Eng yaxshi sovg'a – kitob, eng foydali mashg'ulot – ilm olishdir. Ulug' ajrlar va'da qilingan muqaddas Ramazon oyida poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi “Rahim hoji ota” jome masjidi ma'muriyati tashabbusi bilan oliy o'quv yurtlari talabalariga kitoblar ehson qilingani nihoyatda xayrli va ibratli ishlardan biri bo'ldi.
Ta'kidlash joiz, ushbu tadbir yoshlarning tanlovidan kelib chiqib amalga oshirildi. Ya'ni masjid ma'muriyati Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent to'qimachilik va engil sanoat instituti bilan hamkorlikda talabalar o'rtasida “Kitobxonlarni qiziqtiruvchi kitoblar” nomli so'rov o'tkazilib, ularning taklif va qiziqishlari asosida ro'yxat shakllantirildi. Ushbu ro'yxat bo'yicha har bir oliygoh axborot resurs markazlariga saxovatpesha homiylarni jalb qilgan holda o'n million so'm miqdoridan ortiqroq qiymatdagi o'quv qullanmalari, badiiy va tarixiy asarlar va hamda diniy adabiyotlar taqdim qilindi.
Jumladan, “Rahim hoji ota” jome masjidi imom noibi Muhammad Zarif domla va Toshkent davlat pedagogika universitetining Boshlang'ich ta'lim fakul'teti talabalari ishtirokida bo'lib o'tgan ushbu sovg'ani topshirish marosimi chinakam ma'rifiy suhbat tusini oldi.
– Muqaddas dinimizda ilm-ma'rifat yuksak darajada ulug'lanadi, har bir mo'min-musulmon banda uni egallashga da'vat etiladi, – deydi Muhammad Zarif domla. – Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, dedilar. Kelgusida bolalarga harf tanitish, ularda dastlabki o'qish va yozish, qolaversa, axloq-odob ko'nikmasini o'rgatish bilan shug'ullanuvchi mutaxassislikni egallayotgan siz talabalar bu borada katta mas'uliyatga egasiz. Ya'ni zimmangizga jajji qalblarda o'rganish, ilm olish havasini uyg'otish, bilim poydevorini mustahkam qo'yish vazifasi yuklanadi. Buning uchun keng bilim va dunyoqarashga ega bo'lish talab etiladi. Ishonamizki, biz tuhfa etayotgan kitoblar ham bu borada sizlarga yaxshi ko'makchi bo'ladi.
Mazkur kitoblar jamlamasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Hadis va hayot”, Muhammad Said Tantoviyning “Payg'ambarlar tarixi”, Imom Shamsiddin Zahabiyning “Mashhur daholar siyrati” kabi islom ma'rifatidan saboq beruvchi qimmatli asarlar, shuningdek, mumtoz va zamonaviy o'zbek adabiyoti namunalari, jahon adiblarining asarlarini ko'rish mumkin. Aytish joizki, ushbu tuhfa talabalarga katta quvonch bag'ishladi. Yoshlarning yuz-ko'zlarida tuhfa qilingan kitoblarga katta qiziqish, ularni tezroq qo'llariga olib o'qish ishtiyoqi sezilib turardi.
Darhaqiqat, ilm-ma'rifat insonni etuklikka erishtiradi. O'tmishda buyuk allomalar etishtirib bergan xalqimiz hayotida kitob muhim o'rin egallagan. Bugun ham qadimiy ezgu an'analar tirilib, turli mol-matoh o'rniga kitoblar sovg'a qilishga odatlansak, ma'naviy olamimizda juda katta o'zgarish sodir bo'lardi.
– Talabalarimiz juda ilmga chanqoq, – deydi Boshlang'ich ta'lim fakul'teti dekanining yoshlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari Komiljon Abdullayev. – O'qib-o'rganish ularning bugungi kundagi vazifasi hisoblanadi. Talabalarda bilim olishga rag'batni kuchaytirish maqsadida turli tadbirlar uyushtiryapmiz. Mazkur uchrashuv bu borada muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
– Bizga sovg'a qilingan ilm-ma'rifat xazinasi bo'lgan bir-biridan qiziqarli, hikmatga to'liq kitoblarni ko'rib xursand bo'ldim, – deydi talaba Nigora Eshto'xtarova. – Ularning hammasini o'qib chiqish niyatidaman. Chunki bu asarlar bizning bilimimizni boyitadi, dunyoqarashimizni kengaytiradi. Haqiqiy muallim bo'lib etishishimiz uchun bu narsa juda zarur.
Tadbirda talabalar islomiy masalalarga oid, turmushda duch kelinadigan turli muammolar echimiga bergan savollariga batafsil javob olishdi.
Bundan tashqari, muborak oyda masjid ma'muriyati sa'y-harakati bilan mahallalardagi yolg'iz yashovchi, nogiron, kam ta'minlangan insonlar, yotoqxonalarda yashovchi ijtimoiy ximoyaga muhtoj, nogiron, ko'zi ojiz talabalarga iftorlik oziq-ovqat jamlanmasi hadya sifatida etkazib berildi.
To'lqin ShYeRNAYeV
Bugun, 15 iyul kuni imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida navbatdagi amaliy tadbir o‘tkazildi. Namunaviy-amaliy tadbir yig‘ilishi mazkur tumandagi "Xovos" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov yig‘ilishga boshchilik qildi. Shuningdek, vakillik xodimlari, tuman, shahar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, mahallalardagi “Haj – 2025” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi 20 ta mahalladagi 120 ta xonadon holidan xabar olindi. Jumladan, nogironligi bor xonadonlar, notinch oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qamrab olindi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati