Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

G'animat kecha

26.04.2022   10805   4 min.
G'animat kecha

Tavsiya

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Qadr kechasida imon-e'tiqod bilan Alloh taolo roziligi uchun toat-ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Muborak kechaga etib, unda beriladigan mukofotlardan bahramand bo'lish har bir musulmonning orzusi. Shunday ekan, bu fazilatli tunni qanday o'tkazamiz? Avvalo, kechani tetik holatda o'tkazish uchun peshindan so'ng biroz mizg'ib oling, iftorda ham engil taomlaning. Qadr kechasini manfaatli o'tkazish uchun quyidagi tavsiyalarga diqqat qiling.

Istig'for ayting. Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: Farishtalar shu kecha erdagi turli-tuman toat-ibodatlarni ko'radi va gunohkor bandalarlarning mag'firat so'rab, yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitadi hamda bir-biriga: «Kelinglar, Rabbimizga bizning tasbehlarimizdan ko'ra sevimli bo'lgan ovozlarni eshitamiz», deb erga tushadilar”. Demak, shu kungacha qilgan gunohlaringiz uchun chin dildan tavba qilib, hidoyat so'rab duo qiling.

Qur'on o'qing. Allohning kalomini o'qish, tinglash, o'rganish va unga amal qilish zaruriy ishdir. Kalomulloh ayni shu kechada ummatga nozil bo'ldi. “Albatta, Biz uni (Qur'onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr surasi, 1-oyat).

Qurbingiz etganicha Qur'on o'qib, tadabbur qiling. Oyatlar borasida fikr yuritib, Alloh taolo ularda iroda etgan mazmunlarni anglashga va fahmlashga harakat qiling.

Namoz o'qing. Savobi ulug' tundan unumli foydalanib, nafl namozlarini o'qib olishga harakat qiling. Muhimi, namozning adadi emas, balki chin ixlos bilan o'qilganidir.

Salavot ayting. Qadr kechasida Payg'ambarimiz alayhissalomga salavot aytish bilan bandaning gunohlari o'chiriladi, darajasi ko'tarilib, duolari ijobat bo'ladi. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi'aning otasi bunday degan: «Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning “Kim menga salavot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salavoti barobarida salavot aytib turadilar. Banda salavotni xohlasa, oz aytsin, xohlasa, ko'p”, deganlarini eshitdim».

Duo qiling. Qadr kechasida qilingan duolar ijobat bo'ladi. Payg'ambarimiz alayhissalom bu kunda maxsus duoni o'qishni tavsiya qilganlar. Oysha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam, nima deb duo qilay?” deb so'radilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu duoni o'qishni aytdilar: “Allohumma, innaka a'fuvvun, kariymun, tuhibbul a'fva, fa'fu a'nniy” (“Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Gunohlarimni kechirgin”) (Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, o'zingiz va zurriyotlaringizning ikki dunyo saodatiga erishishi, Alloh taoloning sevimli bandalari qatorida bo'lishni so'rab ixlos bilan duo qiling.

O'zingizni isloh eting. Hato, kamchiliklaringizni bartaraf qilish yo'llarini o'ylang. Hulqingiz va nafsingizni taftish etib, ijobiy tomonga o'zgartirishni maqsad qiling.

Alloh taolo ushbu oyda tutayotgan ro'zalarimiz, o'qiyotgan taroveh namozlarimiz, qilayotgan iftorliklarimiz, sadaqotu ehsonlarimizni O'z dargohida qabul etib, Qadr kechasining savoblaridan bahramand bo'lishni barchamizga nasib aylasin.

 

Robiya TOHIROVAtayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“National Geographic” jurnali: O‘zbekiston Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm bilan uyg‘unlashtirmoqda

17.09.2026   3022   1 min.
“National Geographic” jurnali: O‘zbekiston Ipak yo‘li merosini zamonaviy turizm bilan uyg‘unlashtirmoqda

Amerikaning nufuzli  “National Geographic” jurnalining elektron va bosma shakllarida Buyuk Ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Material muallifi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva haqida hikoya qilib, ularni qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlari va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari sifatida talqin etgan.

Maqolada O‘zbekistondagi turizm rivoji, xorijlik sayyohlar sonining ortishi, yangi obyektlar qurilishi hamda shaharlar o‘rtasida tezyurar temiryo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Toshkentning Chorsu bozori Ipak yo‘li savdo an’analari bugungacha saqlanib qolgan maskan, Samarqand esa Registon maydoni va qadimiy Ulug‘bek rasadxonasi bilan ilm-fan hamda islom madaniyatining tarixiy markazi sifatida ta’riflanadi.

Nashrda Buxoro faol turistik o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirayotgan shahar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Xiva o‘tmish ruhiyati ayniqsa kuchli seziladigan joy deya ta’kidlangan.

Shuningdek, Ipak yo‘li me’morchiligi uslubida barpo etilayotgan yangi sayyohlik loyihalariga e’tibor qaratilib, tarixiy muhitni asrab qolish yuzasidan bo‘layotgan bahs-munozaralar ham tilga olingan.

Umuman olganda, materialda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini asragan holda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirib, dunyoga qayta yuz ochayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari