Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari, o'zbek diasporasi vakillari - Abdulaziz Marg'iloniy, Usoma Qo'qondiy va jurnalist Abdulaziz Qosim bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Suhbat chog'ida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijda yashayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlar, biznes yuritish borasida yaratilayotgan qulayliklar, respublikaning investitsiya, eksport va turizm sohalaridagi salohiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbirkor Abdulaziz Marg'iloniy O'zbekistonning tog'li hududlarida sayyohlik inshootlarni qurish loyihalari yuzasidan qiziqish bildirdi. Jumladan, u O'zbekistonga investitsiyalar kiritish maqsadida tashkil etilgan «Silk Valley» kompaniyasi Toshkent shahrida mehmonxona qurishni rejalashtirganini ma'lum qildi.
Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsuli hozirgi kunda O'zbekistonda investorlarga barcha zarur sharoitlar yaratilayotganini alohida ta'kidladi.
Uchrashuvda saudiyalik jurnalist Abdulaziz Qosim Bosh konsulxona ko'magida nashrga tayyorlangan «O'zbekiston – ulamolar yurti» nomli kitobining taqdimotini birgalikda o'tkazish taklifini bildirdi. Bundan tashqari, u O'zbekistonning tog' turizmi imkoniyatlariga bag'ishlangan alohida kitob yozishni taklif qildi.
Ushbu taklif mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir intihosida O'zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqish bildirayotgan Saudiya Arabistoni kompaniyalarining vakillari bilan investitsiyalar va eksport sohasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadidagi uchrashuvlarni muntazam ravishda o'tkazishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#Xayriya_karvoni
Bu yilgi muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin, ko‘plab xursandchiliklar olib kelayotgan mo‘tabar ayyomga aylanmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, "Vaqf" xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan xayriya tadbirlari davomida ramazon tuhfalaridan har yilgidan ko‘ra ko‘proq aholi qatlami bahramand bo‘lishyapti.
"Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi" shiori ostida tashkil etilayotgan tadbirlarda mas’ullar e’tiboridan nafaqat davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar, balki "mahalla yettiligi" tomonidan ehtiyojmand deb topilgan minglab oilalar ham chetda qolmayapti.
Muqaddas oyning o‘tgan to‘rt kuni davomida "Vaqf" xayriya jamaot fondi va uning hududlardagi filiallari tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamiga har jihatdan yordam berish borasida ko‘plab xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, fondning Andijon viloyati filiali tomonidan shu kungacha yolg‘iz keksalar, nogironligi bor, boquvchisi vafot etgan, ehtiyojmand deb topilgan 260 ta oilaga homiylarning oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Fondning Toshkent viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda 230 nafar aholining kam ta’minlangan qatlami uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
Fondning Buxoro va Samarqand viloyatlari filiallari tomonidan homiylar ko‘magida viloyatning chekka tumanlarida yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj va nogironligi bor oilalarga oziq ovqat va kiyim-kechaklar ehson qilindi.
Ana shunday xayriya tadbirlari fondning barcha filiallarida izchillikda o‘tkazilmoqda.
Vaqf.uz