Oylarning sultoni bo'lmish Ramazon – Allohning rahmati va barakoti, fazilat va go'zalliklarni o'z ichiga jo aylagan, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda yuraklar yumshab, g'uborlar ketadigan, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitiladigan damlardir. Muborak oy yakuniga etib, Iyd al-fitr eshik qoqib turgan ekan, ushbu muborak kunda ota-onalarimiz, qarindosh-urug'larimiz, yoru birodarlarimizni ziyorat qilish, bemorlar va ko'ngli yarim kishilar holidan xabar olish, ularga moddiy va ruhiy tasalli berish ko'p savobli amallardandir.
Muqaddas oyati karimada ta'kidlanganidek, “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”. Biz savobli ishlarni qancha ko'p qilsak, mehr-oqibat ko'rsatsak, Yaratgan ham bizdan rozi bo'ladi, turli balo-ofatlardan, yomonliklardan asraydi, yo'limizni ochib beradi. Shunday ekan, ushbu muqaddas damlarning qadriga etib, qilgan amallarimiz faqatgina yaxshilikdan iborat bo'lsin.
Ramazon oyi oxirlar ekan, muhaddislarimiz rivoyat qilgan bir hadisi sharifni eslab, qalblarimiz shodlik va umidga to'ladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro'zadorlarning gunohlari kechiriladi”, dedilar. Ular: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?”, deb so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo'q, lekin ishchi ishini ado etganidan so'ng ajri – haqi to'la qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Ramazon xayru saxovat oyidir. Oliyhimmat kishilarimiz bu oyda xayr-ehson amallarini yanada ko'paytirishdi. Mo'min-musulmonlar bir-birlariga ko'mak berdilar, muhtojlarga yordam qo'lini uzatdilar. Ushbu xayrli ishlardan imom-xatiblarimiz ham chetda turmadilar. Bu yilgi Ramazonda Samarqand viloyatidagi imom-xatiblar saxovatpesha insonlar bilan hamkorlikda bir necha minglab ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi xayriyalarni etkazishdi.
Mazkur xayriya davomida umumiy hisobda 1100 ta kam ta'minlangan oila, 849 nafar nogironligi bor, 659 ta etim bolalarga jami 157 million 300 ming so'mdan ortiq moddiy yordam ko'rsatildi. Shuningdek, nogironligi bor 2 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari ehson qilindi.
Hayit bayramlari barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mo'minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne'matlari uchun, shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, hayit namozlarini ado etadilar.
Hayit bayrami kunlari – ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Bu – dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug' kunlar hisoblanadi. Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg'alar ulashiladigan bo'lsa o'zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo'ladi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga xususan muhtojlarga xursandchilik ulashishga harakat qilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.
Hayit bayrami jamiyat a'zolari orasidagi gina-adovatlar va turli ko'ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o'rtasida mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari ezgu amallar sanasidir. Shunday ekan, bu muborak kunda bir-birimizni samimiy muborakbod etaylik. Birinchi navbatda, bizlarning dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug'larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni yo'qlaylik, ularning haqlariga duo qilaylik. Ayrim sabablar bilan o'zaro arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo'ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.
Yana shuni yodda tutmog'imiz lozim bo'ladiki, hayit – bayram, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O'tganlarni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta'sir qilmasligi lozim.
Allohning rahmati va barakoti yog'ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilamizki, parvardigor, Ramazon haytini barcha mo'min-musulmonlar qatori bizlarga ham xayrli va barokatli qilsin. Jumla ahli iymon kabi xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O'zining panohida asrasin.
Duolarmiz mustajob, murodlarimiz hosil va Ramazon hayiti barchamizga muborak bo'lsin!
Zayniddin EShONQULOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi
O'zA
Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA