— “Zuho” so'zining ma'nosi nima? Eshitishimcha, Bomdod namozidan keyin Zuho namozi o'qilar ekan. Bu namoz nima uchun o'qiladi?
— “Zuho” so'zi – “choshgoh vaqti” degan ma'noni anglatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan” (“Zuho” surasi, 1-oyat).
Quyosh chiqqandan taxminan o'n besh daqiqa o'tgach, ushbu namozni o'qish mumkin. Uning eng afzal vaqti bomdod namozini ado etgandan so'ng, o'sha joyda quyosh chiqquncha zikr bilan mashg'ul bo'lib, quyosh chiqqandan keyin o'qishdir.
Zuho namozi ikki rakatdan o'n ikki rakatgacha o'qiladi, eng afzali to'rt rakatdan o'qishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim to'rt rakat Zuho namozini muntazam o'qisa, gunohi dengiz ko'piklaricha bo'lsa ham, kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zuho namozini ba'zan uzluksiz o'qir edilar. Biz endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Gohida esa o'qimas edilar, endi bu namozni hargiz o'qimasalar kerak, deb o'ylardik”(Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o'qir edilar.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz bo'g'in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tamhid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz ham, yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat Zuho namoz o'qishingiz kifoya qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Albatta, jannatda bir eshik bor. U “Zuho” deb nomlanadi. Qiyomat kuni bo'lganda, bir jarchi nido qilib: “Zuho namozini doim o'quvchilar qani? Bu sizlarning eshigingizdir. Unga Allohning rahmati ila kiringlar”, deydi”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Muhammad Ayyub domla Homidov
#xabar #KPI #imom_xatib #faoliyat
Bugungi kunda diniy soha xodimlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat va fidoiylikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va ularning noiblari mas’uliyatini yanada oshirish, faoliyatini tahliliy asosda baholash, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish hamda zaruratga ko‘ra lavozim bo‘yicha qarorlar qabul qilish maqsadida KPI tizimi joriy etilmoqda.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tuman hamda shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda mazkur tizimdan foydalanish tartibi atroflicha tushuntirilmoqda. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov tomonidan KPI tizimining afzalliklari, shuningdek, mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimga kiritish amaliyoti batafsil yoritib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, KPI (Key Performance Indicator) — tashkilot yoki xodim faoliyati samaradorligini baholashda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. U shaxs yoki muassasaning belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini aniq ko‘rish imkonini beradi hamda jahon amaliyotida turli sohalarda samarali boshqaruv mezoni sifatida qo‘llaniladi. Mazkur tizim vazifalar ijrosini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, mas’uliyatni oshirish va faoliyatdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa diniy-ma’rifiy ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
KPI tizimining joriy etilishi diniy sohada samaradorlik va natijadorlikni oshirish, jumladan, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati