— Er harom yo'l bilan uyga narsa olib kirib, bolalari va xotiniga edirsa, buning gunohi erning bo'ynidami? Yoki iste'mol qilmaslik kerakmi? Ikkilanib qoldik.
— Er halol yo'ldan rizq topishga harakat qilishi shart. Ahliga harom luqma edirishdan uzoq va ehtiyot bo'lishi lozim. Agar erkak kishi oilasiga harom luqma edirsa, gunohkor bo'ladi. Ahliga esa hech qanday chorasi bo'lmasa, o'lmay qoladigan darajada eyishga ruxsat bor.
Qolaversa, harom taom egan odamning necha kunlab duosi qabul bo'lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey, Anas! Luqmangizni halol qiling, kishi harom luqma esa, qirq kun duosi ijobat bo'lmaydi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, har bir imonli kishi tanovul qilayotgan luqmasiga qattiq e'tibor qilishi va uni faqat halol yo'l bilan topishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do'zaxning qaysi eshigidan kiritishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).
Shu bois, ilgari onalarimiz otalarimizni ishga kuzatayotib: “Biz bu dunyoning ochligiga sabr qila olamiz, lekin do'zaxning o'tiga sabr qilolmaymiz. Allohdan qo'rqing, rizqimizni haloldan toping”, deb eslatib turishardi.
Muhammad Ayyub domla Homidov
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar birgalikda, tinch va osoyishta sharoitda, yurtimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritib, butun jahonga namuna bo‘layotgani quvonarli. Bosh Qomusimizda ham mamlakatda yashayotgan barcha millat vakillari millati, tili, e’tiqodi, ijtimoiy xolatidan qat’iy nazar O‘zbekiston halqini tashkil qilishi, ularning huquq va manfaatlari, e’tiqod erkinligi ta’minlangani qayd etilgan. Jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uyg‘un yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Insoniyat tarixida kishilar orasidagi teng huquqlikning buzilishiga, o‘zaro ziddiyatlarga, kuchli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan omillardan biri turli din vakillarining boshqa dinga e’tiqod va amal qiluvchilarga diniy ayirmachilik kayfiyatida qarashi, o‘z diniga bo‘lgan tarafkashlik tuyg‘usi, mutaassibligidir.
Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbasi bo‘lgan Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Sizlar uchun dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani shariat qilib: “Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmanglar!”, – dedik”.
Mana shunday ma’nodagi oyatlar dunyo dinlari tarixini mukamal o‘rganish, o‘zaro hamkorlik qilish, bag‘rikenglik tamoyillariga asoslanib faoliyat olib borishga zamin yaratadi. Musulmonlarda boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik va g‘araz, adovat, nafrat emas, hurmat va bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik, inoqlik va boshqa ezgu amallar qaror topdi.
Mantiqan olib qaraganda, turli din vakillarining bir jamiyat, bir hudud, bir muassasa a’zolari bo‘lib jamlanishlariga tabiiy hol, deb qarash kerak. Agar ilohiy ko‘rsatmalarni inobatga olmasdan hamda dinning mohiyatini to‘g‘ri tushunmasdan bu borada turli tafriqachilikka yo‘l qo‘yilsa, jamiyat fuqarolari orasida parokandalik yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilgan paytlarida u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaatlari uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib kelganlar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular tomonidan berilgan hadyalarni qabul qilardilar. U zotning boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari bir necha hadislarda zikr etiladi. Bu esa diniy bag‘rikenglikka yorqin misol bo‘ladi.
Bir necha hadislarida ham inson qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar, avvalo, uni insoniylik nuqtayi nazaridan hurmat qilish lozimligi ta’kidlanadi. Jumladan: Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladi: “Sahl ibn Nanif va Qays ibn Sa’d Qodisiyada o‘tirishgan edi, yonlaridan bir mayyitning tobutini ko‘tarib o‘tdilar. Shunda ikkovlari o‘rinlaridan turishdi. Buni ko‘rganlar ulardan: “Bu mayyit zimmiylardan-ku?!”–deyishdi. Shunda ular bunday deb javob qildilar: “Bir kuni Rasulullohning yonlaridan bir mayyitning tobutini ko‘tarib o‘tib qoldilar. Shunda u zot o‘rinlaridan turdilar. Keyin uning yahudiy ekanini aytishdi. Rasululloh: “U ruh emasmi?!” – dedilar”.
Islomning bosh manbalarida ta’kidlangan hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan qanday amal qilinishi ifoda etilgan ko‘rsatmalar bugungi kunimizga qadar davom etib kelmoqda. Jamiyatimizda turli konfetsiya vakillarning tinch-totuv hayot kechirishi, dinlar orasida hamjihatlik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlovchi do‘stona muloqotlar qilinishi qadimiy an’analarimizning doimiy barqarorligiga dalolat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, dinlar tarixini o‘rganishda bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik tamoyillarining hayotimizdagi ahamiyati uning tutgan o‘rni juda muhim.
Isomiddin AHROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi