Buyuk o'zbek shoiri va mutafakkiri Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning ijodiyoti va ijtimoiy faoliyati insoniyat va ma'naviyatga, el-yurtga xizmat qilishning betakror namunasidir. U o'zining butun hayotini insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligi va farovonligini ta'minlashga, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san'at va adabiyot taraqqiyotiga bag'ishlagan, shu bois «Yuksak ma'naviyat — engilmas kuch» asaridagi «Ma'naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlar» nomli bo'limda bu ulug' dahoga alohida o'rin ajratilgani ham bejiz emas, albatta. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida ma'rifatparvar, ma'naviyat va madaniyatning haqiqiy namoyandasi sifatida ulug'langan buyuk shaxsdir. Tarixda buyuk insonlar ko'p o'tgan. Ammo Alisher Navoiydek so'zni inson qalbining hikmat va donishmandlik chirog'iga aylantira olganlari juda sanoqli. Navoiyning har bir misra va bayotini o'qib, olam-olam ma'no olamiz, uning beqiyos zakovatidan hayratga tushamiz.
Shuning uchun Mavlono Lutfiy Alisher Navoiyning hali bolaligidayoq bitgan:
Orazin yopqoch ko'zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo'ylakim, paydo bo'lur yulduz, nihon bo'lgach quyosh
misralarini eshitib, “Agar mumkin bo'lsa erdi, o'zimning forsi-yu turkiyda bitgan o'n ikki ming misra g'azallarimni shu ikki misraga almashar edim”, deb lutf qilgan edilar.
Lutfiyning ushbu e'tirofi Navoiy tafakkuri tengsiz ummon ekanini anglatadi. Ummonga esa inson tafakkurini bo'yi etmaydi. So'z mulkining sultoni, shoirlar peshvosi – Alisher Navoiy bobomizning ijodlarini o'rganish, undagi axloqiy – ma'rifiy qarashlar bilan yosh avlodni muntazzam tanishtirib borish zarur. Birinchi Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytganda, «Agar bu ulug' zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir». Navoiy asarlarining mangulikka daxldor va umrboqiy bo'lishining sabablaridan biri shundaki, u o'z asarlarida «barcha maxluqotlarning toji» bo'lgan insonni kuyladi, uning quvonchlariyu tashvishlarini, muammolariyu orzu-umidlarini tarannum etdi. Inson qalbining quvonchu qayg'usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg'usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga, avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi.
Navoiy asarlari yosh avlodning ma'naviy kamol topishida beqiyos katta ahamiyatga ega. Uning asarlarida ota-ona, ustoz, yoshi ulug'larni hurmat qilish ilm-ma'rifatni egallash, yaxshi axloq egasi bo'lish, yomonlik va yomonlardan uzoq bo'lish singari masalalar qalamga olinganki, bular, shubhasiz, barcha zamonlar uchun birday orzu bo'lib kelgan komil inson g'oyasi bilan chambarchas bog'likdir. Birinchi Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytganda, «Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko'p bahramand etsak, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma'rifiy qurolga ega bo'lamiz».
Alisher Navoiy o'z hayotida ijodiy faoliyat bilan birga, davlat ishlarini ham olib borgan siyosiy arbobdir. U jamiyatda farovonlik va me'morchilikka juda katta e'tibor qaratib, davlat tomonidan 16 ko'prik, 20 ga yaqin suv saqlash inshooti, 52 rabot va ko'pgina madrasa, masjid, xonaqoh va hammomlar bino qurdirganini tarixchi Hondamir o'z asarida keltirgan.
O'tmish ajdodlarimizning, xususan, Mir Alisher Navoiy hazratlarining bizga qoldirgan boy adabiy va ma'naviy merosi odamlarning, ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlodning ma'nan va ruhan barkamol bo'lib tarbiya topishlarida muhim o'rin tutadi.
Alisher Navoiy butun hayoti va foliyatini insonning baxt-saodati, xalqining farovonligiga bag'ishladi. Navoiy dinu diyonatni mahkam ushlagan, bu yo'ldan aslo adashmagan ulug' siymo edi. U iymon, insof, diyonat, saxovat, muruvvat kabi insoniy qadriyatlariga hamisha amal qilib yashadi va e'zozladi. Boshqalarni ham shunga da'vat qildi.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman «Imom Sulton» jome masjidi
imom xatibi
Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namanganga safarlari davomida viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Muftiy hazratlari vakillik xodimlari va hududdagi diniy soha vakillarini yangi bino bilan muborakbod etib, bunday zamonaviy sharoitlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar Prezidentimizning sohaga qaratayotgan alohida e’tibori natijasi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, Shayx hazratlari bugun imom-xatiblar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, vakilliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani, 100 nafar Prezident hojisi muborak safarga yuborilganini alohida e’tirof etdilar. So‘ng ushbu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetib, yanada fidokorlik bilan mehnat qilish zarurligini uqtirdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov vakillik ahlini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan bunday muhtasham sharoitlar Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ezgu islohotlarning uzviy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Diniy idoraning Namangan viloyat vakilligi yangi binosini barpo etishda alohida jonbozlik va fidokorlik ko‘rsatgan mutasaddilar tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan viloyat vakilligiga avtomashina sovg‘a qilindi. Ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan mutasaddilar hamda homiylar haqiga duo qilindi.
Safar asnosida Muftiy hazratlari va mehmonlar vakillik xodimlarining munosib faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va qulayliklarni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati