Ayni kunda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida “Ommaviy axborot vositalarida diniy masalalarni yoritish” mavzusida mintaqaviy forum bo'lib o'tmoqda. Unda Tojikiston va O'zbekiston diniy soha va OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Halqaro forum Tojikiston hukumati huzuridagi Din, urf-odatlar, bayram va marosimlarni tartibga solish qo'mitasi hamda “Intern'yus netvork” axborot agentligi filiali bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanning ochilish marosimida Tojikistondagi “Intern'yus netvork” axborot agentligi rahbari Ruhshona Najmiddinova va Tojikiston hukumati huzuridagi Din, urf-odatlar, bayram va marosimlarni tartibga solish qo'mitasi raisi o'rinbosari Abdurahmon Vahhobzoda qatnashib, mazkur forumning bugungi ahamiyati haqida so'z yuritdi.
Shuningdek, anjuman davomida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg'un G'ofurov so'zga chiqib, “O'zbekistonda diniy bag'rikenglik” to'g'risida ma'ruza qildi. U o'z nutqida keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy jabhada ulkan o'zgarishlar bo'layotgani va bu o'z navbatida, barcha diniy konfessiyalariga teng imkoniyatlar yaratilayotganini ta'kidladi.
Forum davomida mutaxassislar tomonidan mavzu doirasida bir qancha ma'ruzalar qilinib, ularning fikr-mulohazalari bo'yicha bahs-munozalar bo'lib o'tdi.
Ikki kunlik anjuman doirasida o'ndan ortiq O'zbekiston jurnalistika sohasi vakillarining diniy bag'rikenglikning OAV yorilitishi bo'yicha chiqishlar qilishi kutilmoqda.




Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati