Bugun, 14 may kuni Muftiy Nuriddin domla hazratlari Islom olami robitasi Halqaro yordam, farovonlik va taraqqiyot tashkiloti Bosh kotibi doktor Abdulaziz Sarhan janoblari bilan O'zbekiston musulmonlari idorasida uchrashuv o'tkazdilar.
Muloqot chog'ida Muftiy hazratlari mamlakatimizda so'nggi yillarda mo'min-musulmonlarning talab va ehtiyojlarini qondirish borasida ishlar qilinayotganini so'zlab, respublikada masjidlar soni 2114 taga etgani, kun sayin yangi masjidlar ochilayotgani, 13 ta diniy ta'lim muassasasi ishlayotgani, hududlardagi ilmiy maktablar faoliyat yuritayotgani, 21 hududda “Qur'oni karim va tajvid” bo'yicha o'quv kurslari jadal ishlayotgani, umra ziyoratiga cheklanmagan adadda fuqarolar borib kelayotgani, Ramazon oyida imom-xatiblarimiz AQSh, Yevropa, Rossiya va MDH mamlakatlarida masjidlarda xizmat qilayotgani kabilarni so'zlab berdilar. Shuningdek, Islom dinini keng yoyish borasida qilinayotgan ilmiy-ma'rifiy ishlarga ham alohida to'xtaldilar.
Abdulaziz Sarhan janoblari O'zbekiston Islom ilmlari ravnaq topgan tabarruk zamin ekani, Imom Buxoriy bu diyorni butun olamga mashhur qilgani, barcha mo'min-musulmonlar bu ulug' zot bilan iftixor qilishini izhor etdi. Bosh kotib mamlakatdagi bunyodkorlik ishlarini ko'rib hayratda ekani, ayniqsa, barpo etilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markazi musulmon olami uchun ham juda katta faxr bo'lishiga ishonch bildirdi.
Martabali mehmon dunyoning turli erlarida o'zbek millatiga mansub insonlar istiqomat qilishi, xususan, Saudiya Arabistonining Makka, Madina va Toif shaharlarida ham ko'pligi, ular orasida islom ulamolari ham borligini e'tirof etdi. Shuningdek, ushbu o'zbeklar o'zlarining milliyligi, urf-odatlarini saqlab qolganlari tahsinga loyiq ekaniga to'xtaldi. Ko'p jihatlarda Saudiya Arabistoni va O'zbekiston o'rtasida mushtarak o'xshashliklar mavjud ekanini so'zladi.
Abdulaziz Sarhan Islom olami robitasi musulmon olamida nufuzli tashkilot ekani, uning dunyo bo'ylab 70 dan ortiq muassasalari faoliyat yuritishi, masjidlar qurish, quduqlar qazish kabi xayriya ishlarini ham amalga oshirishi haqida ma'lumot berdi.
Kelgusida Islom olami robitasi delegatsiyasi O'zbekistonga tashrifi rejalashtirilgani, mazkur safar asnosida yurtimiz allomalari va mutafakkirlari merosi bilan yaqindan tanishish, diniy-ma'rifiy sohadagi faoliyatni o'rganish va o'zaro tajriba almashishni aytishi barobarida muftiy Nuriddin domla hazratlarini Saudiya Arabistonidagi Islom olami robitasi qarorgohida ko'rishdan juda ham mamnun bo'lishini izhor etdi Bosh kotib doktor Abdulaziz Sarhan janoblari.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati