Mazhabboshimiz taqvo borasida barcha musulmonlarga o'rnak bo'la oladigan hayot kechirganlar. Imomimiz tijorat bilan shug'ullanar edilar. U kishining tijoratdagi halolliklari tarixda doston bo'lib qolgan. Bu haqda zamondoshlari – do'stlari ham, dushmanlari ham yozib qoldirganlar.
Imomi A'zam bir tojir sheriklari bilan boshqa yurtga mol yuboribdilar. Mol ikki xil navli bo'lib, biri sifatli, ikkinchi xili sifatsizroq ekan. Imomimiz sheriklariga molni ikki xil narxda, yaxshisini qimmatroq, yomonini arzonroq sotasan, deb tayinlabdilar. Lekin mol etkazilgan yurtda shu narsa taqchil bo'lganligidan, molning hammasi bir xil – qimmat narxda sotilib ketibdi. U kishi 30 ming kumush tangalik savdo qilib Kufaga qaytibdi.
Shunda imomi A'zam sheriklaridan: “Ikki xil navli molni ikki xil narxda sotdingmi?” deb so'rabdilar. U kishi yo'q, odamlar o'sha qimmat narxga ham rozi bo'lib sotib olaverdilar, deb javob beribdi. Shunda imomning dili og'rib, o'sha 30 ming tanga Alloh yo'lida sadaqa bo'lsin, debdilar. “Lekin men bu sadaqadan savob umid qilishga Allohdan hayo qilaman, odamlarni aldab savdo qilibsiz, shuning uchun endi oramizdagi sherikchilik ham bitdi”, deb 15 yillik sheriklaridan ham voz kechgan ekanlar.
Birovning haqqidan qo'rqish, ya'ni Allohdan qo'rqish imomi A'zam rahmatullohi alayhda shu daraja quvvatli ekan.
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.