O'zbekiston elchisi Ulug'bek Maqsudov Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi Bosh kotibi Turkiy Muhammad ash-Shuvay'ir bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
T.Shuvay'ir so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlardan yaxshi xabardor ekanligini ma'lum qilar ekan, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalar sifat va mazmun jihatidan kun sayin rivojlanib borayotganini aytdi.
“Ikki davlat tegishli vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiyalarning o'zaro amaliy safarlari tobora faollashayotgani, erishilayotgan kelishuvlar va o'tkazilayotgan tadbirlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Jumladan, O'zbekiston va Saudiya Arabistonidagi ilmiy-ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotir, ular o'rtasida hamkorlikka oid imzolanayotgan Anglashuv memorandumlari har ikki tomon manfaatlariga birdek xizmat qiladi”, dedi u.
Bosh kotib 2021 yil yanvar' oyida O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi va Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi o'rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida hozirgi kunda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash bo'yicha qator ijobiy natija va muvaffaqiyatlarga erishilganligini ta'kidladi.
U mamlakatimiz buyuk alloma va mutafakkirlarga beshik bo'lgani, ular Islom tsivilizatsiyasi ravnaqiga ulkan hissa qo'shganlarini qayd etar ekan, o'zining O'zbekiston zaminiga safari unutilmas taassurotlarga boy bo'lganini ma'lum qildi.
Suhbatdosh hozirgi kunda Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi dunyoning bir necha davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgani, ular bilan o'zaro tajriba almashish yo'lga qo'yilgani, markaz tomonidan nashr etiladigan nashrlar hamda Markazdagi qo'lyozmalarni asrash, raqamlashtirish va arxivlashtirish bo'yicha ixtisoslashtirilgan bo'linmalar faoliyati haqidagi ma'lumotlarni o'rtoqlashdi.
Uchrashuv doirasida ikki davlat ilmiy-ta'lim muassasalari o'rtasidagi aloqalarni yanada jadallashtirish va ularni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha elchixona tomonidan qator takliflar o'rtaga tashlandi.
T.Shuvay'ir mazkur takliflarning Saudiya Arabistoni tadqiqot markazlari va ta'lim muassasalari uchun muhim ekanligini inobatga olib, ularni muhokama etish maqsadida O'zbekistondan keladigan delegatsiya a'zolarini kutib olishga tayyor ekanligi va bo'lajak safar samarali o'tishi uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etajagini ma'lum qildi.
Bosh kotib T.Shuvay'ir O'zbekiston Islom tsivilizatsiya markazining Podshohlikda filialini ochish, Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazining kutubxonasini esa Toshkentda barpo etish takliflarni qo'llab-quvvatladi.
Shuningdek, Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi tomonidan chop etiladigan kitob va jurnallarni ham O'zbekistonga taqdim etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markaziga Saudiya Arabistoni Podshohligida arab tilida chop etilgan “O'zbekiston – ulamolar zamini. Imom Buxoriy yurtiga sayohat” nomli kitob tuhfa etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati