Shu kunlarda hududlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar tomonidan aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini joyida hal etish, bemor va kam ta'minlaganlar holidan xabar olish hamda turli notinch oilalar va yoshlarni to'g'ri yo'lga boshlash borasida sezilarli ishlar qilinmoqda.
Ayni kunda Samarqand viloyati Bulung'ur tumanida bo'lib o'tgan sayyor yig'ilish va uning doirasida o'tkazilgan mahallabay uchrashuv va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ham shular sirasidandir.
Shu yilning 11 may kuni sayyor yig'ilish Bulung'ur tumanining bir qancha masjidlarida tashkil etildi. Viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom-xatiblari tumandagi o'ndan ortiq mahallalarda bo'lib, joylarda aholining kam ta'minlangan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar uyushtirilib, oilalarning ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda viloyat ishchi guruhi Bulung'ur tumandagi o'n beshdan ortiq masjidda peshin namozini o'qib, yig'ilgan namozxonlarga “Tinchlik qadri”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Oilangizni asrang”, “Yot g'oyalarga aldanmang” mavzularida ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar.
Shuningdek, 16 ta MFYda uyushmagan yoshlar bilan yig'ilish o'tkazilib, ularga ilmiy-ma'rifiy suhbatlar qilib berildi.
Ushbu tadbirlar davomida umumiy o'rganilgan xonadonlar va o'tkazilgan uchrashuvlar davomida o'nta oilada muammolar borligi aniqlanib, ularni hal etish choralari ko'rilmoqda. Shuningdek, kam ta'minlangan 56 oilaga moddiy yordam ko'rsatildi. Bundan tashqari viloyat bosh imom-xatibi o'rinbosari H.Sattarov boshchiligida tumandagi 40 nafar kam ta'minlangan oilalarga 14 000 000 so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilindi. Qolaversa, nogironligi bor va kasalmand 5 nafar fuqarolar holidan xabar olinib, 25 mln. so'mlik moliyaviy ko'mak berildi.
Mazkur mahallabay ishlash tizimining muhim jihati, notinch oilalar bilan muloqot qilib, ularni ahil-inoq oilaga aylantirishga qaratilganligidir. Shu maqsadda mahallalarda aniqlangan besh notinch oila bilan suhbatlar o'tkazilib, ularning kelishmovchiliklari hal etilib, isloh qilindi. Qolaversa, oilalardagi noxo'shliklarda sabab bo'layotgan, ichkilikka ruju qo'ygan 3 nafar fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borildi va ichkilikning yomon oqibatlari haqida suhbat tashkil etildi. Bundan mazkur fuqarolar to'g'ri xulosa qilganliklarini bildirdilar.
Shuni ta'kidlash joizki, gohida mahallalarda yon qo'shni bo'la turib, yillar mobaynida nizolashib yurganlar yoki er-joy talashgan oilalar ham uchrab turadi. Mazkur sayyor uchrashuvlarda shu kabi qo'shnisi bilan nizolashgan 2 ta oilaning o'rtasi isloh qilindi. Yer va uy-joy talashgan bir oila bilan suhbat o'tkazildi.Ularning kelishmovchiligiga sabab bo'layotgan masala o'rganilib, tushuntirish ishlari natijasida oila yarashtirildi.
Bu kabi tadbirlar yil oxiriga qadar davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan diniy soha vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish va o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Shu doirada Qashqadaryo viloyatida voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalarning final bosqichi o‘tkazilib, shahar va tumanlardan saralangan g‘oliblar faol ishtirok etdilar. Qizg‘in bahslar yakunlanib, har bir sport turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, keyingi bosqich musobaqalarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Musobaqada O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov ishtirok etib, qatnashchilarga ezgu tilaklar bildirdi va respublika bosqichida omad tiladi.
Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat sport boshqarmasi rahbariyati hamda xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati