Bugun, 22 yanvar' erta tongda “Umra – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketgani xaqida xabar bergan edik.
Allohga shukr, bugunning o'zida dastlabki ziyoratchilar Jidda shahriga etib borishdi. U erda bir muddat hordiq olgach, zamonaviy avtobuslarda Madina shahriga yo'l olishdi. Ziyoratchilarimiz Payg'ambar alayhissalom shahrida barcha shart-sharoitlarga ega bo'lgan mehmonxonaga joylashadilar. Endilikda Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazishga kirishishadi, insho Alloh.
Ikki yillik tanaffusdan so'ng boshlangan umra ziyorati barcha mo'min-musulmon vatandoshlarimizni behad shod etgani, shubhasiz. Ayniqsa, tabarruk zaminda bo'lib turgan umra ziyoratchilari xursandchiligining adog'i yo'q.
Ziyoratchilarimiz Alloh taologa O'zining muborak zaminiga etkazgani uchun hamdu sanolar aytishib, sog'inch ila kutilgan kunlarga etishgani uchun shukronalar qilishmoqda.
Alloh taolo umra ziyoratini boshlagan hamyurtlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin, muborak ziyoratni barcha mo'min-musulmonlarga nasib etsin!
Umra safari tafsilotlarini sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizda kuzatib boring.






























O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati