917-CAVOL: Men tanishimga 3 yil muddatga nexia3 avtomabilini nasiya savdoga 9540 dollarga sotdim. Hozirgacha 3500 dollar berdi. Men zakotni 3500 dollardan chiqaramanmi yoki 9540 dollardan?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Siz umumiy haqqingiz bo'lgan 9540 dan zakot chiqarasiz. Agar olgan 3500 pulingizni ehtiyojlaringizga ishlatib yuborgan bo'lsangiz, uni chiqarib yuborib, qolgan summadan zakot chiqarasiz.
أَرْبَعِينَ دِرْهَمًا مِنْ الدَّيْنِ الْقَوِيِّ كَقَرْضٍ وَبَدَلِ مَالِ تِجَارَةٍ فَكُلَّمَا قَبَضَ أَرْبَعِينَ دِرْهَمًا يَلْزَمُهُ دِرْهَمٌ.
“Bilinki, Imom(Abu Hanifa rahmatullohi alayh)ning nazdida qarzlar uch xil bo'ladi: Kuchli, o'rta, zaif. Qarzlar nisobga etib, bir yil to'lsa, qarzlardan zakot berish vojib bo'ladi. Lekin, tezda emas. Balki qarz, tijorat molining badali kabi kuchli qarzlardan eng kamida qirq dirham qo'liga tekkanda (undan bir dirham) zakot beradi. Qachon qirq dirham olsa, undan bir dirham zakot chiqarib boraveradi (Qo'liga tegmagan qarzlaridan to qo'liga tegmagunicha zakot bermay tursa bo'ladi. Qo'liga tekkach o'tgan yillarning zakotini beradi)” (Roddul muhtor). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysiz-mi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman”, dedim.
“Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman”, dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysan-mi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysan-mi?! U Zot Kitobida ularni maqtab bunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzildi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi