O'zbekiston24
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh subhanahu va taolo anorni 3 marta, Ar-Rahmon va An’om suralarida zikr qilgan.
Xususan, Ar-Rahmon surasining 68-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ikkovlarida meva-cheva, xurmo va anorlar bor”.
Anor – yurak kasalliklari va suyak mo‘rtligidan himoya qiladi.
Anor kuchli antioksidant bo‘lib, flavonoidlar, antotsianinlar, punik kislota, ellagitanninlar, alkaloidlar, fruktoza, saxaroza, glyukoza va oddiy organik kislotalar kabi birikmalarga boy.
Shuningdek, anor virusga qarshi, qon bosimini tushiruvchi va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega boshqa komponentlarga ham ega.
Eron yurak-qon tomir tadqiqotlari institutiga qarashli Fiziologiya tadqiqot markazi olimlari tomonidan o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar natijalarida, anordan saratonning bir necha turlari, yurak-qon tomir kasalliklari, suyak mo‘rtligi va revmatoid artritning oldini olish va davolashda foydalanish mumkinligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, anor yaralarni bitishini yaxshilaydi va reproduktiv tizim uchun foydalidir.
Anor – prostata, ko‘krak va yo‘g‘on ichak saratoniga qarshi kurashadi.
Anor mevasi prostata saratonini davolashda samarali sanaladi. Chunki anor saraton hujayralarining o‘sishini to‘xtatib, ularning nobud bo‘lishini rag‘batlantiradi.
Anor sharbati ko‘krak saratoni va yo‘g‘on ichak saratoni hujayralariga qarshi kurashadi. Anor mevasi saratonni davolashda qo‘llaniladigan kimyoterapiya dorisi – “adriamitsin” keltirib chiqargan oksidlanish stressiga qarshi himoya xususiyati borligi isbotlangan.
Davron NURMUHAMMAD