Bir do'stim boshidan o'tkazgan voqeani aytib berdi. Bir kuni u tahorat qilib masjidga kiribdi va tahoratdan qolgan namlik qulog'idan hali ketmagan edi. U birinchi safga, sovutgichning to'g'risiga borib turibdi. Sovutgichdan chiqqan muzdek havo quloqlariga kirib, hech qancha vaqt
o'tmasdan qulog'ida og'riq boshlanganini sezibdi. Shu onda og'zini ochmasdan qalbi
bilan: “Ey Alloh, bu (men olgan tahoratim) Sen sababli edi” degan hamki, og'riq taqqa bosilibdi.
Siz hatto labingizni qimirlatmasdan ichingizda aytgan gapingizni biladigan darajadagi yaqinlik qanday yaqinlik-a?
Sizning Alloh taologa eng yaqin bo'lgan holatingiz sajda qilgan holda “Subhana Robbiyal 'ala” deb shivirlashingizdir. Sizning bu shivirlashingizga etti osmon
o'z eshiklarini ochadi. Zero sizni Jabbor bo'lgan Zot eshitib turadi.
Siz Allohni uzoqda, biror yashirin
ishingiz maxfiyligicha qoladi, deya o'ylamang...
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni yarim tunda Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhuning eshigini qoqish uchun ko'chaga chiqadilar. Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu tashqariga chiqqan vaqtlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Alloh senga Fotiha surasini o'qib berishimni buyurdi”, dedilar. Ubay hayajon ila “U zot mening ismimni aytdimi?!” dedi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Ha”, dedilar. Ubay roziyallohu anhu yig'lab yubordi (Imom Buxoriy rivoyati).
«Chunki Sen Allohsan» kitobidan.
Jannatul Baqi’ — Saudiya Arabistonining Hijoz mintaqasida, Madinai munavvarada joylashgan islom tarixidagi ilk va eng qadimiy qabriston. U Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, “Baqi’ul G‘arqad” nomi bilan ham mashhur. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning oila a’zolari va ko‘plab sahobalari dafn etilgan.
Qabriston milodiy 622 yilda tashkil etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida (milodiy 622 yil, sentyabr), Baqi’ yerlari g‘arqad, ya’ni tikanli butalar bilan qoplangan bo‘sh maydon edi.
Badr jangi bo‘layotgan vaqtda (milodiy 624 yil) vafot etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho Baqi’ qabristoniga birinchilardan bo‘lib dafn etilgan. Sahobalardan esa birinchi bo‘lib, muhojirlardan Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu, ansorlardan As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu shu yerga qo‘yilgan.
Jannatul Baqi’dagi 13 ta mashhur qabr va ziyoratgohlar:
1. Safiya binti Abdulmuttalib va Otika roziyallohu anhumo: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari.

2. Abdulloh ibn Ja’far va Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshlari va amakivachchalari.

3. Rasulullohning ayollari, mo‘minlarning onalari: Xadicha binti Xuvaylid va Maymuna binti Horis roziyallohu anhumolardan tashqari Payg‘ambarimizning barcha ayollari shu yerga dafn etilgan.

4. Payg‘ambarimizning qizlari: Fotimai Zahro, Ruqayya, Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anhumolarning qabrlari.

5. Payg‘ambarimizning yaqin ahli baytlari: Bu yerda amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib, shuningdek, Zaynulobiddin ibn Husayn, Hasan ibn Ali, Muhammad Boqir va Ja’far Sodiqlar dafn etilgan.

6. Ibrohim roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘dakligida vafot etgan o‘g‘illari.

7. Harra jangi shahidlari: Madina shahrini himoya qilishda shahid bo‘lganlar.

8. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Zunnurayn” - ikki nur sohibi, Islom olamining uchinchi xalifasi.

9. Halimai Sa’diya: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emizgan sut onalari.

10. Abu Said Xudriy va Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ sahobalaridan.

11. Imom Molik va Imom Nofe’: Mashhur Molikiy mazhabi asoschisi Imom Molik ibn Anas va uning ustozi, qiroat olimi Imom Nofe’ ibn Abu Nuaym.

12. Hasan ibn Ali roziyallohu anhu: Payg‘ambarimizning suyukli nabiralari, Hazrat Ali va Fotima onamizning o‘g‘illari.

13. Fotima binti Asad roziyallohu anho: Hazrat Ali roziyallohu anhuning onalari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z farzandidek voyaga yetkazgan ayol.

Baqi’ qabristonidagi maqbara va gumbazlar 1806 va 1925 yillarda buzib tashlangan. Hozirgi kunda qabrlar ustida hech qanday bino yoki belgilar yo‘q, ular oddiy tuproq va toshlar bilan belgilangan.
T.Azimov tayyorladi