Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi imom domlalarning diniy e'tiqod mavzusida bildirgan fikrlari turli muhokamalarni keltirib chiqardi.
Ta'kidlash joizki, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O'zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etishni O'zbekiston musulmonlari idorasi doimo qo'llab-quvvatlaydi. Ayni vaqtda diniy soha xodimlari ham o'rnatilgan qonun-qoidalarga so'zsiz amal qilib keladilar va shunday bo'lib qoladi.
Avval ma'lum qilinganidek, O'zbekiston musulmonlari idorasi ichki me'yoriy hujjatlari va buyruqlarida diniy soha xodimlariga jamoat oldida, ommaviy axborot vositalarida salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo'luvchi chiqishlar qilmaslik talabi qat'iy belgilangan.
Zero, mehrob muqaddas joy bo'lib, bu erda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi.
Shu munosabat bilan bugun O'zbekiston musulmonlari idorasining Odob-axloq komissiyasi chaqirilib, so'nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'layotgan masalalar ko'rib chiqildi. Yig'ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va'z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma'rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to'g'ri va mukammal ado etish bo'yicha mo'min-musulmonlarga yo'l-yo'riq ko'rsatish haqida tushuntirish berildi.
Shuningdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha masjid xodimlari el-yurt manfaati va farovonligi yo'lida muqaddas dinimiz buyurgan amri ma'ruf va nahyi munkarda, jumladan, jamiyatda uchrab turadigan ayrim ijtimoiy illatlarga qarshi ma'rifiy targ'ibot olib borishda bardavom ekanini ma'lum qiladi hamda ushbu yo'nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlari mavjudligini ta'kidlaydi.
Buning yorqin dalili sifatida shu kunlarda taniqli ulamolarimiz Toshkent shahridagi masjidlar va boshqa turli tashkilotlarda amalga oshirayotgan ma'rifiy-tarbiyaviy suhbatlarni misol keltirish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma'ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g'arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so'raydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati