1. Takbiri tahrima aytish vaqtida qo'l ko'tarish sunnat. Erkaklar qulog'ining yumshog'igacha, ayollar esa elka barobarigacha ko'taradilar.
Tabaroniyning mo''jam al-kabir kitobida Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkak qo'lini qulog'igacha, ayol esa ko'kragigacha ko'taradi, dedilar. Bu hadisning rivoyatida Ummu Yahyo binti Abduljabbor majhul bo'lib, qolgan barcha roviylar ishonchlidir. Shuning uchun bu rivoyat zaif bo'lsada kuchaytirish sifatida olsa bo'ladi.
2. Qo'l bog'lashda erkaklar o'ng qo'lini chap qo'lini ustiga qo'yib, bosh va jimjiloq barmog'ini halqa qilib, kindigi ostiga qo'yadilar. Ayol esa o'ng qo'lini chap qo'li ustiga qo'yib, halqa qilmasdan ko'kragi ustiga qo'yadi.
3. Erkak ruku'da to'laligicha egiladi va boshi, beli va orqa qismi tekis bo'ladi. Ikki qo'li bilan ikki tizzasini ushlaydi. Barmoqlarining orasi ochiq bo'ladi. Bilagini biqinidan alohida qiladi. Tizzasini bukmaydi.
Ayol esa biroz egiladi. Tizzasini ushlamasdan faqat uning ustiga qo'lini qo'yadi. Barmoqlarini orasini ochmaydi. Bilaklarini biqiniga yopishtiradi. Tizzasini biroz bukadi. Shu holatda ayol satrlik bo'ladi.
4. Erkak sajdada hamma a'zolarini alohida qilib, qo'lini qo'ltig'idan yoki biqinidan, ikki sonini qornidan alohida qiladi. Orqa qismini yuqori qiladi. Bilaklarini erga to'shamaydi.
Ayol esa hamma a'zolarini yig'ib qo'lini biqiniga, sonini qorniga yopishtiradi. Orqasini yuqori qilmaydi. Imkon qadar o'zini past qiladi. Ikki qo'lini erga to'shaydi. Ikki oyog'ini o'ng tarafiga qilib, oyoqlarini tikka qilmaydi.
5. Erkaklar qa'dada chap oyoqlarini to'shab, uning ustiga o'tiradilar. O'ng oyoqlarini yonga chiqarib, panjalarini qibla tarafga qilib, qo'llarini tizzasiga yaqin qilib, o'z holicha tashlab qo'yadi. Ayol esa ikki oyog'ini o'ng tarafiga chiqarib, dumbasi bilan erga o'tiradi. Barmoqlarini jamlab oladi.
6. Ayol kishiga yolg'iz qolganda yoki mahramlari yonida to'liq badanini berkitishi shart emas. Namozda esa yuz, ikki kaft va ikki qadamidan tashqari barcha a'zolarini berkitgan holatda bo'lishi farzdir.
7. Takbiri tahrima aytish vaqtida erkak qo'lini engining ostidan chiqarib oladi. Ayol esa kaftlarini engini ostidan chiqarmaydi. Erkak jamoat bilan o'qiganda jahriy namozlarda jahriy, mahfiy namozlarda mahfiy qiroat qiladi. O'zi yolg'iz o'qiganida unga ixtiyor berilgan. Hohlasa baland ovozda o'qiydi xohlasa past. Ayol esa hamma namozlarda ohista qiroat qiladi.
8. Erkakga bomdod namozini tongni yorishtirib o'qishi mustahab. Ayol kishiga esa g'ira-shirada o'qishi mustahabdir.
9. Zarurat vaqtida erkaklar “Subhonalloh”, deydi. Ayol tasfiq qiladi.
10. Ayollar yolg'iz o'zlari jamoat qilmaydilar. Masjidga ham bormaydilar. Haj va umrada esa namozlarini masjidda o'qiydilar.
Abdulloh ibn Mas'ud bir bora ayollarning masjiddan chiqib ketayotganlarini ko'rib, uylaringizga ketinglar. Sizlar uchun uylaringiz afzaldir”, dedilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. U onamiz: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollardagi hozirgi holatni ko'rganlarida Baniy Isroil ayollari masjiddan man qilinganidek bularni ham masjiddan man qilgan bo'lardilar”, dedilar.
11. Ayol kishi imom bo'lmaydi. Alloma ibn Hazm Zohiriy “Marotibul ijmo'”, kitobida “ayol erkaklarga imom bo'lmasligiga ittifoq qilganlar. Agar iqtido qilsalar ijmo'da ularning namozlari fosiddir. Ayol ayollarga imom bo'lib bersa masalan erkaklar yo'q bo'lgan o'rinda janoza namozini o'qish to'g'ri kelib qolsa ulardan oldinga chiqib olmaydi.
12. Ayol kishiga azon va iqomat aytish yo'qdir.
13. Ayol kishiga juma vojib emas.
Abu Dovud rohmatullohi alayh Toriq ibn Shihobdan rivoyat qilib aytdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam juma namozi to'rt kishi qul, ayol, go'dak va kasaldan tashqari hamma musulmonlar zimmasiga vojibdir, dedilar.
Ibn Hajar Asqaloniy Talxiysul xobiyr kitobida bu hadisni juda ko'p kishilar sahih deganlar, dedi.
Sahobiya ayollarning ham ba'zilarigina jumaga hozir bo'lishar edi. Sahobiyalarning amallaridan ayollarga juma vojib emasligi ma'lum bo'ladi. Boshqa uchala imomlar nazdida ham shundaydir.
14. Ayol kishiga hayit namozi vojib emas.
15. Erkak safning ortida yolg'iz turishi makruhdir. Ayol kishi esa yolg'iz holda turaveradi.
Hadisda keltirilishicha, ayol kishi yolg'iz o'zi bir safdir, deyilgan.
Shu o'rinda ba'zi bir kishilar tomonidan Buxoriydagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Meni namoz o'qiganimni ko'rganingizdek namoz o'qinglar”, degan hadislaridan erkak kishi bilan ayolning namozi o'rtasida farq yo'q. Chunki bu xitob butun ummatga taalluqlidir, degan shubha o'rtaga tashlanadi.
To'rt mazhab sohiblari va ularning shogirdlari ham shu hadisni o'qiganlar. Ko'p o'rinlarda bu hadisni ba'zi hukmlarga hujjat ham keltirganlar. Lekin ayol bilan erkak namozi o'rtasida farq borligini aytganlar. Bu hadisdan “Men sizlarga qanday namoz o'qishni ta'lim bergan bo'lsam shunday o'qinglar”, degan ma'noni tushunganlar.
Ta'limotlarining orasida ayol kishi yuqorida keltirib o'tganimizdek sajdani qimtingan holda qilishi, ikki oyog'ini o'ng tomonga chiqarib, dumbasi bilan erga o'tirishi va yana bir qancha farqli hukmlar bordir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
وَقَالَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: كَانَ مِنْ دُعَاءِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ زَوَالِ نِعْمَتِكَ، وَتَحَوُّلِ عَافِيَتِكَ، وَفُجَاءَةِ نِقْمَتِكَ، وَجَمِيعِ سَخَطِكَ. رَوَاهُمَا مُسلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.
Ibn Umar roziyallohu anhumo dedi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarida «Allohim! Albatta, men Sendan ne’matingning zavol bo‘lishidan, ofiyatingning burilishidan, to‘satdan keladigan ofatingdan va barcha g‘azabingdan panoh tilayman» bor edi».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda to‘rt narsadan panoh so‘ralmoqda:
1. Ne’matning zavolidan.
Alloh taolo O‘zi bergan ne’matni O‘zi ketkazib qo‘yishi hech gap emas. Banda uchun unga berilgan ne’matning zavolga uchrashi katta baxtsizlik bo‘ladi.
Ne’matning zavoli ko‘proq unga shukr qilmaslik oqibatida sodir bo‘ladi. Ne’matning zavoli uning ozayishi, nuqsonga uchrashi, barakasining ketishi yoki butunlay yo‘q bo‘lishi bilan bo‘ladi.
Banda o‘ziga berilgan ne’mat uchun doimiy shukr qilish bilan birga, ushbu duoni ham qilib tursa, yaxshi bo‘ladi.
2. Ofiyatning burilishidan.
«Ofiyat» so‘zi salomatlik, eson-omonlik, bardamlik, yaxshi kayfiyat kabi ma’nolarni ifoda qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, ofiyat ham Alloh taoloning katta ne’matlaridan biri ekan. Uning bandadan boshqa tarafga o‘tishi uning uchun katta musibat bo‘lishi turgan gap.
Shuning uchun doimo Alloh taolodan ofiyatning boshqa tarafga burilib ketishidan panoh so‘rab turish lozim bo‘ladi.
3. To‘satdan keladigan ofatdan.
Bunday ofat to‘satdan kelgani uchun banda tavba ham qila olmay, baloni daf qilish uchun chora ham ko‘ra olmay qoladi. Butun dunyo birlashib, unga yordam bermoqchi bo‘lsa ham, zarracha yordam bera olmay qoladi.
Alloh taoloning O‘zi bu kabi uqubatlardan doimo asrasin.
4. Allohning barcha g‘azabidan.
Ya’ni Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ishlardan panoh so‘ralgan. Chunki Alloh taoloning har qanday g‘azabiga duchor bo‘lgan banda albatta halok bo‘ladi, noumid bo‘ladi va yutqazadi.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi