Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov
    
    
    
  
  
  
  
  
  
    
  Joriy yilning 23 oktyabridan 2 noyabriga qadar Haj va umra markazi tomonidan umra safariga borib kelgan ziyoratchilar safar davomida o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlardan juda mamnun bo‘lishdi.
Madinai munavvarada Ravzai sharifga kirish, Uhud tog‘i, Qubo masjidi ziyoratlaridan bir olam tassurotlar olib, ehrom bog‘lab Makkai mukarramaga kelgan ziyoratchilarning hammasi ibodatlarini ado etishdi.
Ka’batulloh tavofi, besh vaqt va nafl namozlar bilan bir qatorda Arafot, Nur, Savr tog‘lari hamda Mino, Muzdalifa vodiylari kabi muborak qadamjolarga uyushtirilgan ziyoratlardan dillarda farah jo‘sh urdi.
Qizil dengizga qilingan sayohat ularning kayfiyatlarini yanada chog‘ etdi.
– Keksayib qolganim uchun, garchi kuyovim va qizim bilan uzoq safarga chiqqan bo‘lsam ham, xavotirim bor edi, – dedi surxondaryolik 76 yoshli Osiyo ona Toshmuhammedova. – Xalqona til bilan aytganda, egali ekanmiz. Ishchi guruhi, ellikboshilar, shifokorlar doim xizmatga shay turishdi. Ibodatlarni birma-bir, yetaklab yurib o‘rgatishdi. Biror joyda yeb-ichishning, mehmonxonaning yo ulovning tashvishini qilmadik. Allohga behisob shukrki, safarimiz nihoyatda huzur-halovatli o‘tdi.
Ziyoratchilarni O‘zbekistondan muborak diyorga kuzatishdan tortib, to ona Vatanga qaytishlarigacha bosh-qosh bo‘lganlar haqiga duolar qilindi. 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati