Salmoni Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim juma kuni g'usl qilib, iloji boricha poklanib, o'z moyidan, xushbo'y narsalardan surtib, so'ngra chiqib, ikki kishining orasini yormay (joy topib) o'ziga bitilgan namozni o'qisa va imom gapirganda jim turib quloq solsa, albatta, uning o'tgan jumadan bungacha bo'lgan narsalari mag'firat qilinadi», dedilar».
Abu Hurayra:
«Uch kun ziyodasi bilan. Chunki har bir yaxshilik o'n mislga ko'paytirilur», dedi».
Ikki shayx rivoyat qilishgan.
Abu Dovudning lafzida:
«Kim juma kuni g'usl qilib, eng yaxshi liboslaridan kiysa, agar xushbo'y narsasi bo'lsa undan surtsa, so'ngra jumaga borib, odamlarning elkasiga turtmasa, keyin o'ziga bitilgan namozni o'qisa, imomi chiqsa, u namozidan forig' bo'lguncha quloq ossa, bu (juma) bilan undan oldingi juma orasidagi narsaga kafforat bo'ladi», deyilgan.
Sharh: Ochiq-oydin ko'rinib turibdiki, juma namozi har bir mo'min-musulmon banda uchun har haftada bir marta beriladigan qulay fursat. Bu fursatdan foydalana olish kerak. Bu haftalik qulay fursatni ba'zi rivoyatlarda Alloh musulmonlarga bayram qilib qo'ygan kun deyilgan. Ana o'sha kunda musulmon kishiga odatdagi kunlardan ko'ra ko'proq savob ishlab olish imkoni berilgan.
Qolaversa, tahorat va besh vaqt namoz kabi ibodatlar bilan ham yuvilmay qolgan haftalik kichik gunohlar yuvib yuboriladi.
Ana shu baxtga muyassar bo'lish uchun quyidagi ishlarni qilish kerak:
1. «G'usl qilish».
Bu haqda oldin batafsil aytdik.
2. «Iloji boricha poklanish».
Bunga qovuq va qo'ltiq ostidagi tuklarni tozalash, tirnoqlarni olib yurish va mo'ylabni tekislash kabi ishlar kiradi. Juma kuni shu ishlarni qilish zarur.
3. «Moy surtish».
Bunda sochni moylash ko'zda tutiladi. Ayniqsa, issiq o'lkalarda sochni yaxshilab tarab, unga xushbo'y moy surtish odat bo'lgan.
4. «Hushbo'y narsalar surtish».
Atir, mushk kabi noxush hidlarni ketkazadigan xushbo'y narsalarni sepib jumaga borilsa, jamoatda ajoyib bir yaxshi hid paydo bo'lishiga hissa qo'shiladi.
5. Jumaga ketayotib eng yaxshi kiyimlarni ki¬-yib olish. Chunki juma haftalik bayram, musulmonlarning to'planish kuni. Do'st-dushmanning oldida musulmonlar o'zini ko'rsatadigan kun. Bu kunda yarashadigan chiroyli kiyimlar bilan ko'rinish yaxshi.
6. Masjidga borganda o'zidan oldin kelib o'tirganlarni yorib oldinga o'tmaslik. Balki bo'sh joyni topib, hech kimga xalaqit bermay o'tirish juda ham matlubdir.
7. Jumaga borgan odam imom xutba qilmayotgan bo'lsa, darhol namoz o'qib olishi kerak.
8. Imom xutbaga chiqsa, jim turib quloq solish lozim.
Kim shu ishlarni qilsa o'tgan jumadan buyon qilgan kichik gunohlari mag'firat qilinadi.
Hadis va hayot
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.
Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn Ummul Qur’on, Ummul Kitob, Sab’ul masoniy (yetti takrorlanuvchi) va Al-Qur’anul a’ziym (ulug‘ Qur’on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa’id roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.
Davron NURMUHAMMAD