Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra navbati bilan bog'liq buxorolik ayrim fuqarolarning fikr-mulohazalari aks etgan xabar tarqatildi.
Ma'lumki, umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori asosida tartibga solinadi.
Mazkur qarorga ko'ra, 18 yoshdan katta bo'lgan O'zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o'zi ro'yxatda turgan mahalla fuqarolar yig'iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro'yxatga yoziladi va shu haqdagi ma'lumotnomani oladi.
Ushbu daftar bo'yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So'ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko'rikdan o'tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to'lov summasini to'laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko'rikdan o'tgani, vaktsina olgani to'g'risidagi ma'lumot va sertifikat hamda to'lov qog'ozining nusxasini taqdim qiladi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston musulmonlari idorasi mana shunday mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro'yxatlar asosida mo'min-musulmonlarning umra ibodatini amalga oshirish bilan shug'ullanib kelmoqda.
Shu yil fevral' oyidan hozirga qadar Buxoro viloyatidan 1140 nafar fuqaro umra amalini ado etib qaytdi. O'zbekiston musulmonlari idorasi umra safari borasida o'ziga tegishli bo'lgan vazifalarni adolatli, shaffof va sifatli bajarib kelmoqda. O'zbekiston va Saudiya Arabistoni, Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun tayyorlangan sharoitlar hamda umrachilar taassurotlarini OAV orqali tez-tez ommaga e'lon qilinmoqda.
Eslatib o'tamiz, fuqarolarni umra navbatiga yozish, uni yuritish va navbatlarni o'zgartirish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.
Shunday bo'lsa-da, O'zbekiston musulmonlari idorasi xabarda ko'rsatilgan ayrim holatlar yuzasidan o'rganish ishlarini olib borib, natijasi haqida qo'shimcha xabar qilishni rejalashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona markazi hamkorligida mutaxassislar uchun “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida elektron kataloglar bilan ishlash, kutubxona fondlarini raqamlashtirish, noyob va qimmatli manabalarni saqlash, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ishtirokchilar batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari yakunida Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Asqar Gaziyev tomonidan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy elektron kutubxona xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘MI Kutubxona bo‘limi