Turkiya musulmonlari muqaddas Ramazon oyi davomida 92 mamlakatdagi 1 milliondan ortiq kishiga yordam ko'rsatdi. Turkiyalik ko'ngillilar dunyoning turli burchaklarida – Afg'onistondan Albaniyaga qadar, Bangladeshdan Efiopiyaga qadar, Pokistondan Kolumbiyaga qadar, Ozarbayjondan Somali va Falastinga qadar ishladilar.
Islam.ru bildirishicha, 2022 yilgi Ramazon oyida Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy beshta qit'ani xayriya faoliyati bilan qamrab olishga ko'rsatma berdi.
"Biz yana muhtojlarga yordam qo'lini cho'zishga harakat qildik. Masalan, Tinch okeani janub qismida deyarli 1 million aholiga ega Fidji orol davlati bor. U erda iftorlar ham tashkil etildi", - dedi u.
Afg'onistonda iftorlikdan tashqari, Iydul fitr kuni etim bolalar uchun bayram o'tkazildi. Bunday xayriya tadbirlari Qirg'iziston, Qozog'iston, O'zbekiston, Mo'g'uliston va Tojikistonda ham tashkil etildi.
Muqaddas oy davomida turkiyalik xayr-ehsonchilar har kuni Quddus va G'azoda 40000 kishini issiq ovqat bilan ta'minladilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati