916-CAVOL: Allohning amrisiz zarra tikon ham kirmaydi deyishadi. Turli xil dardga yo'liqishimiz gunohlarimiz ko'pligidanmi yoki boshqa sababi ham bormi?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bugungi kunda musulmon odam giriftor bo'layotgan har qanday balo-ofat, qiyinchiliklar – ular umumiy bo'lsin, xos bo'lsin – insonlarning zulmi tufayli berilgan ilohiy jazo degan tushuncha paydo bo'lib qolgan. Kimdir biror baloga yo'liqsa, u odam solihmi, fosiqmi, kattami, kichikmi, balog'atga etganmi, etmaganmi, oqilmi, majnunmi, mas'ulmi, mas'ul emasmi, aybdormi, beaybmi – farqi yo'q, hammasi qilgan zulmi va gunohlari uchun ilohiy jazo olibdi, deyishadi. Nimaga bunday deyapsiz deb so'ralsa, Alloh taoloning “Sizga qaysi bir musibat etsa, o'z qo'lingiz qilgan kasbdandir”, degan oyati bilan javob berishadi (Shuuro surasi, 30-oyat).
Boshimizga tushgan balo-musibatlarning sababi haqiqatdan ham gunohlarmi? Bu oyatning yagona tafsiri shumi?
Mufassir Ikrima ushbu oyatning sharhida “Bandaning qoqilishi yoki undan qattiqroq narsaga uchrashi Alloh uning biror gunohini mag'firat qilishi yoki biror darajaga ko'tarishi uchundir”, degan (Tafsiri Bag'oviy).
Balo-ofat va qiyinchiliklar odamning o'z qo'li bilan kasb qilgan ishi uchun jazo o'laroq berilgani kabi boshqa sabablarga ko'ra tushishi ham mumkin. Masalan, payg'ambarlarga, solihlarga tushadigan balolar ana shunday. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning eng og'ir baloga uchraydigani anbiyolardir, so'ng eng afzallaridir”, deganlar (Bazzor, Ahmad va boshqalar rivoyat qilishgan).
Ikrima aytganidek, bu kabi balolar bandaning zulmi tufayli berilgan jazo emas, balki uning darajasini ko'tarishdir.
Bu borada shayx Ibn Oshur shunday deydi: «Solihlarning boshiga tushgan balo-ofatlar, musibat va alamlar ularning ajri ziyoda bo'lishiga va Allohdan o'zga hech kim bilmaydigan boshqa narsalarga sabab bo'ladi. Alloh ba'zan haddidan oshganlarga yaxshiliklar, ne'matlar ham beradi, bu esa azobini kechiktirish va bundan boshqa, Allohdan o'zga hech kim bilmaydigan sabablar uchundir. U Zot maxluqotlarining barcha sir-asrorlarini, niyatlarini, yaxshilik va yomonliklardan iborat amallarining miqdorini hamda nafslari va aqllarining turli yaxshilik va yomonliklarga bo'lgan iste'dodini biladi».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, Alloh mo'min uchun biror narsani taqdir qilsa, unga albatta yaxshilik bo'ladi va mo'minlardan boshqalarda bunday bo'lmaydi: agar unga xursandchilik etsa, shukr qiladi va bu uning uchun yaxshilik bo'ladi; biror zarar etsa, sabr qiladi va bu ham uning uchun yaxshilik bo'ladi», dedilar». Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
Telegram (https://t.me/diniysavollar) | Instagram (https://www.instagram.com/fatvouz/) | Facebook (https://www.facebook.com/diniysavollar) | Tiktok (https://www.tiktok.com/@fatvouz)
#xabar #hamkorlik #muftiy
Bishkek safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Turkiy davlatlar muftiylarining yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etib, ikki mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari kengayayotgani, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Muftiy hazratlari musulmon ummati oldidagi muhim masalalar yuzasidan zamonaviy fatvolar, dolzarb bayonotlar va muhim murojaatlar qabul qilingani barcha xalqlar uchun foydali bo‘lishini ta’kidladilar. Shuningdek, ilmiy anjumanda Sirojiddin O‘shiy Samarqandda Hanafiy mazhabi va Imom Moturidiy aqiydasi bo‘yicha ustozlardan ta’lim olgani, Farg‘ona vodiysida din yo‘lida xizmat qilgani va turkiy xalqlar uchun mushtarak ulamo sanalishini ta’kidlanganini alohida qayd etdilar.
O‘z navbatida Abdulaziz qori Zokirov O‘zbekiston muftiysini “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlagani munosabati ila samimiy qutlash barobarida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik izhor etdi. Shuningdek, u Ramazon oyi boshlanishi, ikki hayit kunini belgilash va muhim fatvolar e’lon qilishda qardosh muftiylar doimo O‘zbekiston muftiysining xulosalariga tayanishlarini e’tirof etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati