ziga ishonch bilan.

Ertasi kuni ertalab mazah qiluvchilar ham, tomoshabin va dalda beruchilar ham yo‘q edi, faqat kichkina chumchuq va uning orzusi bor edi. U qanotlarini yoyib, uchmoqchi bo‘ldi. Ammo bu safar u darhol yiqilib tushmadi. Bir necha soniya davomida u havoda turdi, qanotlari titrar, lekin barqaror edi. Yerga tushganida, yuragi quvonchdan yorilib ketay dedi.

Bir lahzaga bo‘lsa ham uchdim. Men haqiqatan ham uchdim. Kunlar o‘tdi va o‘rmon bo‘ylab bo‘ronlar tarqaldi. Shamol gumburladi, osmon qorong‘ilashdi va boshqa barcha qushlar uyalariga yashirindilar. Ammo kichkina chumchuq qanotlarini yoyib, shiddatli shamolga otildi. Shamol uni ortga uchirib yuborar, hatto patlarini yirtib tashlardi. Ammo u har yiqilganida, avvalgidan ham kuchliroq ko‘tarildi. Bo‘ron to‘xtaganda, u har qachongidan ham balandroqqa ko‘tarildi, hattoki bulutlarga tegdi. Bir paytlar uni masxara qilgan qushlar endi jim, hayratlanib tomosha qilib turishardi. Chumchuq ko‘klarga ko‘tarilarkan boyo‘g‘lining so‘zlarini esladi: “O‘zingga ishonsanggina, shunda ucha olasan”.

Yillar o‘tib, yana bir yosh chumchuq uchishdan qo‘rqib, daraxtning shoxida qo‘rqib o‘tirardi. Shunda kuchli va qo‘rqmas chumchuq: “Qo‘rquvni hamma his qiladi. Lekin faqat o‘ziga ishonganlarning boshi osmonga tegadi”, dedi.
Hayot qoqilmaslik yoki yiqilmaslikdan iborat emas. Har yiqilganingizda ko‘tarilmoqchi bo‘lsangiz odamlar ustingizdan kulib, sizni ortga chekinishizga sababchi bo‘lishadi. Ammo ularning ovozi sizni maqsadingiz sari qadam tashlashidan to‘xtatmasin. Shunday ekan, o‘zingizga ishoning. Butun dunyo sizga qarshi bo‘lsa ham, qo‘rquv, ikkilanishga yengilmang!

Unutmang! Sizning orzularingiz – qanotlarga muhtoj emas. Ularga jasorat, ishonch va qat’iyat kerak.

Davron NURMUHAMMAD