— Tahorat ustiga tahorat olsa, 10 ta savob yoziladimi?
— Tahorati yo'q kishi namoz o'qishdan oldin tahorat olishi farz. Agar tahorati bo'lsa, tahoratini yangilashi mustahabdir.
Abu G'utayf al-Huzaliy rivoyat qiladi: “Men Abdulloh ibn Umarning oldida edim. Peshinga azon aytilganda, tahorat qilib namoz o'qidi. Asrga azon aytilganda ham tahorat qildi. Men undan buning sababini so'raganimda, u: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, Alloh unga o'nta hasana (savob, yaxshilik) yozadi”, deganlar”, deb javob berdi” (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).
Kimning tahorati bo'la turib, yana tahorat qilsa, Alloh taolo unga o'nta yaxshilik yozadi. Buni ulamolar turlicha talqin qilishgan. Ba'zilar: “Unga o'n marta tahorat qilganlik savobi yoziladi”, desa, boshqalar bu ishni qilganlarga o'nta savob yozilishini aytishgan. Nima bo'lganda ham, tahorat ustiga tahorat qilish bilan banda maqomi ko'tarilishi va ajr-savobi ko'payishi shubhasiz.
Muhammad Ayyub domla Homidov
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD