Habaringiz bor, O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi bo'limi mudiri Kamoliddin Mahkamov, ushbu bo'lim etakchi mutaxassisi-restavrator Saidrahmat Ikromov, Diniy idora Ziyorat turizmini ilmiy rivojlantirish sektori mudiri Jahongir Salomov hamda Sharq qo'lyozmalari bo'yicha mutaxassis Abdulhamid Jumanov xorij mamlakatlaridagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning tajribalarini o'rganish maqsadida xizmat safarida bo'lib turibdi.
Tashrif davomida kutubxonalardagi qo'lyozmalar fondi, kitoblarning saqlanish holati va ba'zi qadimiy mushaflarning nusxalari bilan tanishdilar. Kutubxonada kitoblarni saqlash, raqamlashtirish va ulardan foydalanishga oid davra suxbatlari ham bo'lib o'tdi. Suxbat jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxona xodimlari o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Frantsiya. “Fransua miteran” nomli Frantsiya milliy kutubxonasi
Joriy yilning 25 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari O'zbekistonning Frantsiyadagi elchixonasi vakillari ko'magida Frantsiyaning Parij shahridagi “Fransua miteran” nomli Frantsiya milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi. Kutubxona 1995-1996 yillarda qurilgan. Kutubxonada 40 million kitob, gazeta va jurnallar bor bo'lib, ulardan 45 ming jild nodir qo'lyozma asarlar bor. Nodir asarlarning 7 ming jildini arab, 4 ming jildini turkiy va 2500 jildini fors tilidagi qo'lyozmalar tashkil etadi. Kutubxona xodimlari Diniy idora mutaxassislarini konservatsiya va restavratsiya bo'limi bilan yaqindan tanishtirdi.
Frantsiya. Frantsiyaning “Milliy meros” instituti
Joriy yilning 25 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Frantsiyaning Parij shahridagi “Milliy meros” institutiga tashrif buyurdi. U erda Diniy idora mutaxassislari institut direktori Charles Personas bilan uchrashdi.
Muloqot davomida institut direktori O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlik qilishga va o'z tajribalarini bo'lishishga tayyor ekanligini bildirdi.
Frantsiya. Frantsiya Sharq tsivilizatsiyalarini o'rganish kutubxonasi
Joriy yil 26 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari O'zbekiston Respublikasining Frantsiyadagi elchixonasi vakillari ko'magida Frantsiyaning Parij shahridagi Frantsiya Sharq tsivilizatsiyalarini o'rganish kutubxonasiga tashrif buyurdi. Kutubxona 10 yil davomida kutubxona barcha talablarga javob beradigan qilib qurilgan bo'lib, ertalab soat 10:00 dan kechasi 22:00 gacha ishlaydi.
Kutubxona eshiklari barcha uchun ochiq. U erda 1 millmon 800 ming kitob, gazeta va jurnallar mavjud bo'lib, ulardan 2425 jild nodir qo'lyozma asarlar bor. Ularning 2 ming jildini arab, 250 jildini fors va 185 jildini turkiy tilidagi qo'lyozma tashkil etadi.
Tashrif davomida kutubxonada kitoblarni saqlash, raqamlashtirish va ulardan foydalanishga oid davra suxbati bo'lib o'tdi. Suxbat jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxona xodimlari o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Uchrashuvlar yakunida mezbonlar O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga va kutubxona xodimlari bilan tajriba almashishga, ular uchun maxorat darslarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar