Avval xabar berganimizdek, bugun, 20 may kuni Muftiy Nuriddin domla hazratlari juma namozini ado etish, hudud mo'min-musulmonlari bilan birga bilan muloqot qilish uchun Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi “Qassoblik” jomesiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida Muftiy hazratlari masjidning qayta qurilgan binosini ko'zdan kechirdilar, jome xodimlari bilan muloqot qilib, namozxonlarning ibodatlarini chiroyli ado etishi va ilm-ma'rifatini oshirishi uchun barcha sharoitlarni hozirlash lozimligi, buning uchun imom va noiblar o'z ustida ishlashi kerakligi ta'kidladilar.
Shundan so'ng Muftiy hazratlari juma namozi oldi masjidga yig'ilgan minglab mo'min-musulmonlar sermazmun mav'iza qilib berdilar.
Juma namozi yakunida Muftiy hazratlari Haq taolodan minglab vobkentlik mo'min-musulmonlar bilan birga yurt tinchligi, el farovonligini so'rab xayrli duolar qildilar.
Ma'lumot uchun, Vobkent tumanidagi “Qassoblik” jomesining yangi binosi qurilishi 2019 yilning may oyida boshlanib, 2022 yilda tugallanib, shu yil 1 aprel' sanasida foydalanishga topshirildi. Ilk bor 1993 yili qurilgan masjidning eski binosi namozxonlarga tor, binolari holati yomon holatda edi.
Masjidning umumiy maydoni 22 gektarni tashkil etadi. Jomeda bir vaqtning o'zida 3 mingdan ziyod namozxonni sig'dira oladi. Ayni paytda tumandagi 6 ta mahalla aholisiga xizmat ko'rsatmoqda.
Honaqoh, ayvon va issiq va sovuq mavsumlarda ham ibodatlarni bemalol va rohat bilan ado etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Katta va zamonaviy tahoratxonasida esa bir paytda 100 nafar odam foydalanishi mumkin. Ayollar uchun ham alohida namozxona va tahoratxona tashkil etilgan.
Masjidga 40 metrli minora hamda balandligi 21 metr, aylanasi 12 metrli gumbaz o'zgacha fayz va ko'rk berib turibdi.
Bir so'z bilan aytganda, milliy va zamonaviy ko'rinish hamda mukammal qurilish echimiga ega ikki qavatli masjidda ibodat amallarini bajarish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Avtomobillar turishi uchun maxsus joylar, tashrif buyuruvchilar uchun yuvinish-tahoratxona, masjid xodimlari uchun xonalar, shuningdek, ma'muriy bino tashkil etilgan.
Ayni paytda “Qassoblik” masjidida Qurbon domla Shukrulloyev imom-xatib sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan Muftiy hazratlarining Buxoroi sharifga qilgan safarlari nihoyasiga etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar
24 yanvar kuni Nukus shaxridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi sport zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tashabbusi bilan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida sportning voleybol, shashka, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razovlar ishtirok etdi.
Ushbu musobaqada respublikamizning barcha tumanlaridan kelgan diniy mutaxassislar g‘oliblik uchun bellashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra voleybol bo‘yicha birinchi o‘rin Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy va Kegeyli tumanlaridan tuzilgan (Jayxun jamoasi), ikkinchi o‘rin Nukus shahri (Turon jamoasi), uchinchi o‘rin Beruniy va Amudaryo tumanlaridan tuzilgan (Beruniy jamoasi) g‘olib deb topildi.
Sportning shashka turi bo‘yicha Idrisov Abdulaziz Ellikqal’a tumani "Abdulla Norinjoniy" jome masjidi imom-xatibi, shaxmat bo‘yicha Egamberdiyev Ulug‘bek Xo‘jayli tumani "Pirim eshon" jome masjidi imom noibi g‘olib bo‘ldi.
Stol tennisi bo‘yicha Yakupov Axmet Nukus shahri "Alloh berdi Aziz" jome masjidi imom-xatibi g‘olib deb topildi.
Musobaqa muxlislari qiziqarli bellashuvlarga guvoh bo‘ldi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti