Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2026   |   9 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2026, 9 Safar, 1448

Yo'l qoidalariga amal qilish – vojib

14.05.2022   2097   6 min.
Yo'l qoidalariga amal qilish – vojib


Kun ora fojeali avtofalokatlar haqidagi xabarlarni o'qib yo eshitib qolsak, o'tganlarga Allohdan mag'firat, qolganlarga salomatlik so'rab, achinib qo'yamiz... Ammo birgina falokat ortida qancha odamning hayoti o'zgarib ketadi: kimdir ota-onasi, bolasi yoki bir vaqtning o'zida bir necha yaqinlarini yo'qotadi. Qancha inson esa nogiron bo'lib, o'zgalar qaroviga muhtoj bo'lib qoladi. Qolaversa, ko'pchilik koriga yarab turgan ulovlar ham yaroqsiz temir matoga aylanadi...
Rasmiy ma'lumotga ko'ra, 2021 yilda yurtimizda 10 mingdan ziyod yo'l transport hodisasi sodir bo'lgan. Oqibatda ikki yarim mingga yaqin kishi vafot etgan. 9 mingdan ortiq odamlar turli darajada jarohatlangan. Ular orasida bir umrga nogiron bo'lib qolganlari ham bor. Ushbu avariyalarning aksariyati mashinalarning yuqori tezligi va piyodalarning belgilanmagan joydan kesib o'tishi natijasida kelib chiqqan.
Aslida ushbu noxush holatlarga haydovchi va piyodalarning yo'l harakati qoidalarini bilmasligi, yo'l madaniyatining pastligi, avtomobillar soni ortayotgani, yo'llar sifati pastligi kabilar sabab bo'lmoqda.
Ulamolar yo'l harakati qoidalariga amal qilish vojibligiga ittifoq qilishgan. Bunga “Maslahatul mursala” – shariatda ko'zda tutilgan foydani jalb qilish qoidasi dalil bo'ladi. Ya'ni yo'l harakati qoidalaridan odamlar foydasi ko'zlanadi. Qoidalarga amal qilish esa boshliqlarga itoat qilishdir.
Avvalo, ko'chadan o'tish yoki unda to'xtab turish haqqi – umumiy. Undan piyoda ham, avtomashinada ham foydalanishi mumkin. Faqat unda o'ziga va o'zgaga ham zarar bermaslik shart.
Payg'ambarimiz alayhissalomning: “Zarar ko'rish ham, zarar berish ham yo'q”, degan so'zlari Islomning asosiy qoidalaridan biridir (Imom Ibn Moja rivoyati). Ushbu shar'iy qoidaga ko'ra, haydovchi o'zgalarning joni, moliga etkazgan zararga javobgar bo'ladi. Haydovchiga bog'liq bo'lmagan, uning aybi yo'q holatlar bundan mustasno.
Yana bir hadisi sharifda: “...Yo'lning haqqi – ko'zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish”, deyilgan (Muttafaqun alayh).
Hadisi sharifdagi “aziyat” ko'p narsalarni ichiga oladi. Eng yomonlaridan biri – o'zgalarga til bilan ozor etkazish, ayniqsa, haqorat, so'kish – musulmonlik odoblariga mutlaqo zid. Gohida bo'lar-bo'lmasga signal chalish, nomahramlarga nazar solish yoki musiqani baland qo'yish, moshinadan axlat uloqtirish, kechki payt boshqa haydovchilar ko'zini qamashtiradigan, taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish ham o'zgalarga ozor berishdir.
Aksariyat yo'l transport hodisalari mast holda mashinani boshqarish, tezlikni me'yordan oshirish, telefonda gaplashish sababli yuz beradi. Mast qiluvchi ichimliklarni ichish – katta gunoh, mast holda rulga o'tirish – bundanda og'ir jinoyat. Telefonda gaplashish esa haydovchining ham, piyodaning ham diqqatini oladi. Falokat uchun odam bir necha soniya chalg'ishi kifoya qiladi.
Dinimiz ko'rsatmalarida inson piyoda yurganda ham, ulovda ham mo''tadil tezlikda yurishga targ'ib qilinadi. Haddan tashqari tez yurish mo'minning haybatini ketkazadi. Ulovda me'yoridan tez yurish kibr va o'zini boshqalardan ustun qo'yish sababli bo'ladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor erni tesha olmaysan va uzunlikda tog'larga eta olmaysan” (Isro surasi 37-oyat). Ushbu oyati karima haydovchilarni ham ulovlarida og'ir-bosiqlik va sabr bilan shoshmasdan yurishga chaqiradi.
Hanafiy olim, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy yo'l harakati qoidalariga amal qilish haqida bunday deydi: “Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas'uldir. Chunki mashina uning qo'lidagi vosita va haydovchi uni boshqarishga qodir. Mashina o'zicha harakatlanmaydi. Shuning uchun haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan etkazgan zararga zomin (javobgar) bo'ladi. Haydovchi yo'l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o'zgaga zarar etkazsa, javobgar bo'lishida shubha yo'q. Chunki haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi. Lekin yo'l qoidalariga amal qilib yurib, o'zgaga zarar etkazgan kishi javobgar bo'lishi to'g'risida turli fikrlar bor. Yo'l harakati qoidalariga amal qilsa, haydovchiga bog'liq bo'lmagan favqulodda holatlarda javobgar bo'lmasligi to'g'ri bo'ladi” (“Islom fiqhi akademiyasi jurnali”dan).
Yo'lning qatnov qismida, piyodalar o'tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele-video mahsulotlarni ko'rish, radio, audio mahsulotlarni eshitish, kitob o'qish hamda elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Tahlillar yo'l harakati hodisalarining yarmidan ko'pi piyodalar bilan bog'liq holda sodir etilmoqda. Ular asosan piyodalarning svetofor ishoralari, yo'l belgilari, yo'l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo'lning piyodalar uchun ta'qiqlangan qatnov qismida bo'lishi va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi sabab bo'lmoqda.
Albatta, har bir yo'l harakati ishtirokchisi qoida va odoblarga rioya qilib, bir-biriga hurmat bilan o'zi yaxshi ko'rganni o'zgalarga ham ravo ko'rishi lozim. Zero, tez borgan joyga sekinroq ham boramiz, vaqt jihatidan ham bu katta farq qilmaydi.
Mo'min-musulmonlar yo'l harakati qoida va odoblariga kuzatuv kameralari yoki inspektor qarab turgani uchun emas, balki shariatimiz talabi, savobli bir ish deb, amal qilishimiz kerak. Ana shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi!
Manbalar asosida
Bahriddin Hushboqov
tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bola – bosh og‘rig‘i emas

22.07.2026   5339   2 min.
Bola – bosh og‘rig‘i emas

Ijtimoiy tarmoqlarda, afsuski, bolalarning o‘z joniga qasd qilishi, uydan qochib ketishi, jinoyatga qo‘l urishi haqidagi xabarlar ko‘payib bormoqda. Bugun biz ko‘rayotgan kino va seriallarda ham, albatta, bebosh qahramonlar va ularning ayanchli taqdiri namoyish etilmoqda. Ota-onasi bor qizlarning o‘zaro janjali yoki o‘smir yigitlarning pichoqbozligi sabab bir oila yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgani aslida noto‘g‘ri tarbiya oqibati emasmi?

«Ular: “Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!” deydigan kishilardir» (Furqon surasi, 74-oyat).

Oilalar bilan suhbatlashar ekanman, ajrimlarga qadar oiladagi nosog‘lom muhit, ayol o‘z dunyosi va haqiqati, erkak o‘z holicha yashayotgani natijasida bolalarga mutlaq befarq, ilmsiz va salomatligida ham nuqsonlar borligini ko‘raman. Biz bolalarni duo qilishni, ularni tinglash va ular bilan suhbatlashishni bilmaymiz. Ular o‘z-o‘zidan tarbiyalanib, katta bo‘lib qolmaydi axir. Ayniqsa, hozirgi murakkab davrda, turli zararli ta’sirlar ko‘paygan bir vaqtda farzandlarimizni sog‘lom fitratda ushlab qolish oson emas.

Bir safar ajrim yoqasidagi oila bilan suhbatlashdik. Ayol va erkak janjal qilar, o‘smir qiz bir chetda o‘yin o‘ynab o‘tirar, ota-onasining bu holati unga ahamiyatsizday edi. Qizig‘i, ular bolaga qaramaslik, undan xalos bo‘lish uchun o‘zaro nizolashar edi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan qiz axloqsiz bo‘lib ulg‘aygan. O‘zlarining tarbiyasi hosilasini “bosh og‘rig‘i” deyishgani bizni yanada ajablantirdi. Bu kabi taqdirlar har birimizni o‘ylantirishi lozim.

Afsuski, ko‘p ota-onalar farzandlariga faqat taqiq qo‘yishadi, tinglashni istashmaydi. Bir voqea butun bir qishloqni larzaga soldi. Maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Sababi esa, qo‘shnisining uyida o‘ynab uning o‘g‘li bilan janjallashgani uchun bolani haqoratlagan, ota-onasiga yomonlagan. O‘z uyidagilar ham bolani eshitishni istashmagan. Buning oqibatida qattiq tushkunlikka tushib, u o‘z joniga qasd qilgan. Bu kabi ko‘plab voqelar ota-onalarni farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi. So‘nggi pushaymon – o‘zimizga dushman.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:

«Uch duo rad etilmaydi:

  1. otaning farzandi haqqiga qilgan duosi;
  2. ro‘zadorning duosi;
  3. musofirning duosi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh farzandlarimizni ko‘z quvonchimiz qilsin!

Gulnora IBRAGIMOVA,
Xatirchi tumani “Bog‘ishamol” mahallasi otinoyisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

O'zbekiston yangiliklari