Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

BIRDAMLIK VA E_''TIROFNING YaNGI SAHIFASI

29.04.2022   1842   9 min.
BIRDAMLIK VA E_''TIROFNING YaNGI SAHIFASI

HALQARO HAMKORLIK

So'nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o'zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli O'zbekistonning do'stlari, xayrixohlari xalqaro maydonda tobora ko'payib bormoqda. Qo'shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog'lom siyosiy va teng sheriklik asosidagi iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yildi. Halqaro hamkorlikning yangi yo'nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Turkiy Davlatlar Tashkiloti ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biriga aylanmoqda.

Ta'kidlash joizki, turkiy xalqlar o'rtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va o'xshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yo'lga qo'yilib, o'zaro bordi­keldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham izohlanadi. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan bo'lsa-­da, ammo mustaqillik yillariga kelib qon­qardoshlik tuyg'usi yana eski tarixiy o'zanini topib, turkiy mamlakatlarda milliy o'zlikni anglashga e'tibor kuchaydi, ko'p asrli an'analar, azaliy qadriyatlar tiklandi, o'zaro aloqalar faollashib, har tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda.

Joriy yil 14­17 aprel' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasining Istanbul shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig'ilishida ishtirok etgani ham mazkur hamkorlikning ijobiy samarasidir.

«Ayo Sofiya» majmuasiga tashrif

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, delegatsiyaning Turkiyaga safari samarali kechdi. Tashrif muftiy N.Holiqnazarov va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari tomonidan Istanbul shahridagi qadimiy «Ayo Sofiya» masjidida juma namozini ado etish bilan boshlandi. Unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an ham ishtirok etdi va mehmon bo'lib turgan Turkiy davlatlarning din peshvolari bilan muloqot qilib, ularni Turkiya zaminida ko'rib turganidan mamnun ekanini izhor qildi.

Juma namozidan so'ng Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokida «Ayo Sofiya Fotih» madrasasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda so'zga chiqqan Rejep Tayyip Erdog'an madrasa tarixi haqida so'zlar ekan, unda dars bergan ajdodimiz Ali Qushchi hazratlarining xizmatlarini alohida e'tirof etdi hamda yig'inda uning merosxo'rlari – O'zbekiston vakillari borligiga alohida ahamiyat qaratdi.

– Shonli tariximizni bugungi kunga va kelajak avlodlarga etkazish, insoniyatga tanitish niyatida juda muhim bir qadam tashladik,– dedi Prezident R.Erdog'an. – Bugun «Ayo Sofiya Fotih» madrasasi timsolida tarix sahifalaridan o'chib ketayozgan bir obidamizni qayta tikladik. U 86 yildan so'ng yana qayta ish boshladi. Qadrli do'stlar, bu er Istanbulning fathi sirasida, «Ayo Sofiya»ning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi sifatida ishga tushirilgan edi. Birinchi mudarrisi Mulla Husrav bo'lgan bu dargohda movarounnahrlik Ali Qushchi ham tolibi ilmlarga dars bergan.

So'ng Prezident va Turkiy davlatlarning din peshvolari madrasaning ramziy lentasini qirqib berishdi. Marosimda ishtirokchilar madrasa binosi va faoliyati bilan tanishdi. Madrasa ikki qavatli bo'lib, 34 ta xona, 7 ta amaliyot va ilmiy markazlar hamda 30 ta bo'limdan iborat.

Diniy-ma'rifiy islohotlar bayoni va muhim takliflar

Shu kunning ikkinchi yarmida “Umumjahon pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz va raqamli dunyoda Turkiy-­Islom olamining ertasi va diniy tashkilotlar” mavzusida Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag'dod Amreev hamda Turkiya, O'zbekiston, Ozarbayjon, Qozog'iston muftiylari va Qirg'iziston Din ishlari bo'yicha davlat komissiyasi vakili, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti mutaxassislari, ulamolar, davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig'ilishni Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash kirish so'zi bilan ochib, bugun turkiy xalqlar turli muammolarga duch kelayotgan bir paytda islom ulamolarining hamjihatligi va musulmon ummatining birligini ta'minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, shu ma'noda, ushbu tarixiy yig'ilishning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini qayd etdi.

Anjumanda so'zga chiqqan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari va turli muammolar tashkilotga a'zo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qo'yayotganini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag'dod Amreev Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi Navro'zbay Tag'anuli o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

Anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Holiqnazarov bugun musulmon olami oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan qarashlarini bildirdi. O'z fikrini mo'min-­musulmonlar ittifoqligi bugun har qachongidan ham muhim ekanini ilohiy manbalar va hayotiy misollar orqali izohladi. O'z navbatida, mana shunday murakkab zamonda O'zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan diniy-ma'rifiy islohotlarni bayon qildi. Bunday olamshumul ishlar nufuzli tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olindi. 

Turkiy davlatlar tashkiloti direktori o'rinbosari Mirvohid Azizov joriy yil noyabr' oyida tashkilotga raislik qilish O'zbekistonga o'tishi nuqtai nazaridan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini ta'kidladi.

Yig'ilish doirasida N.Holiqnazarov Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag'dod Amreev bilan uchrashib, o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, kelgusida amalga oshirishi lozim bo'lgan vazifalar va mo'min-musulmonlar birdamligini yanada mustahkamlash bo'yicha fikr almashdilar.

B.Amreev O'zbekistonga tashrifi chog'ida ulkan o'zgarishlarga bevosita guvoh bo'lgani, diniy­ma'rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy yo'nalishlarda olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq ekanini ta'kidladi.

«Abu Ayyub Ansoriy» masjidida mav'iza

Yig'ilishdan keyin din peshvolari va ishtirokchilar Istanbul shahri markazida joylashgan «Ayyub Sulton» majmuasiga tashrif buyurdi.

Dastlab anjuman ishtirokchilari mazkur majmuada joylashgan Abu Ayyub Ansoriy maqbarasi ziyoratida Qur'on tilovat qilib, duoga qo'l ochdi. Majmuada o'qilgan shom namoziga O'zbekiston vakili muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov barcha muftiylar va mehmonlarga imomlik qildi.

Iftorlikdan so'ng Turkiy davlatlarning din peshvolari xufton va tarovih namozlarini ado etish uchun «Abu Ayyub Ansoriy» masjidiga takror tashrif buyurishdi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash xufton va tarovih namozlarini o'qib berdi. Shundan so'ng ushbu muhtasham va tabarruk masjidda yig'ilgan o'n minglab namozxonlarga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Ramazon oyi fazilatlari haqida mav'iza qildi.

Shukuhli, duolar ijobat bo'ladigan fursatlarda din peshvolari namozlarida yurtimiz haqiga duolar qilib, musulmonlarning birdamligi yanada mustahkam bo'lishini Alloh taolodan so'radilar.

Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan

Tashrifning ikkinchi kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasida hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, ayniqsa, diniy-­ma'rifiy jabhadagi aloqalar izchil rivojlanib, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani, bunday dadil odimlash ikki davlat rahbarining oqilona siyosati tufayli yangi bosqichga ko'tarilgani alohida e'tirof etildi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, ilmiy­ma'rifiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ulamolar merosini tadqiq etish bo'yicha fikr almashib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Umuman, muftiy N.Holiqnazarov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasining Turkiya safari yig'ilish ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi hamda O'zbekiston maqomiga mos va xos ehtirom ko'rsatildi.

Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan. Ilm tufayli ikki ilmiy Renessansni dunyoga taqdim etgan. Hozirda uchinchi Renessansga poydevor qo'yayotgan yangi O'zbekiston ayni ilmiy taraqqiyoti, hayotiy islohotlari bilan dunyoga bo'y cho'zmoqda. Aytish mumkinki, mazkur anjuman yurtimizning xalqaro maydondagi e'tirofida yana bir yangi sahifa bo'ldi.

Nodir MAHMUDOV,
«Yangi O'zbekiston» muxbiri
Manba: «Yangi O'zbekiston» gazetasi 2022 yil 27 aprel', 83-son
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   2799   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari