Halqimiz uchun asrlar davomida ezgu an'ana va odatga aylanib qolgan muqaddas tuyg'ulardan biri o'tganlarni xotirlash, ularning ruhini yod etish, haqlariga duoi xayr va ehsonlar qilishdir. Yaxshi kunlarimizda ham musibatzada holatimizda ham o'tganlarimizni tilovat va duo bilan yod etamiz. Chunki bu o'tganlarimiz uchun manfaatli amaldir.
Abu Usayddan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam:
«Ey Allohning Rasuli! Men uchun ota-onamga ular dunyodan o'tganlaridan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?» deb so'radi.
«Ha! To'rt xislat qoldi: ularga duo qilish, ularga istig'for aytish, ularning ahdiga vafo qilish, ularning do'stlarini va ularsiz silai rahm bo'lmaydigan kishilarni ikrom qilish», dedilar».
Ota-onalarning haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so'rab duo qilish farzandning ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, xayrli amallariga qo'shilib turadi. Huddi ularga tiriklik chog'larida yaxshilik qilgandek bo'ladi.
Inson har doim o'tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarini, aziz avliyolarni xotirlar ekan, jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas'uliyat bilan his etadi, o'zidan yaxshi nom qoldirish va ezgu ishlarni qilishga shoshiladi, o'zgalarni ham shunga chorlaydi.
Shu kunlarda nafaqat urush va urush ortida mehnat qilgan, qatog'on va afg'on urushi qurbonlari balki yurtimiz rivoji, millat va dinimiz ravnaqida o'zining munosib hissasini qo'shgan insonlarni eslab, xotirlamoqdamiz. Ularni tez-tez xotirlash shu kunga qadar kanda bo'lgani yo'q. Bugun ham joriy an'anaga binoan diniy idora raislari, muftiylar, ulamolar, imom-xatib va mudarrislarimizni yana bir bor yod etishni joiz deb bildik.
1943 yili O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlarining diniy nazorati sifatida ish boshlagan idoraning birinchi raisi, muftiy Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, 1957 yili O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari boshqarmasi raisi etib saylanib, umrining oxiriga (1982 yil) qadar ana shu vazifada samarali ishlagan Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, 1982-1989 yillari O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi vazifasini bajargan muftiy, Shamsuddinxon Boboxonov, 1989-1993 yillari O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 1993-1997 yillari Movarounnahr musulmonlari idorasi nomi bilan faoliyat yuritgan diniy idoramiz raisi, muftiy Muxtorjon Abdulloh Buxoriy, 1997 yili O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangan Abdurashid qori Abdumo'min qori o'g'li Bahromov hamda 2006-2021 yillar mobaynida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy bo'lgan Usmonxon Alimov rahimahumullohlarni dinimiz va islom ahli uchun qilgan buyuk ishlarini yod etib, ularning haqlariga duoi xayrlar qilamiz.
Shuningdek, ko'hna Samarqand zaminida biz bilan zamondosh bo'lgan, bugun dorul baqoga rihlat qilgan ustoz, ulamo, imom, din xodimlari ham ahli islom tomonidan har doim duolar bilan yod etiladi. Samarqandlik ahli ilmlarning ustozi hoji Mustafoqul Melikzoda, zabardast imomlarimizdan Nuruddinxon Islomov, qori Sultonmurod Holmurodov, Abdurahmon domla, Ishtixon farzandi Alijon domla, Imom Buxoriy masjididida ko'p yillar xizmat qilgan Maqsudjon birodarlarimizni Alloh taolo oxiratlarini obod qilsin.
O'tganlarimizni ruhini shod etish, og'ir kunlardan tirik qolib, bugungi kunda xalq ardog'ida yurgan qahramonlarimizni qadrlash, islom shariati biz avlodlar zimmasiga yuklagan, qilishimiz lozim va lobud bo'lgan qarz va farz amallardandir. Musulmonlarning eng muqaddas kitobi bo'lgan Qur'oni karimda Alloh taolo marhamat qilib marhumlarni haqlariga duo qilishni saboq bergani singari: “Ey Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan”, deya duolar qilamiz.
Avlodlarining kelajagi yo'lida jon fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi kunimizni qadrlashga o'rgatadi. Hotira bu – tarix. U kechagi o'tmishni, ajdodlar o'gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Shu bois, inson o'z xotira boyliklarini qadrlaydi.
ZAYNIDDIN EShONQULOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq, barcha soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishilmoqda. "Inson qadri uchun" tamoyili asosidagi yangilanish jarayoni mohiyatini aholiga yetkazish, erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etish, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta.
Keyingi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, bir guruh jurnalistlar, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.