Bir necha kundan buyon yurtimizda o'tkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi nihoyasiga etmoqda. Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarining turli din vakillari, ilohiyotshunoslar, dinshunoslar va huquqshunoslardan iborat delegatsiyalari a'zolari 19 may kuni tadbirning asosiy qismida ishtirok etdilar va “Buxoro deklaratsiyasi”ni bir ovozdan qabul qilindilar. Buxoro deklaratsiyasi» ma'rifat g'oyalari va bag'rikenglik madaniyatini targ'ib qilishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Forum yakunida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinib, O'zbekiston tajribasidan kelib chiqib jahon hamjamiyati bilan dunyoda ma'rifat va diniy bag'rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, shuningdek, turli dinlar o'rtasidagi muloqotni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro mutaxassislar forum doirasida e'tiqod erkinligi ta'minlash, diniy qadriyatlar kabi insoniyat uchun azaliy masalalarni muhokama qilishib, xalqlar o'rtasida tinchlik, birdamlikni mustahkamlash yo'lidagi mavjud to'siqlarni aniqlash, muammolarni bartaraf etish yo'llari haqida fikr almashishdi.
E'tiborlisi, anjumanda ko'plab mamlakatlardan tashrif buyurgan dinshunos olimlar va amaliyotchi mutaxassislar yurtimizdagi o'zgarishlar borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirib, O'zbekiston ko'pmillatli mamlakat sifatida o'z hududida diniy bag'rikenglik va millatlaro totuvlikni ta'minlay olayotgan davlat sifatida e'tirofga loyiq ekanini alohida ta'kidlashdi.
Jahonda yuz berayotgan bugungi tendentsiyalarni hisobga olib, qabul qilingan “Buxoro deklaratsiyasi”ni har tomonlama muhokama qilgan holda, dunyoning turli qit'a, mintaqalaridan kelgan nomdor ilohiyotshunoslar, dinshunos va huquqshunoslar ushbu hujjatda avval qabul qilingan barcha deklaratsiyalarning asosiy tamoyillari aks etishiga erishishni ko'zlamoqdalar.
“Buxoro deklaratsiyasi”ni ishlab chiqishda turli mamlakatlar keng doiradagi vakillari ishtirok etishi mamlakatimizning e'tiqod erkinligi va diniy bag'rikenglikni ta'minlash sohasidagi siyosati samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilayotganidan dalolat.
“Buxoro deklaratsiyasi” butun jahon hamjamiyati uchun ma'rifat g'oyalari va bag'rikenglik madaniyatini ilgari surish, turli din vakillari milliy an'analarini hurmat qilish, ularning huquqlarini ta'minlash, global miqyosda bunyodkorlik muloqotini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat bo'ladi.
“Buxoro deklaratsiyasi» qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarning oldini olish, jahon miqyosida o'zaro hamjihatlikni mustahkamlashda O'zbekistonning etakchi rolini ta'minlovchi tarixiy hujjatdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV