O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida turli mamlakat dinshunos olimlari va amaliyotchi mutaxassislari ishtirokida o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ko‘plab xalqaro ekspertlar fikr-mulohaza bildirishmoqda, xabar bermoqda O‘zA.

Kris Saypl, AQSH Global hamkorlik instituti prezidenti:
— Diniy e’tiqod erkinligi mavzusini muhokama qilish, mavjud barcha an’analarga munosabat bildirish maqsadida Toshkentda yig‘ildik. Darvoqe, men AQSH va O‘zbekiston munosabati haqida dissertatsiya yozganman. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng amalga oshirilayotgan islohotlar aql bovar qilmas darajada tez va samarali tus oldi.
Butun dunyo ana shu taraqqiyotni, mamlakatning BMT faoliyatidagi yetakchiligini, masalan, ma’rifat va bag‘rikenglik rezolyutsiyasi qabul qilinganini e’tirof etmoqda. Endilikda biz qonunchilik sohasida, kishilar vaqtida o‘z fikrini bildira olishini ta’minlash yo‘lida ishlayapmiz. Bu galgi xalqaro forum davomida alohida ahamiyatga ega muhim xalqaro hujjat – “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi kutilyapti.
Mazkur hujjat avvalgi Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda deklaratsiyalarini to‘ldiradi, degan umiddaman. Anjuman diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga O‘zbekistonning salmoqli hissasi bo‘lib qo‘shilishi aniq.

Umar Sand Ahmad, Gana qurolli kuchlari bosh imomi, mamlakatning Misrdagi sobiq elchisi:
– O‘zbekistonda ekanimdan juda mamnunman. Umuman, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlardan hayratdaman. Aminmanki, nufuzli xalqaro forumning asosiy natijasi bo‘lishi kutilayotgan “Buxoro deklaratsiyasi” O‘zbekistonda yashayotgan turli din vakillari e’tiqod erkinligini yanada mustahkamlaydi. Bu zamindan jahonga mashhur Al-Buxoriy, At-Termiziy, Moturidiy kabi buyuk zotlarni yetishib chiqqan. Yurtimga qaytgach, hammaga “Islom dini markazi”da bo‘lganimni aytib beraman.

Jeyms Chen, AQSH Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti:
– O‘zbekistonda 3-marta bo‘lishim. Ilk bor 2018 yil kelganman. Har tashrifim davomida mamlakatda e’tirof etsa arzigulik ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapman. Yurtingizda madaniyatlararo diniy savodxonlik borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy qatlamga e’tibor yildan-yilga ortmoqda. Mazkur forum turli din vakillari e’tiqod erkinligini ta’minlash, inson huquq va erkinligini xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga yordam berishi shubhasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati